
Engilmayotgan Islom Ahmedovni klubda olib qolishdi. Maqsad esa o‘ta jiddiy!
Hamyurtimiz Islom Ahmedovni Qirg‘iziston chempionatida faoliyat olib borayotgani hamda muvaffaqiyatli ishtiroki xususida saytimiz orqali ma’lum qilib bormoqdamiz.
Mavsum o‘rtalarida ish boshlagan Islom Ahmedov qo‘shni chempionatda mehnati va natijalari orqali darhol o‘zidan iliq taassurot qoldira boshladi. Uning boshchiligidagi “Abdish-Ata” klubi mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Bu borada bizning murabbiy o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddaladi.
Shuningdek, yana bir asosiy vazifa bu OFK Kubogida muvaffaqiyatli qatnashishdan iborat edi. “Abdish-Ata” “E” guruhida “Oltin Asr”, “Merv” (ikkalasi - Turkmanston) va “Ravshan” (Tojikiston) jamoalari bilan joy oldi.
Ahmedov jamoasi 6 ta o‘yinning 5 tasida g‘alaba va 1 tasida durang qayd etib, 16 ochko jamg‘argan holda 1-o‘rin bilan keyingi bosqich masalasini hal qildi.
Yaqinda xabar berganimizdek, Islom Ahmedov Qirg‘izistonda yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun uchta nomzoddan biri edi. Lekin kecha bo‘lib o‘tgan “KFU FOOTBALL AWARDS 2023” taqdirlash marosimida “Tanant” jamoasi ustozi va Qirg‘iziston terma jamoasi yordamchi murabbiyi Urmat Abdukaimov eng yaxshi murabbiyi nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Ammo Islom Ahmedovni Qirg‘izistonda ish boshlaganidan beri qayd etgan natijasi yanada e’tibordi. Gap shundaki, hamyurtimiz “Abdish-Ata” boshqaruvini o‘z qo‘liga olganidan beri bu klub mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti. Natijalar shuni ko‘rsatyaptiki, Ahmedov boshchiligida jamoa 13 ta o‘yinning 11 tasida g‘alaba qozondi va 2 tasida durang qayd etdi. To‘plar nisbati 34\13. G‘alabalar foizi 84.6 % ni ko‘rsatmoqda.
Yana bir gap: Islom Ahmedov “Abdish-Ata” bilan shu yilning 14 dekabr kunigacha shartnoma imzolagandi. Natijalar esa ko‘rib turganingizdek, qoniqarli darajada. OFK Kubogida muvaffaqiyatli ishtirokdan keyinoq klub rahbariyati hamyurtimiz bilan shartnomani uzaytirish haqida o‘ylashni boshlagan va yakunda “Abdish-Ata” o‘zi va muxlislarini xursand qiladigan kelishuvga erishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Islom Ahmedov bilan shartnoma 2025 yilga qadar uzaytirilgan. Asosiy maqsad esa OFK Kubogini qo‘lga kiritish. Ha, jiddiy vazifa! Klub rahbariyati qo‘yilgan maqsadga bizning mutaxassis bilan erishilishiga ishonishgani uchun ham ikki yillik kelishuv imzolandi.
Biz uchun ham endi yanada qiziq: Islom Ahmedov jamoasi bilan OFK Kubogini qo‘lga kirita oladimi? Yaqinda uning o‘zi ham Sports.uz ga bergan intervyusida asosiy vazifa ushbu musobaqada g‘olib chiqish ekanligini alohida aytib o‘tgandi.
Hozircha mag‘lubiyat nimaligni bilmayotgan hamyurtimiz allaqachon yangi mavsum uchun rejalar ishlab chiqishni boshlagan. Balki asosiy maqsadga erishish yo‘lida o‘zbekistonlik futbolchilarning ham xizmatidan foydalansa ajab emas. Voqealar rivojini kuzatamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar