
Bu mavsum avvalidagi "Neftchi" emas, "Paxtakor" yutmasa bo‘lmaydigan vaziyatda yoxud Superligani "yondiradigan" o‘yinlar
17 oktyabrdan Superligada 22-tur boshlanadi. Bu safar ham jiddiy to‘qnashuvlar, markaziy bahslar kutyapti. Chempionat tugashi sari o‘yinlar shiddati ham shunga monand o‘tyapti. 19 oktyabrga qadar davom etadigan 22-tur juftliklari haqida so‘z yuritamiz.
17 oktyabr (dushanba)
“Dinamo” – “Metallurg”
Superligani tark etish uchun birinchi raqamli nomzod – “Dinamo” turdan-turga pro ligaga qaytishiga yaqinlashib boryapti. Faqat nazariy jihatdan imkoniyati saqlanib qolayotgandi. Bu ham asta-sekin o‘z kuchini yo‘qotyapti. Vadim Abramov “Dinamo” bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanganidan beri samarqandliklar hali yutgani yo‘q. Bunday xunuk natija murabbiy sifatida Vadim Karlenovichga ham og‘ir botayotgani bor gap. Lekin tan olish lozimki, “Dinamo”ning o‘yinlarini kuzatganimizda biror-bir kuchli jihatlari u qadar ko‘zga tashlanmayapti. Hayronmiz, Abramov oldindagi 5 ta o‘yinda jamoani qanday qilib o‘zgartira olarkin? “Metallurg” ispaniyalik murabbiy qo‘li ostida oxirgi paytlardagi o‘yini va natijasi chakki emas. Qolganini uchrashuvdan so‘ng bilib olamiz.
“Lokomotiv” – “Olimpik”
“Lokomotiv” klubidagi vaziyat shundayki, Superligada jon saqlab qolish uchun kurashadigan bo‘lib qoldi. Yaqinda bosh murabbiy lavozimiga Server Jeparov tayinlangan. Lekin hozircha Jeparovning “Loko”dagi ilk g‘alabasiga guvoh bo‘lganimiz yo‘q. Bo‘lajak turda ikki do‘stlar to‘qnashuvini ko‘ramiz. Gap Server Jeparov bilan Timur Kapadze haqida ketyapti. Bu ikkisi futbolchi sifatida klublarda ham, milliy terma jamoada ham markazda ajoyib tandemni hosil qilishgan. Endi ular murabbiy sifatida bir-biriga raqiblar. Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Server Jeparov murabbiy rolida “Lokomotiv”dagi dastlabki g‘alabasini do‘sti boshqarayotgan jamoa ustidan nishonlaydimi yoki...
18 oktyabr (seshanba)
“Neftchi” – “Navbahor”
Turning bezagiga aylanishi aniq bo‘lgan “dahshatli” o‘yin bo‘ladi. Bu safargi Vodiy derbisini hamma kutayotganiga ishonamiz. Nihoyat, “Neftchi” klubi o‘z uyida – “Istiqlol” stadionida mezbon sifatida o‘ynaydi. Katta ehtimol bilan shu kuni mazkur arena muxlislar bilan liq to‘lishi kutilmoqda. Namanganda ham katta auditoriya kelishi shubhasiz. Vitaliy Levchenko “Neftchi” boshqaruvini qo‘liga olgach, jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilyapti. Endi “Neftchi” mavsum boshidagidek kuchsiz yoki omadsiz emas. “Navbahor”ga qarshi maydonda qanday jang bo‘lishini hozirdanoq tasavvur qilish mumkin. Yaxshisi, bunday derbini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingiz ma’qul.
“Paxtakor” – “Qo‘qon-1912”
Chempionlik uchun kurashayotgan “Paxtakor”ning aslo ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Aks holda chempionlik yo‘lidagi kurashda imkoniyatlarini yana pasaytirib yuborishi aniq. Aksiga olib “Qo‘qon-1912” uchun ham orqaga yo‘l yo‘q. Biri chempionlik uchun, yana biri Superligada jon saqlab qolish uchun jiddiy kurashmoqda. Qo‘qonliklar ustozi Davron Fayziev haligacha jamoasi bilan ilk g‘alabasini tantana qila olganicha yo‘q. Oldinda uning jamoasini ancha jiddiy o‘yin va jiddiy raqib kutyapti. Albatta, uchrashuvdan avval “Paxtakor” favorit. Ammo shunisi aniqki, ikkala klubga oson bo‘lmaydi. Mehmonlar oxirigacha kurashadi. “Paxtakor” o‘tgan turda safarda “Surxon” bilan durang o‘ynab qo‘ydi. Undan avval “Nasaf”ga yutqazdi. “Sherlar” yutmasa bo‘lmaydigan vaziyatga tushib qolgan. Maydonda qattiq jang bo‘ladi.
“So‘g‘diyona” – “Surxon”
Yaqin-yaqingacha “So‘g‘diyona” uchta frontda – O‘zbekiston chempionligi, Kubogi va OFK Kubogi g‘olibligi uchun jiddiy kurashib kelayotgandi. Lekin qisqa fursatlar ichida jizzaxliklar birin-ketin OFK Kubogi hamda O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketdi. Ikkala musobaqadagi taqdiri o‘xshash bo‘ldi. Negaki, har ikkisida ham yarim finalgacha bordi va penaltilar seriyasida omad ulardan yuz o‘girdi. Endi ularda faqat ichki chempionatdagi ishtiroki qoldi xolos. Aksiga olib Ulug‘bek Baqoev jamoasi 3-o‘rindagi jamoadan 6 ochkoga ortda qolyapti. “Surxon” ligada jon saqlash uchun harakat qilyapti. “So‘g‘diyona”ga Namangandagi yarim final doirasidagi alamli mag‘lubiyat qanday ta’sir qilganini “Surxon” bilan uchrashuvda ko‘rish mumkin.
19 oktyabr (chorshanba)
“Qizilqum” – “Nasaf”
“Paxtakor”dan 4 ochkoga ortda qolayotgan “Qizilqum” oxirgi paytlardagi g‘alabalaridan keyin yana 3-o‘rin uchun imkoniyatini saqlab qolyapti. Ammo bu turda navoiyliklar jiddiy raqib bilan o‘ynaydi. O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqqan va ayni chog‘da turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turgan “Nasaf”ga qarshi o‘yini ham tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otishi aniq. “Qizilqum”da tajribali futbolchilar yig‘ilgan. O‘z uyida va muxlislari qarshisida to‘p surishi Navoiy jamoasiga muhim uchrashuvda yordam berishi mumkin. Albatta, “Nasaf”da Kubok finalga chiqqani uchun kayfiyati zo‘r. Ammo Navoiyda “Nasaf”ning kayfiyati buzilib qolishi ham hech gap emas. Yoki aksincha bo‘ladi!
“Bunyodkor” – AGMK
Turdagi yana bir derbiga guvoh bo‘lamiz. Ivan Boshkovich “Bunyodkor” bosh murabbiyiga aylangach, uning jamoasida mutlaqo yaxshi tomonga o‘zgarishni ko‘ryapmiz. AGMK Mirjalol Qosimov boshqaruvida O‘zbekiston Kubogi yarim finalida yutqazib, musobaqani tark etdi. Chempionatda sovrinli o‘rinlar uchun kurashdan ancha uzoqlashib qoldi. “Bunyodkor” esa Boshkovich ustozligida endi ancha qiziqarli va hujumkor o‘yin ko‘rsatyapti. AGMKga qarshi uchrashuv ham aslo zerikarli bo‘lmaydi.
Fikrlar