Benzema va Modrich jamoada qoladi, Kroos esa...
Karim Benzema va Luka Modrich "Real"da qoladi, Toni Kroos esa kelajagi borasida hali bir qarorga kelmagan. Bu futbolchilarning madridliklar bilan tuzgan shartnomalari 2023 yilning iyunigacha amal qiladi.
"The Athletic" nashri xabariga ko‘ra, "Real Madrid" rahbariyati Benzema va Modrichning kelasi mavsumda jamoada o‘ynashiga shubha qilishmaydi. Karim va Luka bilan muzokaralarda muammo bo‘lmasligi kutilmoqda.
"Qirollik klubi" Modrichni boshqa futbolchilarga o‘rnak deb hisoblaydi. Hozircha u bilan yangi shartnoma borasida muzokaraga kirishilmagan, ammo rahbariyat uning klubni tark etmasligiga to‘liq ishonmoqda. Xorvatiyalik yarim himoyachi yana bir mavsumni Madridda o‘tkazmoqchi.
Modrichga yaqinda Krishtianu Ronaldu harakat qiladigan "Al-Nassr" va MLS klublaridan takliflar tushgan. Yarim himoyachi yana bir necha yil o‘ynay olishiga ishonmoqda.
Toni Kroos atrofidagi vaziyat unchalik aniq emas. Germaniyalik yarim himoyachi mavsum oxirida faoliyatini yakunlashi mumkin. Futbolchiga yaqin manbalarning aytishicha, Toni fevral oyida bir qarorga keladi. Murabbiylar shtabi Kroosdan mamnun.
Fikrlar