Eldor Shomurodov "Roma"dagi qiyinchiliklari haqida gapirdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Istanbul Boshakshehir" hujumchisi Eldor Shomurodov Kun.uz YouTube kanaliga katta intervyu berdi. Futbolchi suhbat davomida "Roma"dagi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi.
— "Eng qiyin ko‘chish — "Roma" deb ayta olaman. "Roma"ga borgan vaqtim va o‘sha davr meni futbolchi sifatida emas, inson sifatida ham ko‘p narsani o‘rganishimga sabab bo‘ldi. Bu qiyinchilik emas, men uchun katta dars bo‘ldi, deb ayta olaman. Aynan o‘shanda o‘zgarganimni tushundim. Chunki eng katta orzum Evropada o‘ynash edi va men "Jenoa"ga keldim.
"Jenoa"da hammasi yaxshi edi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilsam ham o‘ynab, o‘zimni ko‘rsatganimdan keyin "Roma" meni sotib oldi. Bu katta jamoa va katta futbolchi bo‘ldim degan xayol bilan o‘tganman.
Boshida hammasi yaxshi edi. Jamoada Edin Jeko asosiy hujumchi edi, men esa unga yordamchi sifatida olinganman. Lekin borishim bilan Jeko ketib qoldi. Shundan keyin bitta o‘zim qoldim, hali hujumchi sotib olinmagan edi. O‘rtoqlik uchrashuvlarida ham gol urib, o‘zimga ishonchim ortgan edi.
Keyin esa Temmi Abraham sotib olindi va men zaxiraga o‘tkazildim. Hayolimda esa hali ham yaxshi futbolchiman, faqat murabbiy imkoniyat bermayapti, deb o‘ylab yurdim. Bu murabbiyning aybi, u maydonga tushirmaganidan keyin qanday qilib o‘ynayman, 10 minutda o‘zimni ko‘rsata olmayman, deb o‘zimni tinchlantirdim.
Shunday holatda bir yarim yil o‘tib ketdi. Lekin o‘z ustingda ishlamasang, o‘sishdan to‘xtaysan.O‘shanda shu narsani tushundim. Inson doim ishlashi kerak. Agar sen to‘xtasang, orqaga ketasan. "Roma"dagi davr menga juda katta tajriba berdi. Men u yerda nafaqat futbolchi, balki inson sifatida ham o‘zgardim".
Fikrlar