Bilasizmi, Abramovning shogirdiga Frantsiya va Germaniya klublari jiddiy qiziqib qolishgan!

  • 10.12.2025 20:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol

Qish fasli va yurtimizda qishki transfer oynasi ochildi. Hozir futbolchilar bozori avj olgan payt. Muxlislarni ham bunday paytda birinchi navbatda transfer yangiliklari qiziqtiradi.

O‘tgan yildan beri Samarqandning “Dinamo” klubi sharafini himoya qilib kelayotgan 21 yoshli himoyachi Jahongir O‘rozov atrofidagi vaziyatni kuzatish juda qiziq kechmoqda. Yil boshida samarqandliklar uning transferini Turkiyaning “Eyyuspor” jamoasidan sotib olgandi. Endi esa “Dinamo” O‘rozov orqali yaxshigina summaga ega bo‘lishi kutilmoqda. Chunki bu futbolchini ayniqsa, Evropada xaridorlari ko‘p.

Yodingizda bo‘lsa, shu mavsum avvalida ham Jahongirga chetdan bir qancha takliflar bo‘lgan, biroq yakunda futbolchi “Dinamo”da qolgandi. Bu safar endi bunday bo‘lmasa kerak va iqtidorli himoyachining faoliyatida katta ehtimol bilan yangi sahifa ochiladi. Bu borada uning agentlari qattiq ishlashyapti.

Amalda “Dinamo” bilan yana shartnomasi bo‘lgan ushbu o‘yinchiga chetdan aniq va jiddiy takliflar mavjud. Sports.uz ga ma’lum bo‘lishicha, ko‘plab variantlar orasida Frantsiyaning “Nant” hamda Germaniyaning “Borussiya Myunxengladbax” klublari asosiy da’vogarlar bo‘lib turishibdi. Ular allaqachon Jahongir O‘rozovni ko‘z ostilariga olib qo‘yishgan va shu sababli uni “Dinamo”dan sotib olishga tayyor turishibdi. Bu yog‘i narx-navosining qay tarzda kelishishiga bog‘liq. Shunisi aniqki, Samarqand klubi bu o‘yinchi orqali yaxshigina daromadga ega bo‘ladi.

Shuningdek, O‘rozovga Ukraina  premer-ligasida “Shaxtyor” bilan birgalikda peshqadamlik qilib kelayotgan “LNZ Cherkas” klubi ham qiziqib qolgan. Biroq futbolchining agenti mijozini faqat Evropaning top 5 chempionatlaridan biriga yo‘l olishi borasida harakat qilishayotgani ma’lum bo‘ldi.

Darhaqiqat, Jahongir yakuniga etgan mavsumni ham yuqori darajada o‘tkaza oldi. U bu yil chempionat va Kubok doirasida 32 ta uchrashuvda maydonga tushdi. 1 ta gol urdi va 2 ta golli pasni bajardi. U eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi va yilning ramziy terma jamoasidan ham o‘rin egalladi. Ta’kidlash lozimki, futbolchi Vadim Abramov qo‘l ostida yanada o‘sdi.

Yanvar oyida Jahongirni Evropaning taniqli klublaridan birida ko‘rsak ajab emas. Voqealar rivojini kuzatib boramiz. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Abdulboriy Dilshodbekovich
10/12/2025 22:46
Nant yaxshi variant bo‘lsa kerak