
"Berlin" U-18 bosh murabbiyi: Boateng va Niko Kovachlar bizdan chiqqan
21 may kuni Andijonda katta futbol bayrami. Oldindan aytilganidek, shu kuni «Sog‘lom avlod» stadionida xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi va unda O‘zbekiston U-18 terma jamoasi bilan Germaniyaning «Berlin» U-18 jamoalari o‘zaro bahs olib boradilar. Muxlislarning esa ushbu uchrashuvga bo‘lgan qiziqishlari katta. Ikkala jamoa vakillari ham Andijonda juda iliq kutib olindi. Uchrashuvdan oldin esa ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. «Vella Elegant» mehmonxonasida uyushtirilgan matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Genri Renosh hamda jamoa sardori Laurenz Del ishtirok etishdi. «Berlin» U-18 jamoasi bosh murabbiyi esa o‘yin oldidan quyidagilarni aytdi:
- Avvalo bizni bu erda juda iliq kutib olishganidan xursandmiz. O‘zbekistonda bo‘lib turganimizdan juda ham mamnunmiz. Bu erning odamlari mehmondo‘st va samimiy ekan. Umid qilamanki, ertaga bo‘ladigan uchrashuv qiziqarli o‘tadi va muxlislarga yoqadi, - deydi Renosh.
- O‘zbekiston U-18 terma jamoasi haqida fikringiz qanday?
- Raqibni to‘liq o‘rgandik deya olmayman. Lekin O‘zbekiston Osiyo vakili hisoblanadi va osiyoliklarning o‘ziga xos o‘yin uslubi bor. Evropada esa boshqacha uslub o‘ynaladi. Shunday ekan, ertaga bizni qiziqarli raqib bilan to‘qnash kutib turibdi.
- Andijonda ilk bor bo‘lib turibsiz. Shahar sizga yoqdimi?
- Bu erga kelganimizga hali ko‘p bo‘lmadi. Lekin hozirdan aytishim mumkinki, hammasi ajoyib. Bo‘sh vaqtimiz bo‘lishi bilan albatta Andijonni aylanib chiqamiz.
- O‘zingiz ishlayotgan Berlin akademiyasi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
- Biz asosan terma jamoalarga o‘yinchi etishtirib berishni asosiy vazifa qilib qo‘yamiz. Futbolchilarni 14 yoshidan qabul qilamiz. Terma jamoaga Berlinning oltita klubidan o‘ynchilarni olganmiz. Ertangi uchrashuv esa o‘yinchilarimiz uchun foydali bo‘ladi.
- Akademiyada tahsil olgan taniqli futbolchilar bormi?
- Albatta, bor. Masalan, aka-uka Boatenglarni aytishim mumkin. Shuningdek, «Chelsi»da o‘ynaydigan Ryudiger ham bor. «Bavariya» bosh murabbiyi Niko Kovach ham ushbu akademiyadan chiqqan. Umuman olganda, bunday misollar ko‘p.
- Ertagalik o‘yin oldidan nima degan bo‘lardingiz?
Laurenz Del: - Bizni oldidan qiziqarli uchrashuv kutmoqda. O‘zbekistonning iqlimi Germaniyanikiga qaraganda issiqroq va bu biroz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Ammo o‘yin kechki soat 6 dan keyin boshlanar ekan. Shu bois ortiqcha muammo bo‘lmaydi deb umid qilaman.
Fikrlar