"Bu umuman boshqacha juftlik, "dahshatli" o‘yin bo‘ladi" - Islom Ahmedov O‘zbekiston Kubogi yarim final oldidan jamoalarning imkoniyatini baholadi
4 ta jamoamiz O‘zbekiston Kubogi finali ostonasida turibdi. Ulardan 2 tasi hal qiluvchi o‘yinda maydonga tushadi. Ungacha esa yarim final to‘sig‘idan o‘tib olishlari kerak.
Bilsangiz kerak, 19 oktyabr kuni Qarshida “Nasaf” – “Dinamo”, Olmaliqda esa OKMK – “Navbahor” o‘rtasidagi qiziqarli uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ikkala uchrashuvga ham e’tibor yuqori.
Yurtimizdagi taniqli mutaxassislardan biri, hozirda Qirg‘izistonning “Abdish-Ata” klubiga bosh murabbiylik qilayotgan Islom Ahmedov yarim finallar oldidan shunday dedi:
“Nasaf” – “Dinamo” uchrashuvida mezbonlarning imkoniyatini yuqori baholayman – 80\20. Nimaga deganda, “Nasaf” jamoasi hozirgi paytda juda ajoyib o‘yin ko‘rsatyapti. OKMK – “Navbahor” – bu umuman boshqacha juftlik. "Dahshatli" o‘yin bo‘ladi. O‘ylaymanki, ushbu uchrashuvda “Navbahor”ning qo‘li baland keladi. Ha, qiyin bo‘ladi. Lekin namanganliklar ham oxirgi paytlarda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishyapti”.
Yarim finalga chiqqan jamoalar orasida birgina “Dinamo” pro liga vakili va qolgani Superliga etakchilari hisoblanadi. Buni ko‘pchilik kutmagan bo‘lsa ham kerak-a? Qolaversa, samarqandliklar Kubok yo‘lida “Paxtakor”ni ham dog‘da qoldirdi. Bu xususida Islom Ahmedov quyidagicha munosabat bildirdi:
“Albatta, “Dinamo” jamoasini ham tabriklash kerak. Chunki ular Superligaga chiqish vazifasini bajardilar. O‘zbekiston Kubogi doirasida “Paxtakor”ni yutdi va musobaqadan chiqarib yubordi. Shubhasiz, bu ajoyib natija. Biroq ko‘ryapsizku, bu yil “Paxtakor” bitta uchrashuvda yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, keyingisida buning aksi bo‘lyapti. Ya’ni, bu jamoada barqarorlik degan narsa yo‘q. ”Nasaf” esa hozir juda yaxshi formada. Osiyo Chempionlar ligasida qanday ajoyib o‘yinlar ko‘rsatayotganini ko‘ryapmiz. Shuning uchun o‘ylaymanki, nima bo‘lganda ham “Dinamo”ga juda og‘ir bo‘ladi. Baribir farqi katta”.
Xo‘sh, finalda kim qaysi jamoani ko‘rmoqchi? Albatta, bu borada gap ketganda har kimning taxminlari turlicha. Ahmedov esa ushbu masalada ham fikr bildirib o‘tdi.
“Finalda qaysi jamoalarni ko‘ryapman? Hal qiluvchi bellashuvda “Nasaf” bilan “Navbahor”ni ko‘ramiz. O‘ylaymanki, shu uchrashuvda favorit “Navbahor” jamoasi”.
Shuningdek, tajribali mutaxassis Kubok yarim finallarida g‘olib asosiy vaqtda aniqlanadimi yoki qo‘shimcha vaqtlar yo penaltilar seriyasini kutyaptimi?
“Yarim finallarda qo‘shimcha vaqtlarni ko‘ramizmi? Menimcha, “Nasaf” – “Dinamo”da hammasi 90 daqiqa ichida hal bo‘ladi. OKMK – “Navbahor” o‘rtasidagi uchrashuvda qo‘shimcha bo‘limlarga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Nimaga deganda, ikkala jamoa ham kuchli”.
Shu bilan birga yarim finalga Islom Ahmedov kutgan jamoalar etib kelishdimi yoki u kutmagan klublar ham bormi?
“Bu Kubok. Agar chempionat to‘g‘risida gapirsak, bu o‘z-o‘zidan tushunarli. Kubok esa umuman boshqa musobaqa. U erda xarakter kerak. Finalgacha kimlar etib kelsa, o‘sha klublar eng kuchlilaridir”, - deydi Islom Ahmedov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar