David Rayya: "Jamoaviy birlik "Arsenal" uchun hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin"
Londonning "Arsenal" klubi darvozaboni David Raya jamoadagi ijobiy muhit mavsumni muvaffaqiyatli yakunlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Jamoamiz juda ahil. Biz so‘zning to‘g‘ri ma’nosida do‘stlarmiz va shu bilan birga maydonda elkama-elka kurashadigan sheriklarmiz. Bu nafaqat futbolda, balki maydon tashqarisida ham hayotni engillashtiradi. Futboldan tashqari paytda ham istalgan jamoadoshing bilan birga vaqt o‘tkazishing mumkin. Menimcha, bu bizning yechinish xonamizdagi eng muhim jihat, – dedi Raya.
Darvozabonning so‘zlariga ko‘ra, u avval Blekbern Rovers hamda "Brentford" klublarida ham ajoyib muhitni ko‘rgan. Biroq "Arsenal"dagi holat o‘ziga xos.
– Bu yerda turli millat vakillari jamlangani va o‘zaro munosabatlarimiz alohida ahamiyatga ega. Jamoa ichida guruhlarga bo‘linish yoki ajralish sezilmaydi. Albatta, men ko‘proq ispan tilida so‘zlashadigan futbolchilar bilan muloqot qilaman, ammo barcha bilan umumiy til topish mumkin. Bu yerda qandaydir o‘ziga xoslik bor. O‘ylaymanki, bu bosh murabbiy va uning shtabi yaratgan muhit samarasidir. Biz nafaqat bir-birimiz bilan, balki murabbiylar shtabi bilan ham yaxshi munosabatdamiz, – deya qo‘shimcha qildi u.
Rayaning fikricha, jamoaviy birlik mavsum yakunida hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.
– Bu juda muhim jihat. Birgalikda maqsadlarimizga erishish va mavsumni tarixiy qilish ajoyib bo‘lardi. Biz futbolni aynan shuning uchun o‘ynaymiz, "Arsenal" sharafini himoya qilamiz. Bu yerga kelgan har bir futbolchi sovrin yutish, alohida yutuqlarga erishish va muxlislarni quvontirishni istaydi. Bu bizning uchun haqiqatan ham katta ahamiyatga ega, – dedi darvozabon.
Fikrlar