Bugun "O‘zbek klassikosi" yoxud siz sog‘ingan o‘yinlar ostonasidamiz

  • 13 sentabr, 2024, 00:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Bugundan yana Superliga karvoni yo‘lida davom etadi. FIFA kunlari yakunlangach, chempionatdagi 18-turga start beriladi. 13-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarni muxlislar sog‘inib qolishgan.  

13 sentyabr

18:15. “Qizilqum” – “So‘g‘diyona”

18-tur Qarshida “Qizilqum” hamda “So‘g‘diyona” jamoalari ishtirokidagi o‘yin bilan boshlanadi. Medallar uchun kurashayotgan jizzaxliklarning “Qizilqum” bilan bahsda imkoniyati biroz yuqori baholanyapti. Lekin chempioanatimizdagi tanaffusda kim qanday tayyorlangani ushbu uchrashuvda o‘z so‘zini aytadi. “Qizilqum” oxirgi paytlardagi qo‘lga kiritilgan ochkolar sababidan xavfli zonadan biroz uzoqlashdi. Ikkala jamoaning asosiy kuchi bu legionerlari bilan bog‘liq. Bu uchrashuvda ularga ko‘p narsa bog‘liq.

19:30. “Paxtakor” – “Neftchi”

“O‘zbek klassikosi” nomi bilan tanilib ketgan “Paxtakor” – “Neftchi” qarama-qarshiligi yana barchaning diqqat-e’tiborida. Medallar uchun kurashayotgan ikkala jamoa o‘rtasidagi o‘yin ochiq futbol ostida o‘tishi katta ehtimol. Shu bois gollar ko‘rsak kerak. Balki durang ham bo‘lar, ammo bunda ham jangovar natija kuzatilishi mumkin. Shiddatli va hujumkor futbol hammaga yoqadi.

14 sentyabr

19:30. “Navbahor” – “Nasaf”

Turning yana bir muhim va markaziy o‘yini Namanganda bo‘lib o‘tadi. 14 sentyabr oqshomida O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqqan “Navbahor” uyida turnir karvonboshisi – “Nasaf”ni qabul qiladi. Garchi ikkinchi davrada o‘yini ancha o‘zgarganiga qaramay, namanganliklar 23 ochko bilan 7-pog‘onada. Ularda bitta zaxira o‘yini ham bor. O‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan “Navbahor” uchun albatta chempionatdagi bunday natija muxlislarini xursand qilmayotgani turgan gap. “Nasaf” bilan uchrashuvda “Navbahor” uch ochkoni qo‘lga kiritib, imkon qadar turnir jadvalidagi mavqeini yaxshilash harakatida. Ammo tan olish kerakki, bugungi kunda “Nasaf” o‘z o‘yini bilan peshqadamga mosligini ko‘rsatib kelyapti. Ha, Ro‘ziqul Berdiev jamoasini Namanganda oson bo‘lmagan bahs kutmoqda. Biroq “Navbahor”ni ham og‘ir uchrashuv qarshi oladi. Hozircha imkoniyatlar bir xil.

15 sentyabr

19:30. “Andijon” – “Lokomotiv”

“Bobur arena”da bu safar “Lokomotiv” mehmon bo‘ladi. “Andijon” oxirgi o‘yinida O‘zbekiston Kubogi yarim finalida “Surxon”ni penaltilar seriyasi orqali engib finalga yo‘l oldi. Endi barcha e’tibor chempionatga qaratilgan. Bilsangiz kerak, “Burgutlar” ikkinchi davrani kutilmaganda ketma-ket 4 ta mag‘lubiyat bilan boshlab, turnir jadvalida 10-o‘ringa tushib ketib qoldi. Shuning uchun “Burgutlar”ni bu bellashuvda g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi. Har qanday klubga “Andijon” maydonida to‘p surish qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirgani kabi “Lokomotiv” ham bundan mustasno emas.

19:30. “Dinamo” – “Bunyodkor”

Vadim Abramov sobiq jamoasiga qarshi. “Dinamo” - “Bunyodkor” uchrashuvida samarqandliklarning imkoniyati yuqori baholanyapti. Lekin Ilyos Zeytullaev boshqarayotgan “Bunyodkor”ga ham g‘alaba suv va havodek zarur. Jamoa xavfli zonadan qutulishi uchun ham Samarqanddan ijobiy natija bilan qaytishi shart. Lekin buning uchun  “Dinamo”ning qarshiligini engishi kerak. Bu esa og‘ir vazifa.

16 sentyabr

17:00. “Olimpik” – “Metallurg”

Bu o‘yin “Jar” stadionidan “Do‘stlik”dagi stadionga ko‘chirildi. “Metallurg” mavsum boshidan beri Superligada g‘alaba nimaligini bilmay kelyapti. Ikkinchi davrada har bir o‘yin ular uchun finaldek o‘tyapti. Biroq hamon g‘alabasiz seriyasi davom etyapti. “Olimpik” bilan o‘yin ham bekobodliklar uchun yana bir imkoniyat. Raqibida bosim mutlaqo yo‘q. Ular istagan o‘yinini ko‘rsatishi mumkin. “Metallurg” esa yutmasa bo‘lmaydigan vaziyatda. Yana ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, rahbariyat ham, muxlislar ham kechirmasa kerak. Yo‘qotilayotgan har bir ochko esa “Metallurg”ni oxirgi o‘rindagi holatini “mustahkamlab” boraveradi.

19:30. OKMK – “Surxon”

Mirjalol Qosimov jamoasi bu safar “Surxon”ga qarshi o‘ynaydi va ushbu uchrashuv bilan 18-tur yakuniga etadi. OKMK hozirgacha chempionatda eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lib turibdi – 30 ta. Olmaliqda ham qiziqarli uchrashuvga guvoh bo‘lishimiz aniq. “Surxon” har qanday raqibiga katta muammolar tug‘dirishga qodir. OKMKning ishlari yaxshi va “Nasaf”dan keyin 2-o‘rinni band etib turibdi. Hech kim osongina ochkolarni boy bermaydi. Shunday ekan, jiddiy qarama-qarshilikni ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
13/09/2024 16:50
Андижонга омад
&
Усмонбек
13/09/2024 11:53
Жонажон жамоам Пахтакорга омад Миржалол акани жамоаси ОКМКга хам омад галаба йор булсин
&
+998934037982
13/09/2024 14:32
Undan koʻra aka - ukalarga omad deng.
Metallurg ham qolib ketmasin