Endi hakamlar akademiyasi tashkil etiladi
Hakamlik masalasi ham biz uchun alohida mavzuga aylanib qolgan, shunday emasmi? Yakuniga etgan mavsumda ham referilar bilan bog‘liq bir qator bahsli vaziyatlarga ham guvoh bo‘ldik. Ayrimlari esa faoliyatidan chetlatildi ham.
Ushbu sohaning ilg‘or mutaxassisi bo‘lgan Ravshan Ermatov esa imkoni qadar hakamlik saviyasini oshirish uchun amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishga harakat qilib kelyapti. Shu maqsadda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida hakamlar va nazoratchilar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. O‘FA matbuot xizmatining xabar berishicha, unda birinchi vitse-prezident Ravshan Ermatov ishtirok etdi. Kun tartibidan yakuniga etgan mavsum tahlili, kelayotgan yilga rejalar, soha rivojiga qaratilgan yangi dasturlar muhokamasi joy oldi.
“Biz har bir viloyatda selektsiya ishlarini kuchaytirishimiz zarur. Tajribali hakamlar va nazoratchilardan iborat mutaxassislar doimiy ravishda yosh hakamlar faoliyatini monitoring qilishi va tahlil etishi kerak. Ushbu selektsiya ishlari natijasida har bir hududdan 20-25 ga yaqin hakamlar tayyorlash dasturi ishlab chiqildi. Mazkur dastur hakamlik darajasini tizimli ravishda ko‘tarib borish imkonini beradi”, - dedi Ravshan Ermatov.

Shuningdek, OFA va bir qancha nufuzli assotsiatsiyalar tajribasidan kelib chiqib, yurtimizda hakamlar akademiyasini tashkil etish taklifi bildirildi. Bu o‘z navbatida mahoratli mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Futbol akademiyalarini bitirayotgan, biroq futbolchi bo‘lolmagan yoshlarimizni professional hakam, nazoratchi sohasiga yo‘naltirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi. Keyingi yilga fitnes normativ va me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilishi muhokama etildi.
Yig‘ilishda hakamlikni yuqori darajaga olib chiqish borasida maxsus seminarlar va kurslarni davomli o‘tkazib borish, har bitta hududda ayollar hakamligini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi, - deyiladi matbuot xizmatining xabarida.
Fikrlar