
Belbog‘li kurash. Namangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
Joriy yilning 8-11 sentyabr kunlari ilk bor Namangan shahridagi "Barkamol avlod " sport majmuasida milliy sport turimiz bo‘lgan belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun erkaklar va ayollar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Namangan viloyati hokimligi, Namangan viloyati prokuraturasi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi tashabbusi bilan ushbu Jahon chempionatida Gruziya, Belgiya, Eron, Rossiya, Pokiston, Xitoy, Italiya, Turkiya, Kamerun, Braziliya, Moldova Hindiston, Mo‘g‘uliston, Latviya, Estoniya, Qozog‘iston,Tojikiston kabi dunyoning qator davlatlaridan eng sara polvonlari ishtirok etadi.
Mazkur mundialda erkaklar belbog‘li kurash bo‘yicha 8 ta vazn toifasida kuch sinashsa, ayollar 5 ta vaznda bellashadi. Jahon chempionati dasturiga ko‘ra, 8 sentyabr kuni hakamlar seminari va OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etiladi. 9 sentyabr kuni esa belbog‘li kurash bo‘yicha g‘oliblar aniqlansa, 10 sentyabr kuni belbog‘li kurashning erkin yo‘nalishda bahslar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kattalar (erkaklar va ayollar) o‘rtasidagi Jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi ham o‘tkaziladi.
Ayni paytda musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan sport delegatsiyalari kutib olinmoqda.
Fikrlar