Boyan Tsiger: "Shartnomani uzaytirdim"

  • 19.12.2025 16:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Bu yil “Neftchi” klubining chempionligiga munosib hissa qo‘shgan serbiyalik 31 yoshli legioner Boyan Tsiger farg‘onalik muxlislarning sevimli futbolchilaridan biriga aylangan.

Tsiger Superligada “Neftchi” safida 25 ta o‘yinda maydonga tushdi va 3 ta gol urdi. Shuningdek, Kubok bahsida ham 3 ta uchrashuvda qatnashdi.

Sports.uz jurnalisti esa ushbu legioner bilan suhbatlashdi.

- “Neftchi” safida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdingiz. Maqsadga erishganingizdan keyin o‘zingizni qanday his qildingiz?

- Juda chiroyli va ajoyib bayram bo‘ldi. Muxlislar bu kunni 24 yil kutishdi. Yakun esa super va juda zo‘r bo‘ldi, deb o‘ylayman.

- Siz uchun mavsumdagi eng qiyin o‘yin qaysi bo‘ldi?

- Eng qiyin o‘yin, menimcha, “Nasaf”ga qarshi bo‘lib o‘tdi. O‘shanda futbolchimiz maydondan chetlatilgandi. O‘shanda og‘ir uchrashuv bo‘lgan, stadionda muxlislar bilan to‘lgan. Ha, bu chempionlik o‘yini bo‘lgandi.

- Vitaliy Levchenkoning ketishiga munosabatingiz qanday? Buni kutmaganmidingiz?

- Bu savolga hech narsa deya olmayman. Men buni hal qilmayman. Bu faqat menga bog‘liq emas.  

- Jamoaning yangi bosh murabbiyi Islom Ismoilov bilan gaplashdingizmi?

- Yo‘q, hozircha gaplashmadim.

- “Neftchi” bilan shartnomangiz tugayotgandi, keyingi rejalar qanday?

- Ha, “Neftchi”da qoldim. Kuni kecha shartnomani uzaytirdim. Ikki yilga shartnoma tuzdim.

- Takliflar ham bo‘lgandir-a?

- Ha, menga takliflar O‘zbekistondan ham, boshqa mamlakatlardan ham bo‘ldi. Lekin men “Neftchi”da qoldim. Biz kelishdik, qo‘l tashlashdik va jamoada qoldim.

- Legioner sifatida birinchi marta chempionlikka erishdingiz. Boshqa mamlakatda chempion bo‘lish qanday ekan?

- Birinchi marta O‘zbekistonda chempion bo‘ldim. O‘z vaqtida “Navbahor”da o‘ynagan paytimda chempionlik uchun bir ochko etmay qolgandi. Kubok finaliga ham chiqqandi, ammo mag‘lubiyatga uchragandik. Xudoga shukrki, “Neftchi” bilan chempionlikka erishdim.

- Siz uchun mavsumning eng yaxshi futbolchisi kim?

- Mavsumni eng yaxshi futbolchisi kim bo‘lishi mumkin? To‘g‘risi, men hech narsa deya olmayman. Hamma o‘yinchilar juda yaxshi. Ular o‘rtasidagi farq juda kam. Shu sababli men birortasini alohida ajratib ko‘rsata olmayman.

- Chempionlikka erishilgandan keyin klub tomonidan bonuslar va’da qilgan. Sizlarga qanday bonuslar berildi?

- Bonuslar masalasiga kelsak, hammani shartnomasida bonus yozib qo‘yilgan. Bonus hammaga teng va xolisona taqsimlanadi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!