
Botiralining botirlarcha o‘yini yoxud uch nafar darvozabon va boshqalar eng yaxshisi!
Odatga ko‘ra, turning eng yaxshilari aniqlandi. 23-turda o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar ma’lum. Ularning uch nafari esa darvozabonlar.
“Olimpik” – “Qizilqum” – 0:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Hamidillo Abdunabiev
23-turni boshlab bergan “Olimpik” va “Qizilqum” o‘rtasidagi bahsda darvozalar dahlsiz qoldi. Bunda esa “Olimpik” darvozaboni Hamidillo Abdunabievning hissasi katta bo‘ldi. Iste’dodli posbon “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi.
“Turon” – “So‘g‘diyona” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Aziz Xolmurodov
Superligada qolish uchun kurashayotgan “Turon” nihoyat mag‘lubiyatsiz seriyasini to‘xtatdi. O‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni qabul qilgan yaypanliklar yagona gol tufayli muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi va oxirgi o‘rindan bir pog‘ona ko‘tarildi. “Nasaf” afsonasi Zafar Xolmurodovning o‘g‘li Aziz Xolmurodov ham dadasi kabi hujumchi va u hozirda ijara evaziga “Turon”da to‘p suryapti. Aziz yaxshi taassurot qoldirdi. Jizzaxliklar darvozasiga kiritilgan yagona gol yaratuvchisi Xolmurodov bo‘ldi. U “So‘g‘diyona” darvozabonini xato qilishga majburladi va to‘pni olib qo‘yganida Mitrovich Azizni yiqitdi va penalti belgilanli. “Turon” o‘sha penalti orqali yutdi.
“Surxon” – “Navbahor” – 1:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: O‘tkir Yusupov
Shubhasiz, “Navbahor” darvozaboni O‘tkir Yusupov eng yaxshisi bo‘ldi. U 90+10-daqiqada belgilangan penaltini qaytarib “Navbahor”ning uch ochkosini saqlab qoldi. Jamoa sardori “Navbahor”ni qutqardi.
“Nasaf” – “Metallurg” – 2:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Oybek Bozorov
Ro‘ziqul Berdiev jamoasi o‘z uyida kutilganidek “Metallurg”ni mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvda hisobni ochgan Oybek Bozorov yakunda o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Tinib-tinchimas qanot yarim himoyachi raqibga etarlicha muammolar tug‘dirdi.
“Andijon” – OKMK – 0:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Botirali Ergashev
Abdunabiev va Yusupovdan keyin yana bir darvozabon Ergashev ham eng yaxshilar qatorida e’tirof etilmoqda. OKMK posboni safarda “Andijon”ga qarshi uchrashuvda faol bo‘ldi. Raqibning hujumlarini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatdi. Asosiysi, o‘z vazifasini yaxshi bajardi. OKMKni qimmatli g‘alabasida Botiralining botirlarcha ko‘rsatgan o‘yinini alohida e’tirof etish lozim.
“Bunyodkor” – “Neftchi” – 2:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Umid Sultonov
Xorazm futboli afsonasi Vali Sultonovning o‘g‘li Umid Sultonov “Bunyodkor”ning xaloskoriga aylandi. Futbolchi “Neftchi”ga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib, oxirgi 90+5-daqiqada qarshi hujumda raqib darvozasiga gol urib “qaldirg‘ochlar”ning muhim g‘alabasini ta’minladi.
“Buxoro” – “Paxtakor” - 0:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Shaxzod Azmiddinov
“Sherlar” Buxoroda qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritgan bellashuvda markaziy himoyachi Shaxzod Azmiddinov eng yaxshi o‘yinchiga aylandi. Mezbonlarning hujumlarini zararsizlantirishda ushbu himoyachi faollik ko‘rsatdi. “Paxtakor” uchun borini berib o‘ynagani va raqibga imkoniyat qoldirmagani uchun ham Shaxzod alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar