
"Bunyodkor"ning oldiga aniq vazifa qo‘yildi yoxud taqdimot marosimi qanday o‘tdi?
Xabar berganimizdek, bugun “Bunyodkor” taqdimot va tanishtiruv marosimini o‘tkazdi. Bu haqida klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Bunyodkor” klubi direktori Ulug‘bek Mirzaev, bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov, futbolchilar va muxlislar ishtirok etgan marosimda jamoaga taklif etilgan yangi o‘yinchilar tanishtirildi hamda ularga liboslar topshirildi. Shuningdek, OAV xodimlari klub rahbariyati, murabbiy va futbolchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Dastlab klub direktori Ulug‘bek Mirzaev o‘z fikrlarini bildirdi: - “Barchani yangi mavsum bilan tabriklayman. Ertaga “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yin bilan biz uchun mavsum boshlanadi. Jamoa har doimgidek o‘z oldiga yangi marralarni qo‘yadi va yuqori o‘rinlarni egallashga harakat qiladi”.
Shuhrat Maqsudov: - “Barchani yangi mavsum bilan tabriklayman! “Bunyodkor” yangi mavsumga tayyorgarlikni deyarli yangilangan tarkib bilan 5 yanvardan boshladi. Klubimiz prezidenti Mehriddin Abdullaev bilan suhbatlashgach, asosiy e’tibor akademiyamiz tarbiyalanuvchilariga qaratilishi bo‘yicha bir qarorga keldik. To‘g‘ri hozir bir qadam orqaga tashlayotgandirmiz, ammo vaqti kelib ikki qadam oldinga yuramiz. Fevral oyida Turkiyada yig‘in o‘tkazdik. Yoshlarning ko‘zida xohish-ishtiyoqni ko‘rdim, faqat ularga tajriba etishmayapti va bu tabiiy holat. Tajriba o‘yinlar orqali keladi. “Bunyodkor”ning kelajagi ishonchli qo‘llarda. Yoshlarga e’tibor qilayotganimizni akademiyamizda hozir tahsil olayotgan yosh bolalar ham ko‘rishmoqda va ular ham kelajakda asosiy tarkibga kirishga harakat qilishadi. Biz yolg‘iz emasmiz, futbolchilarimiz mana shu muxlislarimiz uchun chiroyli o‘yinlar namoyish etishga harakat qilishadi. Muxlislardan bitta iltimos, har qanday natija qayd etilsa ham jamoani qo‘llab quvvatlab turasizlar, deb umid qilaman”.
Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerak, “Bunyodkor” yangi mavsum uchun 27 nafar futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Jamoa sardori, tojikistonlik himoyachi Davronjon Ergashev faxriy o‘yinchimiz hisoblansa, Jahongir O‘rozov eng yosh futbolchi sanaladi.
Davronjon Ergashev: - “Jamoamiz yangi mavsumga 99 foizga tayyor. Har bir o‘yinga faqat g‘alaba uchun chiqamiz. Bizga qarshi o‘ynaydigan jamoalarga oson bo‘ladi, deyishmoqda, ishontirib aytaman unday bo‘lmaydi. “Bunyodkor” doim sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi.
Jahongir O‘rozov: “Bunyodkor” doim g‘alaba uchun maydonga tushadi. Barchaga yangi mavsumda omad yor bo‘lsin.
Shundan so‘ng, jamoaga kelib qo‘shilgan yangi futbolchilarga liboslar taqdim etildi.
Suhrobjon Sultonov - 32
Sardor Xursandov - 2
Dilshod Jo‘raev - 5
Usmonali Ismonaliev - 22
Husayn Ergashboev - 14
Dmitriy Pobulich - 11
Frantsis Narx - 8 (viza bilan bog‘liq muammo tufayli hali O‘zbekistonga etib kelmadi).
Liboslar topshirilgach, OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
- “Bunyodkor” uy o‘yinlarini boshqa stadionda o‘tkazishi haqida xabarlarni o‘qidik. Hatto jamoaga texnik mag‘lubiyat yozilishi mumkinligi haqida xabar berildi. Shu masalaga oydinlik kiritib bera olasizmi?
Ulug‘bek Mirzaev: - Biz mavsumni o‘z stadionimizda boshlashni xohladik, boshqa tomondan maydon holatini ham o‘ylashimiz kerak edi. Bugun klub prezidenti kelib tasdiqlab berdi: “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona” uchrashuvi “Bunyodkor” asosiy stadionida bo‘ladi. Balki keyingi uy o‘yinlarimiz boshqa stadionda bo‘lar, ammo 1-tur o‘z uyimizda o‘tkaziladi. O‘rinbosarlarimiz uchun esa akademiyamizda ko‘chma tribuna bunyod qildik va o‘sha erda o‘ynashga kelishib oldik.
- Turkiyadagi yig‘inda nimadan ko‘nglingiz to‘ldi-yu, nimadan qoniqmadingiz?
Shuhrat Maqsudov: - Bitta joyda yashadik va oilaga aylanib ketdik. Yaxshi raqiblar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdik. O‘rtoqlik o‘yinlaridagi natija u qadar muhim emas. Asosiysi, futbolchilarning o‘zaro til topishib ketishi. Turkiyadagi yig‘indan ko‘nglimiz to‘ldi.
Fikrlar