
Eshitdingizmi, "Surxon" boy klubga aylanadi?! Buning uchun Superligada qolishi kerakmi yoxud Haydarov jamoasini "Nasaf" bilan o‘yinda nima ruhlantirdi?
“Surxon” klubi Superliganing 19-tur qoldirilgan uchrashuvida o‘z uyida “Nasaf” bilan kuch sinashdi va 2:2 hisobida durang o‘ynab bir ochkoni qo‘lga kiritdi. O‘yin jarayoni qanday o‘tganini endi ko‘pchilik biladi. Maydon egalari 0:2 hisobida ortda qolayotib yakunda ikkita gol urib mag‘lubiyatdan qutulib qoldilar. Shu sababli “Surxon” ligada qolish uchun kurashda qimmatli bir ochkoni qo‘lga kiritdi. Termizliklar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov Sports.uz muxbiri bilan muloqotda dastlab o‘yindan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Birinchi taymda “Nasaf” bizdan kuchliroq o‘ynadi. To‘pni ham nazorat qilishdi. Umuman, jamoamizda ko‘p narsa o‘xshamadi. Biz boshqacha o‘yin uslubini tanlagandik, to‘pni o‘zimizda nazorat qilmoqchi edik, ammo bu o‘zini oqlamadi. Raqibga to‘plarni oldirib qo‘ydik. Ikkinchi bo‘limda esa o‘yin uslubimizni o‘zgartirdik va bu o‘z natijasini berdi. Faqat gollarni o‘z xatolarimiz evaziga o‘tkazib yuborganimiz ishimizni qiyinlashtirib qo‘ydi. Asosiysi, futbolchilarimiz “sinmadi”. Omadimiz ham keldi. 0:2 dan keyin javob gollarini vaqtida urib oldik. Bitta gol urganimizdan keyin durangga imkoniyat bo‘ldi, bunga erishganimizdan so‘ng endi g‘alaba uchun ham imkoniyatimiz paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, “Nasaf”da ham ikki-uchta yaqqol golli vaziyatlar bo‘ldi, bizda ham. Umumiy olib qaraganda, biz murabbiylar shtabi natijadan qoniqish hosil qildik. Ammo u qadar xursand bo‘lib ketmadik. Boisi, vazifamiz bajarilmadi, faqat bir ochko oldik. Shunchaki, “Nasaf”ga qarshi 0:2 ni 2:2 ga aylantirganimizdan muxlislar ham qoniqdilar deb o‘ylayman. Bu natijadan xafa bo‘lmadik.
Balki bu durang “Surxon” uchun g‘alabaga tengdir. O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, mezbonlar 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotib o‘zida kuch va iroda topa oldi va ikkita gol urib qiyin vaziyatdan chiqib ketdi. Jamoa qanday qilib xarakterini ko‘rsata olgani biz uchun qiziq edi. “Surxon” ustozi vaziyatga quyidagicha izoh berdi.
- O‘yin paytida har xil xayol o‘tadi. 0:2 bo‘lib turganida yutqazdik deb o‘ylash mumkin yoki oxirigacha yutuqqa ishongingiz ham keladi. Ammo o‘yinda o‘ylagandimki, “Nasaf” ikki-uchta uchrashuvdan beri og‘ir o‘yinlarni o‘tkazyapti. OFK Kubogida ham qiynaldi. Chempionatda ham qiyin o‘yinlarda qatnashdi. Safarga borib kelishlar ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Tarkibida garchi mahoratli o‘yinchilari bo‘lsa-da, 60-70-daqiqadan keyin jamoaning o‘yin sifati yo‘qoldi va biz buni kutgandik. Birinchi taymdan keyin futbolchilarimizga ozgina chidaylik, raqib to‘xtaydi deb aytgandik. Bitta sababi charchoq alomati bo‘lsa, ikkinchi sababi ularning ko‘p o‘yinchilari yosh va hisob 2:0 bo‘lib turganida jamoa bo‘shashib qoladi. Vaqtida gol urganimiz bizga qo‘l keldi. Bunday paytda raqib jamoaning o‘zini tiklab olishi qiyin bo‘ladi. Gol bizni ruhlantirdi va o‘yinimiz ham qovushdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilarimiz o‘yinni kuchaytirdilar.
Darvoqe, ikkala jamoa o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasi “Surxon” uchun shunchaki daxshatli edi. Boisi, Termiz klubi 1999 yildan beri “Nasaf”ni yutolmayotgani, oxirgi marta 2000 yili durang o‘ynagani haqida uchrashuvdan avval saytimiz orqali alohida maqola ham chop etgandik. Bu xususida ham Bahrom Haydarov o‘z fikrini bildirdi.
- O‘yindan oldin statistikadan xabarimiz bor edi. Chunki 2000 yilgi o‘yinda men ham “Nasaf” tarkibida “Surxon”ga qarshi o‘ynaganman. Undan keyin ham bir necha bor “Surxon”ga qarshi o‘ynaganmiz va doim yutganmiz. O‘tgan yili ikkala uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchradik. “Surxon”ning “Nasaf”ga ancha yillardan beri yutqazayotgani haqidagi maqolani o‘qib chiqqandik va bu safar yaqin tarixni o‘zgartirish maqsadi bor edi. Bu haqida futbolchilarga ham aytganmiz. Yaxshi, bu safar yutqazmadik, mag‘lubiyatni durangga aylantira oldik.
“Surxon” ham Superligada qolish uchun kurashyapti va autsayderlar orasida bu jamoaning imkoniyatilari chakki emas. Termizdagi durangdan so‘ng “Surxon”ning ochkolari 22 taga etdi. Lekin Haydarov jamoasining qolish imkoniyati hal bo‘lmaganini aytdi.
- Yo‘q, hali hech nima hal bo‘lmadi. Chunki ta’qibchilarimiz bilan o‘rtada hech qancha farq yo‘q. Kelayotgan turda ko‘p narsa o‘zgarib ketishi mumkin. Ikkita klubda 19 ta va bittasida 20 ochko bor. To‘g‘ri, oxirgi turda “Mash’al” bilan o‘ynaymiz. Ammo 25-turda ko‘p narsa o‘zgarib ketishi hech gap emas. Biz esa hozircha hech nimani hal qilganimiz yo‘q. Agar “Nasaf”ga qarshi oxirgi daqiqalarda Xolto‘raev imkoniyatdan foydalanganida zo‘r bo‘lardi.
Shuningdek, oxirgi paytlarda “Surxon” klubiga yangi homiy biriktirilishi va bu orqali jamoa jiddiy ravishda kuchayishi haqida gap-so‘zlar yo‘q emas. Ma’lum bo‘lishicha, bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan. Bosh murabbiy so‘zi oxirida shu masalaga ham to‘xtaldi.
- “Surxon”ga homiylik qilmoqchi bo‘lgan kompaniya vakillari klub bilan uchrashishdi. Jamoani dekabr oyida qabul qilib, homiylikni boshlaymiz deyishyapti. Bu katta loyiha bo‘lsa kerak. Ular nafaqat klubni, balki butun infratuzilmani yaxshilamoqchilar. Niyati katta, qolganini ko‘ramiz-da.
Fikrlar