Bobur Najmiddinov: "Koronavirus bizni tashvishga solayotgani yo‘q"

  • 07.03.2020 22:36
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Janubbiy Koreyaning “Cocky Buffalo” promouterlik kompaniyasi bilan bir qator o‘zbekistonlik bokschilar bilan birga yosh iste’dodli murabbiy Bobur Najmiddinov ham hamkorlik qiladi. Yurtdoshimiz hozirda ushbu kompaniyaning Vetnamdagi ba’zasida Olimjon Nazarov, Abdurasul Ismoilov va Ravshanbek Shermatovlarni janglarga tayyorlab bormoqda. Boburga kompaniya rahbarlarining ham ishonchi juda yuqori.

Tecno

 Biz ushbu yosh murabbiyimiz bilan bog‘lanib, qisqacha muloqotda bo‘ldik. Quyida ushbu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

Bez nazvaniya (10)

- Avvalo, kuni kecha Kambodjada (29 fevral kuni Olimjon Nazarov hamda Abdurasul Ismoilov navbatdagi g‘alabasiga erishgandi)gi shogirdlaringiz muvaffaqiyati bilan tabriklaymiz.

- Rahmat.

- Odatda, mazkur mamlakatda bunday boks kechalari kam tashkil qilinadi. Tashkilotchilik, saviya qay darajada bo‘ldi?

- Barchasi ajoyib ko‘rinish oldi.

- Ravshanbek Shermatov ham ringga ko‘tarilishi kerak edi. Lekin raqib etib kela olmadi degan iddao bilan jang bo‘lmadi. Aniq sababiga oydinlik kiritsangiz?

- Aslida ham raqib etib kela olmadi. Vazn o‘lchash marosimidan bir kun avval Kambodjaga uchib kelishlari kerak edi. Uni aeroportda to‘xtatib qolishgan. Fuqarolik pasportida qandaydir kamchilik bo‘lgan ekan. Har holda bizga shunday ma’lumot berishdi. Vaholanki, Ravshanbek jangga tayyor edi.

- “Cocky Buffalo” bilan shartnomaga ega bo‘lgan barcha bokschilarga murabbiylik qilasizmi yoki faqat o‘zbekistonliklar qo‘l ostingizda mashg‘ulotlar o‘taydimi?

Bobur

- Hozircha, faqat o‘zimizning bokschilar... Lekin Kambodjada ringga ko‘tarilgan kompaniyaning barcha a’zolarini o‘zim tayyorladim.

- Umuman ushbu promouterlik kompaniyasi bilan qanday va qancha muddatli shartnomaga egasiz?

- Shunchaki o‘zaro ishonchga asoslanagan og‘zaki kelishuvga egamiz. Muddati cheksiz.

- “Cocky Buffalo” ning prezidenti Mister Kim Olimjon Nazarovni yil oxiriga qadar WBO chempionlik kamari uchun jang qiladi dedi. Bu qanchalik haqiqat?

- Olimjon Nazarovning vazn toifasi (-50.8 kg) da ushbu yo‘nalish chempionlik kamari vakant bo‘lib turibdi. Sababi chempion vaznini yuqoriga ko‘targanidan so‘ng, shunday holat yuzaga keldi. Hozirda reytingda filippinlik birinchi va yaponiyalik bokschi ikkinchi o‘rinda turibdi. Ularning chempionlik jangi keyingi oyda bo‘lishi kerak edi. Koronavirus tufayli, bu jang noma’lum muddatga qoldirildi. Ular o‘zaro hisob-kitob qilib, chempionga aniqlik kiritilsa, Nazarovda da’vogar bo‘lish imkoniyati bor. Chunki, ayni vaqtda 9-o‘rinda qayd etilgan. Kambodjadagi jangidan keyin yana ko‘tarilsa, bitta himoya jangidan so‘ng kuchli uchlikka kirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

- Koronavirus haqida gap ochdingiz, Vetnamda ham ushbu kasallik paydo bo‘libdi. Sizlarga bu borada qandaydir tibbiy rejim qo‘llanmoqdami?

- Biz yashayotgan Xo Shi Min shahrining iqlimida ushbu virus rivojlana olmas ekan. +27 gradusdan yuqorida shunday bo‘ladi deb aytishdi. Shuning uchun biz odatiy kun tartibi bilan mashg‘ulmiz. Bir so‘z bilan aytganda bizni bu kasallik tashvishga solgani yo‘q.

- Janubiy Koreyalik promouterning Abdurasul Ismoilovga ishonchi juda yuqori ekan. U bilan bog‘liq qanday yangilik ayta olasiz?

- Mister Kimga uning uslubi juda yoqadi. Abdurasul Kambodjada ham oddiy bo‘lmagan raqib bilan jang o‘tkazdi. Keyingi oy ham ringga ko‘tariladi. Yana ikki shunday darajadagi bahsdan so‘ng, unga ham jiddiy jang tashkil qilinadi.

- Shohruh Ashurov va Abdulaziz Najmiddinovlarga ham “Cocky Buffalo” tomonidan qiziqish bildirilayotgandi?

- Kompaniya bilan shartnomaga ega bo‘lgan rossiyalik bokschiga raqib kerak bo‘lib qoldi. Men Shohruh Ashurovni tavsiya qildim. Shohruh Janubiy Koreyada jang o‘tkazib, rossiyalik bokschini mag‘lub etdi va rahbarlarimizda yaxshi taassurot qoldirdi. Keyinchalik Vetnamda bo‘lib o‘tgan jang kechasida ham ringga ko‘tarilib, durang qayd etdi. Lekin bu borada hozircha yangilik yo‘q.

- Abdulazizchi?

- Abdulaziz Najmiddinov tez orada Janubiy Koreyaning boshqa promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi.

- Aniqroq ma’lumot bera olasizmi?

- Samsung boxing promotion.

- Suhbat uchun tashakkur va kelgusi faoliyatingizga omadlar tilaymiz.
- Rahmat.

Bobur1

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!