Davron Fayziev o‘ziga qiziqish bildirayotgan "Surxon" va boshqa takliflarga qanday javob berdi? U "Qo‘qon-1912"ni tark etadimi?

  • 29.12.2020 13:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Jizzaxlik murabbiy Davron Fayziev odatda qiyin sharoitdagi klublarni boshqarib, ularni elitada saqlab qolishi bilan ko‘proq tanilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu mavsumda esa “Qo‘qon-1912”da bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovga yaqindan ko‘maklashdi. Lekin Fayzievni bosh murabbiy bo‘lib ishlashiga ko‘pchilik o‘rganib qolgani uchun unga mavsum davomida takliflar bo‘lib turdi va bu holat hozir ham davom etyapti.

Sports.uz muxbiri Fayziev bilan Qo‘qondagi faoliyati, ikkinchi murabbiy bo‘lib ishlash o‘ziga qanchalik yoqishi, yangi mavsumda mustaqil ishlaydimi-yo‘qmi, shu kabi savollarga javob oldi.

“Ashurmatov boshchiligida yaxshi ishlarni bajardik”

-  Har bir jamoa uchun bu yil juda qiyin o‘tdi. Bunga koronavirus asosiy sabab bo‘ldi. Shuning uchun chempionatni dekabr oyida yakunlashga majbur bo‘ldik. Mavsum juda uzoq davom etdi. To‘xtalishlar ko‘p bo‘ldi. Menimcha, shu sabab tufayli hamma klub bir tekisda ishtirok eta olmadi. Shu jumladan “Qo‘qon-1912”ni ham mavsumni bir xil tempda o‘tkaza oldi deb ayta olmayman. Baxtiyor Ashurmatov boshchiligida yaxshi ishlarni olib bordik. Bunga natija misolida qarash mumkin. Lekin bundan-da yuqori ko‘rsatkichni qayd etishimiz mumkin edi. Baribir to‘xtalishlar yuz bergani qaerdadir xalaqit qildi. Statistikaga qarasak, Qo‘qon jamoasi pastki o‘rinlarni egallab kelayotgandi. Bu yilgi 5-o‘rinni esa yaxshi natija deb hisoblayman. Harqalay o‘tgan yilgi natija bilan solishtirganda qoniqarli deb hisoblasak bo‘ladi. Chempionat oxirigacha qiziq davom etdi, kurashlar kechdi. Albatta, “Paxtakor” bundan mustasno. Bu klubning boshqalardan bir daraja ustunligi chempionat davomida ko‘rinib turdi. Jamoamizni qo‘llab turgan va og‘ir sharoitda ham sharoitlarni yaratib bergani uchun klub rahbariyatiga rahmat aytaman.

“Shartnomam tugayotgan bo‘lsa ham o‘zimcha ketdim deb aytmayman”

-  Klub bilan tuzgan shartnomam shu yilning 31 dekabrgacha. Takliflar bo‘ldi, mavsum o‘rtasida ham, oxirida ham. O‘sha payt ko‘pchilik Davron Fayziev ketadi deb o‘ylashdi. Ammo menda shunday xususiyat borki, bir jamoaga borgandan so‘ng, ishni oxirigacha etkazib qo‘yishni istayman. Lekin yomon takliflar bo‘lmagandi. Endi “Qo‘qon-1912”da qolasizmi yoki ketasizmi, degan savol bo‘lishi tabiiy. Hozir ham takliflar bor, yo‘q emas. Oldin klub rahbarlari bilan maslahatlashaman va keyin qaror qabul qilaman. Shartnomam tugayotgan bo‘lsa ham o‘zimcha ketdim deb aytmayman. Klub rahbarlari, fidoyilari bor. Baribir ularning oldidan o‘tib, keyin qaror qabul qilsam kerak. Bosh murabbiy yoki maslahatchi murabbiylikni farqi yo‘q, klubga ozgina bo‘lsa ham hissam qo‘shilayotganidan xursandman. Qolgani rahbariyat bilan maslahatlashgan holda bo‘ladi.

“Bosh murabbiy yoki yordamchi murabbiylikning farqi yo‘q”

-  Bosh murabbiy baribir hamma joyda bosh murabbiy! Yordamchi sifatida o‘zimni qanday his qilyapman? Hammaning fikri bir joydan chiqqanidan keyin siz bosh murabbiy, unisi yordamchi murabbiy, buning farqi yo‘q. Shuning uchun klubda bu narsa ahamiyat kasb etayotgani yo‘q. Misol uchun Qo‘qonda o‘zimni ajoyib his qilyapman. Yil boshida bizga ishonib vazifa yuklashdi va oxirida buni ozroq bo‘lsa ham yuqori notada tugatdik. 16 dekabrda chempionatni yakunladik, hali klubdagilar bilan yig‘ilib, gaplashganimiz yo‘q. Yangi yildan keyin rejamiz bo‘yicha 4 yanvarda Qo‘qonda to‘planamiz. O‘shanda hamma masalalar hal bo‘ladi deb o‘ylayman.

“Surxon”ga vaziyatni tushuntirdim, ular meni kutadimi-yo‘qmi bilmayman”

-  “Surxon”dan tushgan taklifga munosabatim yaxshi. Ularning taklifini o‘zim uchun o‘rganib, ko‘rib chiqyapman. Yomon chaqiruv emas. Lekin barchasi “Qo‘qon-1912” rahbariyatiga bog‘liq. Boshida kelishganimizdek, har bir qarorni jamoani hurmat qilgan holda rahbarlar bilan birga ko‘rib chiqamiz. Kaptarga o‘xshab kelding, don cho‘qiding va uchib ketding, qabilida ish bo‘lmasligi kerak. “Surxon” rahbariyatiga ham vaziyatni tushuntirdim, o‘zimcha qaror qabul qilmasligimni va “Qo‘qon-1912” mutasaddilari bilan maslahatlashishimni, yangi yilgacha vaqt berishlarini aytganman. “Surxon” meni kutyaptimi-yo‘qmi, buni bilmadim. Agar javobim qoniqtirmagan bo‘lsa, boshqa variantlarni ko‘rib chiqishlaring mumkin, hech qanday xafagarchilik yo‘q, deb ham aytganman. Bundan tashqari, yana boshqa klublardan ham takliflar bo‘ldi va barchasiga bir xil javob berdim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!