Endi "Uzreport" telekanalida evrofutbol ko‘rmaymizmi?
Xabaringiz bor, bir necha kun avval "Uzreport TV" Pro liga uchrashuvlari translyatsiya huquqini qo‘lga kiritgandi. Shundan so‘ng ko‘pchilikda havotir paydo bo‘ldi - endi bu kanalda xorij chempionatlari o‘rniga Pro liga o‘yinlari ko‘rsatiladimi? degan. Aksariyat insonlarda shunga o‘xshash fikrlar paydo bo‘lgani uchun PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev telegramdagi o‘zining sahifasida shunday dedi:
- Hech qancha! Shunday savollar bo‘layotgani uchun javob berib ketishni lozim deb topdim. Xavotirga o‘rin yo‘q, Pro liga siz sevib tomosha qilayotgan futbollar o‘rniga efirga chiqmaydi, u "UzReport"da o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.
Axir kim ham evrofutbolni Pro liga bilan almashtirishi mumkin?! Bu aqlga sig‘maydi. Evrofutbol o‘z auditoriyasi ega, uning translyatsiyasi allaqachonlar aniq yo‘nalishini topib ulgurgan. Ularning orasiga hatto boshqa chempionatni joylashtirishning imkoni yo‘q. Sababi ba’zida A seriyaning o‘zi ortiqchadek tuyuladi. Asosan shanba va yakshanba kunlari bo‘lib o‘tadigan uch chempionat uchrashuvlarini programmaga kiritishning o‘zi mushkul. Har safar qaysidir yaxshi o‘yindan voz kechishga to‘g‘ri keladi, chunki undan yaxshiroqlari, albatta, chiqadi. Shuning uchun bu raqobatning ichiga to‘rtinchi chempionatni qo‘shishning iloji yo‘q.
Nima qilamiz? Pro liga taqvimini "UzReport" programmasidan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqamiz. Ya’ni, bizning Pro liga evrofutbolga halal qiladigan kunlarda yoki kamida soatlarda bo‘lmaydi. Biz 2021 yildan boshlab hattoki Superliga uchrashuvlarini evrofutbol bilan kesishmaydigan vaqtlarga joylashtirishni rejalashtirganmiz. Bu haqda Sport-TV rahbari bilan fikr almashib ulgurganmiz. Chunki aniq bilamizki, evrofutbol bilan raqobat qila olmaymiz. O‘sha evrofutbol auditoriyasi mehrini sekin-asta qozonish uchun ham programmada yo‘llarimiz kesishmasligi shart. Evrofutbol muxlislarining diqqatlari bo‘shroq sanalarni nishonga olamiz. Ha, ular tanqid qilishlari, hazm qila olmasliklari katta ehtimol, ammo birlamchi vazifamiz ularning diqqatini tortish. Diqqat tortilishi uchun esa o‘sha muxlislarning ko‘zlari evrofutbolda bo‘lmasligi kerak.
Evrofutbolni o‘zimiz ham ko‘rishni istaymiz. Evrofutbolni nafaqat biz, murabbiylarimiz-u futbolchilarimiz ham ko‘rishlaridan manfaatdormiz. Chunki o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p, - deya yozib qoldirdi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar