Bu turda peshqadam nomi o‘zgaradimi yoxud Superligada qaynoq intrigalar
Bugun Superligada 26-turga start beriladi. Chempionat oxirlab borgani sari chempionlik uchun kurashdagi intriga kuchayib bormoqda. Bu turda peshqadam nomi o‘zgararmikin? Qolgan bahslarni ham albatta hisobdan chiqarmaymiz.
23 oktyabr
18:00. “Xorazm” - “Paxtakor”
“Paxtakor” klubi 29 oktyabr kuni O‘zbekiston Kubogi finalida maydonga tushadi. O‘ta muhim uchrashuv oldidan “Sherlar” Urganchda “Xorazm”ga qarshi maydonga tushishadi. Mezbonlar uchun “Paxtakor” juda noqulay raqib. Final oldidan “Paxtakor” o‘zini ayab o‘ynasa kerak, balki minimal hisobda ustunlikka erishishi mumkin. Aytaylik, natija uchun to‘p suradi. Hakim Fuzaylov jamoasining o‘yini ham yomon emas. Ammo urganchliklar chorak asrdan buyon ushbu raqibini engga olmayapti.
18:30. “Buxoro” - “So‘g‘diyona”
Yaqinda bu klublar Buxoroda Kubok yarim finalida uchrashishgandi va unda mezbonlar qo‘shimcha vaqtlarda 3:2 hisobida g‘alaba qozonib finalga chiqqan. “So‘g‘diyona”da revansh olish uchun yana bir imkoniyat paydo bo‘ldi. “Buxoro” final oldidan yana bir muhim bahsni o‘tkazadi. Boisi, ular turnir jadvalida 15-o‘rinda borishyapti va ularga g‘alaba zarur. Yaxshi o‘yin guvohi bo‘lsak kerak.
24 oktyabr
19:00. “Qizilqum” - “Dinamo”
Navoiyda “Qizilqum” “Dinamo”ni qabul qiladi. Jadvalga nazar tashlasak, go‘yoki mehmonlarga g‘alaba zarurroqdek ko‘rinadi. Boisi, samarqandliklar medallar uchun kurashishmoqda. Ammo “Qizilqum” o‘z maydonida doim jang taklif qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, uchrashuv murosasiz o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi.
25 oktyabr
16:30. “Sho‘rtan” - “Neftchi”
O‘yin oldidan deyarli barcha “Neftchi”ning g‘alabasiga shubha qilmayotgan bo‘lsa kerak. Tan olish kerak, farg‘onaliklar favorit. Nom jihatidan ham, o‘yin tomonlama ham “Sho‘rtan”dan ustun. Jamoalarning maqsadlari turlicha. Mehmonlar chempionlik uchun kurashishyapti. Mezbonlar esa garchi ligada qolish uchun o‘ta murakkab avholda bo‘lsa ham oxirigacha kurashishmoqchi. “Neftchi” syurpriz natija qayd etilishiga yo‘l qo‘ymasa kerak.
19:00. “Qo‘qon-1912” - “Navbahor”
Bu turda vodiy derbisi bo‘lib o‘tadi. Qo‘qonda mezbonlar “Navbahor”ni qabul qiladi. Ikkala jamoa o‘tgan turda mag‘lubiyatga uchradi. Derbi doim derbiga xos tarzda o‘tgan. “Qo‘qon-1912” va “Navbahor”ning kuchlari mutlaqo teng. Ruhiy tayyorgarlikka ham ko‘p narsa bog‘liq. Odatda, derbilarda taktik uslublar emas, futbolchilarni shijoati, g‘alaba uchun intilishi ko‘p narsani hal qiladi.
26 oktyabr.
16:30. OKMK - “Nasaf”
Turning markaziy o‘yini Olmaliqda bo‘lib o‘tadi. Mirjalol Qosimov shogirdlari Ro‘ziqul Berdiev jamoasiga qarshi o‘ynaydi. Bu uchrashuvga ortiqcha ta’rif shart emas. “Nasaf” amaldagi chempion sifatida chempionlik kamarini himoya qilyapti. Peshqadamlikni saqlab qolish qarshiliklar uchun oson kechmayapti. Agar “Neftchi” G‘uzorda yutsa va “Nasaf” mag‘lub bo‘lsa peshqadam nomi o‘zgarib ketadi. OChL elitda qarshiliklar ketma-ket uchinchi mag‘lubiyatini qabul qilib olganini bilasiz. OKMK shubhasiz jiddiy raqib. O‘yinning harorati juda baland bo‘ladi.
18:30. “Bunyodkor” - “Mash’al”
Ilyos Zeytullaev jamoasining bu safargi raqibi Muborakning “Mash’al” jamoasi. O‘tgan turda muborakliklar o‘z uyida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. “Bunyodkor” esa Namanganda javobsiz ikkita gol urib uch ochkoni qo‘lga kiritdi. “Bunyodkor” o‘z uyida favorit va imkoniyatlari yuqoriroq.
18:30. “Surxon” - “Andijon”
Osiyo Chempionlar ligasi 2 da ishtirok etayotgan “Andijon” klubi uchta o‘yinda ham 0:0 o‘ynadi. Bu safar ularni chempionat doirasida Termizda “Surxon”ga qarshi bahs kutyapti. O‘yin oldidan ikkala jamoani imkoniyatlari teng. Birinchi davrada “Andijon” raqibini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. Termizdagi uchrashuv ham qiziqarli tus olishi tayin.
Fikrlar