"Bobur arena" yanada yangi qiyofaga kirmoqda. Sababi...
"Andijon" futbol klubi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Andijon futboli uchun muhim va tarixiy qadam qo‘yildi. “Bobur arena” stadionida yangi, keng qamrovli loyihaning tamal toshi qo‘yildi.
Bu yerda viloyat hokimi, faollar, faxriylar, tashkilot va klub rahbariyati hamda ko‘plab muxlislar jam bo‘lib, ezgu niyatlar bilan duoi fotiha qilindi. Shuningdek, xalq anʼanalariga xos tarzda qo‘y so‘yilib, elga osh tarqatildi.
Bu tashabbus oddiy qurilish emas — bu “Bobur arena”ni butunlay yangi bosqichga olib chiqadigan loyiha.
Rejaga ko‘ra, stadion hududida kechayu kunduz, yaʼni 24/7 formatda faoliyat yuritadigan zamonaviy majmualar barpo etiladi. Ushbu Istiqbolli loyiha “Makro Farm Andijon” korxonasi homiyligi ostida amalga oshiriladi. Bu esa stadionni faqat o‘yin kunlari emas, balki har kuni hayot qaynaydigan markazga aylantiradi.
Yangi binolar, ko‘ngilochar maskanlar, muxlislar uchun qulay infratuzilma — bularning barchasi “Bobur arena”ga yangi nafas bag‘ishlaydi. Endilikda bu maskan nafaqat futbol o‘yinlari uchun, balki oilaviy dam olish, do‘stlar bilan vaqt o‘tkazish va turli tadbirlar o‘tkazish uchun ham eng sevimli manzilga aylanishi kutilmoqda.
Eng muhimi, bu o‘zgarishlar muxlislar uchun. Chunki haqiqiy futbol muhiti nafaqat maydonda, balki uni o‘rab turgan muhitda ham yaratiladi. Yangi loyiha orqali “Bobur arena”da har bir o‘yin haqiqiy bayramga aylanadi.
Andijonda futbolga bo‘lgan muhabbat yanada kuchaymoqda. “Bobur arena” esa bu muhabbatning yuragiga aylanish arafasida.
Fikrlar