"Bobur arena"da gollar shousi yoxud muxlislar zavq olgan o‘yin haqida
Mezbonlar muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Superliganing 25-turidan o‘rin olgan “Andijon” - “Sho‘rtan” qarama-qarshiligi turning eng yaxshi, jozibali o‘yinlaridan biriga aylanmoqda. Chunki muxlislar ochiq futbol, hujumkor, qiziqarli va albatta gollarga boy o‘yin guvohiga aylandilar.
Uchrashuv mezbonlar uchun juda yaxshi boshlangandi. 5-daqiqada Bektemir Abdumannonovning qanotdan uzatgan pasini Otabek Jo‘raqo‘ziev golga aylantirgan holda gollar shousini boshlab berdi. E’tiborlisi, Jo‘raqo‘ziev “Andijon”dagi o‘zining gollari hisobini ochishga muvaffaq bo‘ldi. 17-daqiqada “Sho‘rtan” darvozasiga ikkinchi gol kiritildi. Uning amalga oshishida ayniqsa yana Bektemir Abdumannonovning zargarona uzatmasini alohida e’tirof lozim. U Usmonali Ismonalievni qulay imkoniyatga chiqardi va bundan ushbu futbolchi ustalik bilan foydalanib qoldi.
Ligada jon saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan kurashayotgan “Sho‘rtan”ni yo‘qotadigan narsasi qolmagandi va ular ham bor e’tiborini hujumga qaratishdi. Mezbonlarning ikkinchi golidan uch daqiqa o‘tgach, g‘uzorliklar hisobni qisqartirishdi. 2:1 dan keyin “Andijon”da hisobni 3:1 ga aylantirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘lgandi. Biroq Damir Temirov penaltidan foydalana olmadi, uning zarbasini darvozabon qaytardi.
Futbol shunisi bilan qiziqki, unda istalgan vaziyatda o‘yin sur’ati o‘zgarib ketishi mumkin. “Sho‘rtan” 2:0 hisobida ortda qolayotib, birinchi bo‘limga 2:2 bilan chiqib ketdi. Temirovning penaltidan foydalana olmagan vaziyatidan 7 daqiqa o‘tgach, mehmonlar hisobni tenglashtirdilar.
Ikkinchi bo‘limda “Andijon” albatta vaziyatni o‘zgartira olishiga barchada ishonch yuqori edi. Chunki “Burgutlar”ga ham g‘alaba juda zarur edi. Tanaffusda murabbiydan kerakli ko‘rsatmalarni olishgan futbolchilar tanaffusdan keyin yana tablodagi hisobni o‘zgartira oldilar. Avvaliga qanotdan uzatilgan to‘pni Usmonali Ismonaliev raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. U “Andijon” safida ilk dublini rasmiylashtirdi. Yana hujumlarni kuchaytirgan maydon egalari to‘rtinchi golni ham kiritishdi. Otabek Jo‘raqo‘ziev darvozabon bilan birga-bir chiqib uni aldab o‘tgan chog‘ida posbon yiqitdi. Bosh hakam VARni ko‘rgach penalti belgiladi. Bu safar Doniyor Abdumannopov zarbada adashmadi va o‘z hisobiga navbatdagi golni yozib qo‘ydi. Uchrashuvdagi oxirgi gol esa “Sho‘rtan” tomonidan kiritildi.
“Andijon” futbolchilari munosib ravishda uch ochkoni qo‘lga kiritishdi va muxlislarini quvontirdi. Shuningdek, iqtidorli himoyachi Abdulvohid G‘ulomov yana maydonga qaytdi va Temirovdan so‘ng sardorlik bog‘ichini qabul qilib oldi. “Bobur arena”dagi gollar shousida muxlislar futboldan zavq oldilar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yana ko‘plab hujumlar va imkoniyatlar yaratildi. Asosiysi, “Andijon” 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Endi Maksim Shatskix shogidlari 22 oktyabr kuni o‘z maydonida OChL 2 doirasida Bahraynning “Al-Xaldiya” klubini qabul qiladi. Barcha muxlislarni stadionda kutamiz.
“Andijon” - “Sho‘rtan” - 4:3 (2:2).
17 oktyabr. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 5281 tomoshabin.
Hakamlar: Ibrohim Ismoilov, Maksim Nexochin, Rasuljon Fozilov.
Zaxira hakami: Muzaffar Yakubov
VAR: G‘ayrat Jo‘raev
AVAR: Shoxruh A’zamov
Nazoratchi: Marat Ismoilov
Komissar: Davron Ibrohimov
“Andijon”: Erjan Tokotaev, Sunnatulloh Hamidjonov (Abdurahmon Komilov, 53), Abdulvohid G‘ulomov, Shaxzod Azmiddinov, Kristian Novak, Muhammadkarim Toirov, Damir Temirov (Shoxjahon Yorqinboev, 78), Usmonali Ismonaliev (Abdurahmon Abdullaev, 88), Bektemir Abdumannonov, Otabek Jo‘raqo‘ziev (Saidumarxon Saidnurullaev, 78), Doniyor Abdumannopov.
“Sho‘rtan”: Shoxruh Eshbo‘taev, Shoxjahon Sultonmurodov (Ulug‘bek Xudoyberdiev, 42), Odil Abdumajidov, Mirjalol Jumaev (Jo‘rabek Mannonov, 42), Azizbek Pirmuhammedov, Islom Kenjaboev (Farruh Muxtorov, 78), Abubakr Rizo Turdialiev, Doniyor Narzullaev (Abror Toshqo‘ziev, 86), Muhammadaziz Ibrohimov (Jasur Hakimov, 86), Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Temur Mamasidiqov.
Gollar: Otabek Jo‘raqo‘ziev, 5 - 1:0. Usmonali Ismonaliev, 17 - 2:0. Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, 20 - 2:1. Doniyor Narzullaev, 34 - 2:2. Usmonali Ismonaliev, 54 - 3:2. Doniyor Abdumannopov, 61-pen. - 4:2. Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, 63 - 4:3.
Amalga oshirilmagan penalti: Damir Temirov, 27 (darvozabon).
Ogohlantirishlar: Erjan Tokotaev, 90+2. Abdulvohid G‘ulomov, 90+4. Shaxzod Azmiddinov, 90+5. Abdurahmon Komilov, 90+9 - Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, 21. Doniyor Narzullaev, 31. Abror Toshqo‘ziev, 90+5.

Izohlar (0)