"Evro-2020" finali Londondan Budapeshtga ko‘chirilishi mumkin
“Evro-2020” finalini Londondan Budapeshtga ko‘chirish mumkin.
Agar Britaniya hukumati 2500 nafar VIP mehmon uchun karantinda qolish qoidalari borasida istisno qilmasa, UEFA final mezbonligini Budapeshtga olib berishi mumkin.
Amaldagi cheklovlarni hisobga olgan holda UEFA bir nechta variantlarni muhokama qilmoqda va “Evro-2020” finalini Vengriyaga ko‘chirishga tayyor. Buyuk Britaniya hukumati, o‘z navbatida, UEFA va FIFA vakillari, siyosatchilar, homiylar, jurnalistlar uchun tuzilishi mumkin bo‘lgan istisnolarni muhokama qilmoqda, deb yozadi Daily Mail.
Ayni paytda Buyuk Britaniyada o‘rnatilgan karantin talablariga ko‘ra "qizil ro‘yxat"ga kiritilgan mamlakatlardan kelgan odamlar 10 kunlik izolyatsiyada qolishi shart.
Xuddi shunday holat Chempionlar ligasi finalidan oldin ham yuzaga kelgan edi. UEFA finalni Istanbuldan boshqa shaharga ko‘chirishga qaror qildi va Angliya ushbu o‘yinni o‘tkazish uchun favoritlardan biri bo‘ldi. Biroq, mamlakat hukumati va UEFA homiylar, VIP mehmonlar va jurnalistlar uchun karantin talablarini yumshatish masalasida o‘zaro kelisha olmagan. Shu sababli, Chempionlar ligasi finali mezbonligi Portu shahriga berilgan.
Endi esa Buyuk Britaniya hukumati Evropa chempionati finalida ham bunday holat takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik niyatida.
Ta’kidlash joizki, keyingi haftadan boshlab Vengriya Shengen mamlakatlaridan kelgan odamlar uchun barcha cheklovlarni bekor qiladi. Budapeshtda ham stadion tribunalarini 100% to‘ldirishga ruxsat berilgan. "Uembli"ga 50% gacha to‘ldirishga ruxsat berilgan (stadion sig‘imi 90 ming kishini tashkil qiladi).
Angliya “Evro-2020” yarim finali va finaliga mezbonlik qilishi kerak. Uchrashuvlar "Uembli" stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Fikrlar