Chempionatlar tarixidagi eng g‘ayrioddiy yakunlar haqida eshitganmisiz?

  • 15.05.2020 19:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Koronavirus tufayli joriy etilgan karantin evaziga qator milliy chempionatlar ma’lum muddat to‘xtatib qo‘yildi. Mana, endi-endi ayrim birinchiliklarga ruxsat berilyapti. Ammo yakunlanmay qoladigan yoki natijasi bekor qilinishi kutilayotgan chempionatlar ham bor. Jahon futboli tarixida bunga qadar ham eng g‘ayrioddiy ko‘rinishda poyoniga etgan holatlar ham kuzatilgan. Quyidagi materialda shunday voqealar esga olib o‘tiladi.

Italiya (1926-27 mavsum)

1926-27 mavsumda chempionlik uchun eng asosiy da’vogar «Yuventus» bo‘lgandi. Turin shahri jamoasi bunday unvonni himoya qilishga juda yaqin kelgan edi. Shuni alohida ilova qilish joizki, o‘tgan asrning 20-yillarida Italiyada chempion butunlay boshqacha formatdagi o‘yinlar orqali aniqlanardi.

Qolaversa, o‘sha kezlarda yarim havaskor va havaskor jamoalar professional maqomga o‘tmagandilar. Xullas, 10 tadan jamoa mos ravishda «A» hamda «V» guruhiga ajratilardi. Ikkita konferentsiyadan eng yaxshi natijalarni qayd etgan 3 tadan klub final bosqichiga yo‘l olib, bir-biri bilan o‘zaro bellashgan holda g‘olibni aniqlardi.

Aynan mini-turnir ko‘rinishida o‘tgan o‘sha pley-offda sensatsion voqealar yuz bergan. «Yuventus» futbolchilari «Milan» va «Jenoa»ni mos ravishda 8:2 va 6:0 hisobida tor-mor keltirganidan so‘ng Turin derbisida «Torino» bilan uchrashishi kerak edi.

Buni qarangki, dastlab autsayder sifatida qaralgan «Torino» besh imkoniyatdan maksimal darajada foydalanib, hal qiluvchi bosqichga chiqqan va oxir-oqibat «Yuve» bilan g‘oliblik masalasini hal etishga kirishgan. Derbi kutilmaganda «Buqalar»ning «Byankonerlar» ustidan erishgan 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan nihoyasiga etgan. Ammo keyinchalik «Yuventus» tarkibidagi himoyachi Luiji Allamandining o‘yinni o‘sha davr uchun ancha katta bo‘lgan summa - 25 ming lira evaziga «Torino»ga sotganligi aniqlangan. Oqibatda o‘sha 1926-27 mavsumdagi «Torino» chempionligi federatsiya tomonidan bekor qilingan.

Germaniya (1944-45 mavsum)

Evropadagi qator mamlakatlardan farqli ravishda ikkinchi jahon urushini boshlagan Germaniyada harbiy harakatlar davom etayotgan pallada ham chempionat to‘xtatilmagandi. Tarixdan ma’lumki, natsistlar Germaniyasi 1933 yili gauligaga asos solgan holda futbol bo‘yicha birinchilik o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan edi. 1944-45 mavsumga kelganda oldingi birinchiliklarda ishtirok etgan regional mintaqalardagi klublarda faqat nom qolgandi xolos.

O‘z navbatida gauligada o‘sha kezlarda qo‘shni Polsha va Avstriyadagi jamoalar ishtirok etganligini qo‘shimcha qilish joiz. Lekin ikkinchi jahon urushi yakunlanib borishi arafasida o‘sha birinchilikdagi ahvol ham yomonlashib ketgandi. 1944 yil kuziga kelib, Germaniyada futbol mavsumlari 3-reyxning Sharqiy erlariga sovet armiyasi asta-sekinlik bilan kirib kelishi hisobiga muddatidan oldin yakunlangan. Aniqrog‘i, o‘yinlarni o‘tkazishning aslo iloji qolmagan. Qisqasi, gauligadagi birinchiliklardan faqat Gamburgdagisi nihoyasiga etkazilgan. O‘shanda mahalliy «Gamburg» gauliga tarixida ilk bor shohsupaga ko‘tarilgan.

Yugoslaviya (1991-92 mavsum)

Dastlab Makedoniya, so‘ngra Bosniya va Gertsegovina o‘zini mustaqil deya e’lon qilib, Yugoslaviyadan ajralib chiqqandi. O‘sha kezlarda sobiq Yugoslaviyada inqiroz barcha sohalarni, jumladan futbolni ham qamrab olgandi. 1991-92 mavsum davom etayotgan paytda Saraevo shahrining «Jeleznichar» klubi birinchilikdan ajralib chiqqandi. 1992 yil bahorida Bosniyada urush boshlangani tufayli birin-ketin boshqa jamoalar ham chempionatni tark etdi.  Masalan, «Sloboda» bilan «Velej» klublarini aytish mumkin.

O‘shanda Makedoniyaning «Vardar» jamoasi birinchilikni yutishga asosiy da’vogar sifatida e’tirof qilingandi. Biroq 18 ishtirokchidan 6 tasi musobaqadan chiqib ketgani uchun chempionatni nihoyasiga etkazishning iloji qolmagan. Shunday bo‘lsa-da, birinchilik rahbarlari g‘olibni e’lon qilishni ma’qul topganlar. Bunday maqom «Tsrvena Zvezda»ga berilgan edi. Ammo baribir UEFA buni tan olmagan.

Gretsiya (2010-11 mavsum)

2010-11 mavsum grek chempionatini «Olimpiakos» (Pirey) yutishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgandi. Chunki mashhur klub yaqin ta’qibchilaridan ancha ilgarilab ketgan holda musobaqa jadvalida 1-o‘rinni band etib turardi. O‘z navbatida elita autsayderlari «Asteras», «Larisa» va «Panserraikos» jamoalarining quyi divizionga tushib ketishiga hech kim shubhalanmasdan qo‘ygandi. Ammo chempionat nihoyasiga etishi arafasida grek futbolida korruptsion mojaro yuzaga kelgan.

«Koriopolis» nomi bilan barchaning e’tiborini tortgan o‘sha mashmasha tufayli superliga nihoyasiga etkazilmasdan qolgan. Chunki UEFA maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari asnosida grek futbolida kelishilgan o‘yinlarni tashkil etish, pullarni «yuvish» kabi jirkanch ishlar bilan bir emas, balki uchta klub shug‘ullangani  ochilgan.  Mana shunday ishlarning boshida «Olimpiakos» xo‘jayini Evangelos Marinakis (bilasiz, bu shaxsda yaqinda koronavirus aniqlangan) turgani fosh etilgandi.

Chili (2019 mavsum)

Oxirgi yillarda muddatidan oldin g‘ayrioddiy ko‘rinishda yakunlangan futbol chempionati bilan bog‘liq jarangdor holat Chili primerasida 2019 yilgi mavsumda kuzatildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, to bugungi kunga qadar ushbu yurtda mahalliy aholi tomonidan norozilik namoyishlari uyushtirib kelinmoqda. Bunga esa mamlakat iqtisodiyotida yuzaga kelgan chuqur inqiroz sabab bo‘lyapti. Tabiiyki, bunday notinchlikdan so‘ng Chili birinchiligi nihoyasiga etkazilmasdan qolgan. Vaholanki, chempionat nihoyasiga etishiga atigi 6 ta tur qolgandi xolos. Shunday vaziyatda ham baribir mahalliy futbol assotsiatsiya rahbariyati «Universidad Katolika» klubini chempion, deb e’lon qilgan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!