Dilshod Nuraliev: Terma jamoamizning g‘alabasi yubileyim uchun katta sovg‘a bo‘ldi

  • 20 noyabr, 2019, 20:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Milliy terma jamoamiz o‘z maydonida Falastin termasini qabul qilib 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va shu bilan ularning maydonidagi mag‘lubiyat uchun revansh olishdi. Odatda, terma jamoamizning har bir o‘yinidan keyin mutaxassislar tomonidan o‘ziga xos fikr va mulohazalar bildiriladi. Yurtimizga taniqli va ko‘zga ko‘ringan mutaxassis Dilshod Nuraliev uchun esa terma jamoamizning g‘alabasi alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki aynan terma jamoamiz o‘yin o‘tkazgan 19 noyabr kuni Nuraliev o‘zining 50 yoshini qarshiladi. Shu sababli O‘zbekistonning g‘alabasi Dilshod Nuralievning yubileyi uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Tabiiyki, o‘yindan keyin ushbu mutaxassis o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Avvalambor sizni yubiley 50 yoshingiz bilan tabriklaymiz. Tug‘ilgan kuningizda milliy terma jamoamiz Falastinga qarshi uchrashuvda muhim g‘alabani qo‘lga kiritib muxlislarni xursand qildi. Ayting-chi, terma jamoamizning g‘alabasi sizning tug‘ilgan kuningiz uchun munosib sovg‘a bo‘ldi desak bo‘laveradimi?

- Albatta, bugun milliy terma jamoamizning g‘alaba qozongani juda yoqimli holat bo‘ldi. Ayniqsa, Saudiya Arabistoni bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng bugun futbolchilarimizning o‘z o‘yinini topib munosib harakat qilishgani barchamizni xursand qildi. Shu jumladan meni ham quvontirdi. Ayniqsa, yubiley tug‘ilgan kunimga katta sovg‘a bo‘ldi deb o‘ylayman. Albatta, milliy terma jamoamizda men tanigan va bilgan o‘yinchilar ham bor. Ulardan biri Sanjar Qodirqulov bo‘lib, uni o‘z vaqtida jahon chempionatiga olib borganman. Mana, endilikda uni milliy terma jamoa libosida o‘ynayotgani meni ham juda xursand qilmoqda.

- Shu o‘rinda terma jamoamizning bundan oldingi Saudiyaga yutqazgan o‘yiniga qanday izoh bergan bo‘lardingiz?

- To‘g‘ri, o‘sha kuni yigitlarimiz mag‘lubiyatga uchrashdi-yu, ammo jamoamiz yomon o‘ynamagandi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda jangovor o‘yin ko‘rsatishgandi. Ikkinchi bo‘limni ham yaxshi boshlashgandi. Faqat ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmidan so‘ng futbolchilarimizning jismoniy holati toliqib qolganligi sababli mag‘lubiyatga uchragandik deb o‘ylayman. Lekin bu holatda o‘yinchilarimizni ham, murabbiyni ham ayblab bo‘lmaydi. Murabbiy eng yaxshi futbolchilarni terma jamoaga jalb qilgan. Kimdir o‘yinchi almashtirishda unday yoki bunday yo‘l tutish kerak edi, deb o‘z fikrlarini bildirishdi. Agar Vadim Karlenovich hammasini bilganida edi, balki o‘sha o‘yinchi almashtirishni amalga oshirmagan bo‘lishi mumkin edi. U zaxiradagi futbolchilarga ishonib maydonga tushirgandi. O‘ylaymanki, terma jamoamiz bir yarim bo‘lim mobaynida yomon o‘yin ko‘rsatishmadi. Faqat oxiriga kelganda yigitlarimizning kuchlari etmay qoldi.

- Shuningdek, Falastinga qarshi uchrashuvning oxirgi 10 daqiqasida ham futbolchilarimizning charchab qolganligi ko‘rinib qoldi. Bu esa jamoamizning jismoniy tomondan toliqib qolganligini bildiradimi?

- Bilasizmi, terma jamoa murabbiyiga futbolchilarning jismoniy holatini yanada yaxshilashga vaqti ham etmaydi. O‘yinchilarga ko‘proq klublaridagi murabbiylari va o‘sha erdagi jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassislari e’tibor berishsa to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki futbolchilar terma jamoaga kelganda murabbiyda ko‘pi bilan ikki haftacha vaqt bo‘ladi. Bunday vaqt ichida o‘yinchilarning jismoniy holatini ko‘tarish qiyin masala hisoblanadi.

- Falastinni yutganimizdan so‘ng yana 1-o‘ringa chiqib oldik. Ammo unutmaslik kerakki, hisobimizda ikkita mag‘lubiyat bor va biz ham vaqti kelganda tur o‘yinlari chog‘ida dam olamiz. Umuman olganda, guruhdagi hozirgi vaziyat tashvishlanarli emasmi?

- Albatta, hozirgi jarayonda tashvishli holat bor. Biz uchun har bir o‘yin muhim va ayniqsa, har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish kerak. Baribir menimcha, Saudiyaga qarshi oxirgi uchrashuv ko‘p narsaga oydinlik kiritib bersa kerak.

- Umuman, Vadim Abramov terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lib kelgach, yana muxlislarning ishonchi ortdi hamda vakillarimizning jahon chempionatiga chiqishiga ishona boshladilar. Baribir asosiysi – bu uchinchi bosqich hisoblanadi. Shunday ekan, Abramov jamoasi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqanda yanada kuchayishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak deb hisoblaysiz?

- Boya aytganimdek, har bitta uchrashuv biz uchun juda muhim. Ayniqsa, bu saralashdan o‘tib, keyingi bosqichga chiqsak, yanada jiddiy uchrashuvlar kutib turibdi. Chunki oxirgi yillarda Osiyoda va uning har bir mamlakatida futbol rivojlanib kelmoqda. Lekin shu bilan birga yurtimizda ham futbol oldinga qarab siljimoqda. Umuman aytganda, oldingiga ko‘ra, hozirgi paytda Osiyoda raqobat kuchayib ketdi. Shu bois hamma uchrashuv muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, qarshimizda yanada jiddiy raqiblar bo‘ladi. Tabiiyki, tayyorgarliklar ham shunga yarasha bo‘ladi. Shuningdek, bosh murabbiyga vaqt kerak. Lekin bunday qisqa fursat ichida inqilobiy o‘zgarish bo‘ladi deyish ham menimcha noto‘g‘ri bo‘ladi. Muhimi, yigitlarimizda o‘zlariga bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi. O‘yin uslubi o‘zgardi. Tomoshabop o‘yin ko‘rsatishni boshlashdi. Albatta, o‘yinimizning qaeridadir kamchiliklar bor, yo‘q emas. Lekin Vadim Karlenovich barchasini bilib turibdi va mavjud kamchiliklarni yo‘qotadi deb o‘ylayman. Biz yaxshi niyat qilamiz va jahon chempionatiga chiqamiz deb umid qilamiz.

- Ko‘pchilik Abramovni tavakkalchi deyishadi. Siz ham bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Tavakkalchi nima degani? Vadim Karlenovich ko‘proq hujumkor futbolni yoqtiradi. Uning tajribasi bor va kerakli uchrashuvlarda nima qilish lozimligini biladi. Jiddiy raqiblarga qarshi uchrashuvlarda u himoyaviy o‘yin uslubini ham shakllantirib boradi deb o‘ylayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!