"Boshkovich ancha kuchli ekan" - golini nega nishonlamagani, Nazarov paytidagi o‘yin, yangi murabbiy nimani o‘zgartirgani haqida Qahramonov qanday gaplarni aytdi?

  • 20 may, 2023, 08:32
  • 0
  • Futbol

“So‘g‘diyona” g‘alabali seriyasini davom ettiryapti. Bu safar jizzaxliklar safarda “Buxoro” ustidan 0:2 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishdi.

O‘yinda hisobni ochgan ilk gol muallifi Javohir Qahramonov uchrashuvni faol o‘tkazdi. “Buxoro” ustozi Ulug‘bek Baqoev sobiq jamoasiga qarshi bellashuvda qiyinchiliklarga duch keldilar.

Chunki “So‘g‘diyona” vakillari o‘z imkoniyatlaridan foydalana oldilar. Birinchi gol muallifi Qahramonov Sports.uz jurnalistining savollariga javob qaytardi.

- Javohir g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin sizga yoqdimi? G‘alabaning asosiy omili nimada bo‘ldi?

- Tabrik uchun katta rahmat. Rosti, birinchi taymda o‘yinimiz o‘zimiz istagan darajada qovushgani yo‘q. Bosim bo‘ldi. Baqoev jamoasini qanday o‘ynashini bilardik. Ikkinchi bo‘limda imkoniyatlarimizni kutdik. Bitta golgacha edi, o‘sha golni urganimizdan so‘ng o‘yinimiz “ochilib” ketdi.

- Gol urgach, negadir uni nishonlamadingiz, nima uchun?

- “Buxoro”da ikki yil o‘ynaganman. Jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev bilan ancha payt birga ishlaganman. Shuning uchun golimni nishonlagim kelmadi.

qahramonov1

- To‘g‘ri, “Buxoro” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev bilan bir necha yil ishlagansizlar. Sobiq murabbiyingizni yutish ishtiyoqi "So‘g‘diyona"da kuchlimidi?

- Bizga g‘alaba juda zarur edi. Chunki oldimizga yuqori o‘rinlardan birini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Xudoga shukr, g‘alaba qozondik. Boya aytdim, Ulug‘bek Baqoev jamoasini qanaqa o‘yin ko‘rsatishini bilardik. Raqib ancha kuchaygan. Ko‘rdingiz, buxoroliklar vaziyatlardan foydalana olmadi, omad bizga kulib boqdi.

- Umuman olganda, "So‘g‘diyona" ketma-ket 4 ta o‘yindan beri faqat yutyapti. Boshkovich jamoada avvalo nimani o‘zgartirdi?

- Ivan Boshkovich ko‘p narsani o‘rgatyapti. Birinchi o‘rinda himoyada nolga o‘ynashni. Doim imkoniyatimiz bo‘ladi va uni albatta golga aylantirishimizni ta’kidlaydi. Xudoga shukr, yaxshi o‘ynab, sport formasiga kirib olyapmiz. Bu g‘alabalar bilan to‘xtab qolish niyatimiz yo‘q. Yana oldinga qarab intilamiz.

- Nima deb o‘ylaysiz, “So‘g‘diyona”ning sobiq bosh murabbiyi Yorqin Nazarov bilan nima o‘xshamadi? Agar u qolganida jamoa bugungidek g‘alabali seriyani qayd eta olarmidi?

- Yorqin Nazarov ham yaxshi murabbiy. U ishlagan payt to‘g‘risi, futbolchilar unchalik chiqishib keta olmadilar. To‘g‘risini aytsam, Boshkovich ancha kuchli murabbiy ekan.

qahramonov3

- “So‘g‘diyona” bu yil ham Boshkovich bilan medallar uchun kurasha oladimi yoki bunga biroz vaqtlimi?

- Nima uchun? Xudo xohlasa, medallar uchun kurashamiz. Hammasi yaxshi bo‘lsa va to‘g‘ri yo‘lda ketsak, natijalarimiz ijobiy ko‘rinish olaveradi.

- Baqoev davridagi "So‘g‘diyona" bilan Boshkovich boshchiligidagi "So‘g‘diyona" o‘rtasida qanchalik farq bor va qaysi biri kuchliroq?

- Ikkalasi ham kuchli mutaxassislar. Ularning o‘yin taktikalari har xil. Masalan, Baqoev paytida qanotlar va qarshi hujumlar orqali o‘ynagan bo‘lsak, Boshkovich boshchiligida pas orqali, to‘p bilan ko‘proq muomala qilib o‘ynayapmiz. Ular yaxshi murabbiylar. Birini yomon, ikkinchisini yaxshi murabbiy deb ajratmayman, ikkisi ham kuchli.

- Baqoev bilan o‘yindan keyin gaplashdingizmi? Nima dedi?

- Uchrashuvdan so‘ng g‘alaba bilan tabrikladi, boshqa narsa haqida gaplashganimiz yo‘q.

- Bu g‘alabani kimga bag‘ishlaysiz?

- G‘alabamizni “So‘g‘diyona” muxlislariga bag‘ishlaymiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!