“Chelsi” yulduzi nega raqib jamoaga o‘tib ketganini aytdi
“Chelsi” futbolchisi Meyson Maunt faoliyatini “Manchester Yunayted”da davom ettiradigan bo‘ldi. London klubi eng iqtidorli futbolchilaridan birini ushlab qola olmadi.
24 yoshli yarim himoyachi nega “Chelsi”ni tark etib, ashaddiy raqiblardan hisoblangan “Manchester Yunayted”ga o‘tganini quyidagicha izohladi.
- Bir necha oy muqaddam “Chelsi”ning kelajakdagi rejalariga kiritilmaganimni bilib qoldim. O‘shanda “Manchester Yunayted” varianti chiqqan edi. Darrov transferga rozi bo‘ldim.
Bu klubda afsonaviy futbolchilar to‘p tepgan. Men buyuk klubning bir bo‘lagi bo‘lishni istayman, - dedi Meyson Maunt.
Maunt “Chelsi” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U klubga 2005 yili kelgan. Asosiy tarkibda jami 197 ta uchrashuvda maydonga tushib, 33 ta gol va 37 ta assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar