
Denis Ivankov: "Paxtakor"dan ketishim Arveladze bilan bog‘liq emas, ammo yana birga ishlash imkoni bo‘lsa, nega yo‘q deyishim kerak?
“Paxtakor”da qanday o‘zgarishlar yuz berganidan endi barcha xabardor. Gruziyalik Shota Arveladze shartnomasi tugagani sababli klubni tark etishga qaror qildi. Uning ortidan yana ayrim murabbiylar ham ketishdi. “Paxtakor”dan ketgan mutaxassislar orasida Denis Ivankov ham bor.
Uni hamma yaxshi biladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Denis Aleksandrovich yurtimizda eng yaxshi darvozabonlar murabbiyi deya tan olingan. Darhaqiqat, unda boy tajriba bor. Yodingizda bo‘lsa, Ivankov o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida “Paxtakor”da ish boshlagandi. Lekin uning “Sherlar” safidagi faoliyati uzoq davom etmadi. 2020 yilgi chempionat yakunlanganidan keyin u ham klubni tark etgani ma’lum bo‘ldi. Ivankov avvalo buning sababini quyidagicha tushuntirdi:
- Bunga javobim shuki, klub rahbariyati bilan fikrimiz bir joydan chiqmay qolgani bois o‘rtadagi hamkorlikni to‘xtatishni ma’qul ko‘rdik.
Denis Aleksandrovich doim dangal gapirib turaveradi. U biror nimani yashirishga ham odatlanmagan. Shuning uchun “Paxtakor”dan ketishini rahbariyat bilan fikri bir joydan chiqmagani bilan izohladi. Lekin bizda yana bir faraz ham yo‘q emas. Unga ko‘ra, balki Arveladzening ketishi ortidan Ivankov ham “Paxtakor”ni tark etgandir. Ya’ni, Shota Yustinovich tufayli darvozabonlar murabbiyi ham ketgan bo‘lishi mumkinmi?
- Yo‘q, Arveladzening “Paxtakor”dan ketishi mening klub bilan xayrlashishimga hech qanday ta’sir o‘tkazgani yo‘q. Arveladze o‘z xohishiga, men esa o‘z qarashlarimdan kelib chiqqan holda jamoadan ketdim. Bu erda Arveladzening klubdan ketishimga hech qanday aloqasi yo‘qligini alohida ta’kidlab o‘tishim joiz. Agar rahbariyat bilan fikrimiz bir joydan chiqqanida hozir ham “Paxtakor”da ishlayotgan bo‘lardim, - dedi Denis Aleksandrovich.
U qaerda ishlamasin hamisha o‘z tajribasi bilan asqotib keladi. “Paxtakor” chempion jamoa. Qiziq, Ivankov u erda ishlash orqali nimadir bera oldimi yoki o‘zi nimadir o‘rgandimi? Qolaversa, Ivankov bilan birga turkiyalik boshqa bir darvozabonlar murabbiyi ham ishlagandi.
- “Paxtakor”da o‘z murabbiylik falsafamga binoan sidqidildan mehnat qildim. Turkiyalik murabbiydan nimani o‘rgandingiz, deysizmi? Hech narsani. Aksincha, u juda bo‘sh mutaxassis ekan. Qolaversa, o‘ziga yarasha tajribam borligi uchun boshqalardan nimanidir o‘rganishimga hech qanday extiyoj sezmayman. Bizda tanqidlar doim salbiy ko‘rinishda qabul qilinadi. Men kimnidir keskin ravishda tanqid qilganim yo‘q. Ehtimol, darvozabonlar murabbiyi haqida fikr bildirganimda biroz bo‘rttirib yuborgan bo‘lishim mumkin. Lekin buni keskin tanqid o‘rnida qabul qilmaslik kerak.
Endi uning yangi ish joyi haqida ham qiziqishimiz tabiiy edi. Chunki bunday mutaxassislarga doim extiyoj sezilaveradi. Unutmaslik kerakki, u milliy terma jamoamizda ham darvozabonlar murabbiyi sifatida ishlab kelmoqda. Undan keyingi rejalari haqida ham so‘radik.
- Albatta, xizmatimga chet eldan takliflar yo‘q emas. Ammo hali bu masalada hech narsa aniq emasligi bois aynan qaysi klublardan qiziqish bo‘layotganini aytishim mantiqan to‘g‘ri bo‘lmasdi. Hammasi qanday bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi. Hozirdan bu masalada biror narsa deyish amrimahol. Rejalarga kelsak, terma jamoa bilan fevral oyida amirliklarda bo‘lib o‘tadigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga hozirlik ko‘rishni boshlab yuborganmiz. Xudoga shukrki, “Paxtakor”dan ketgan bo‘lsam ham terma jamoadagi ishimni davom ettiryapman.
Ivankov Arveladze xususida juda iliq fikrda ekanligi ma’lum. Gruziyalik mutaxassis bilan yana birga ishlash niyati bormi? Denis Aleksandrovich uning klubda olib borgan ishi va yana birga ishlash xohishi bor yoki yo‘qligi haqidagi masalaga ham atroflicha munosabat bildirib o‘tdi.
- Tabiiyki, Arveladze “Paxtakor” uchun ko‘p ishlarni amalga oshira oldi. U nafaqat aynan klubning o‘ziga, balki akademiya va uning tizimiga taalluqli bo‘lgan bir qancha foydali ishlarni amalga oshirdi. Bundan keyin ham klubdagilar shu yo‘nalishda davom etsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi deb o‘ylayman. Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, bu tanganing oldi va orqa tomoni bo‘lgani kabi unga dabdurustdan javob qaytarishim mushkul. Bilasizmi, o‘z vaqtida “Manchester Yunayted”ni Ser Alekssiz, “Neftchi”ni esa Sarkisyansiz tasavvur qilish mushkul edi. Biroq hayot davom etadi. Shu asnoda go‘yoki o‘zgarmaydigandek tuyulgan narsalar ham butunlay boshqacha ko‘rinish oladi. Shak-shubhasiz Shota “Paxtakor”da uzoq muddat ishlamagan bo‘lsa ham klub manfaatlari yo‘lida katta mehnat qildi. Agar Shota bundan keyin ham birga ishlashni taklif etsa, albatta, buni jon dildan qabul qilaman. Chunki u yaxshi inson va mutaxassis. Shunday odam bilan birga ishlash imkoni tug‘ilsa, uzoq o‘ylanib o‘tirmay darhol rozilik beraman.
Fikrlar