"Evro-2024". Birinchi tur uchrashuvlari o‘z nihoyasiga etdi
Evro chempionatining birinchi tur bahslari yakunlandi. Bir qator kutilgan va kutilmagan natijalarga boy o‘tgan turdan keyin barcha guruhlarda vaziyat qanday tus oldi?
"A" guruhi
Ochilish o‘yinida Germaniya Shotlandiyani ayab o‘tirmadi. Virts Musiala, Xaverts kabi yoshlar turnirning ilk gollarini urib berdi. Shunday bo‘lsada shotlandlar javob qaytara oldi, lekin hisob 5:1 ko‘rinishida yakunlandi. Shvetsariya esa Vengriya ustidan zafar quchdi. Dastlab, ikkita gol urgan shvetsariyaliklar darvozasini Varga 66-daqiqada ishg‘ol qildi. So‘nggi daqiqalarda zaxiradan maydonga tushgan Embolo o‘yinga nuqtani qo‘ydi.

"B" guruhi
"O‘lim" guruhi, deya nom olgan guruhda Ispaniya yirik hisobda Xorvatiyani taslim qilishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinda bitta asisst qilgan Yamal Evroda ham o‘zini ko‘rsatishni boshladi. Shuningdek, Ruis ham jamoaning muhim futbolchilaridan biri ekanligini bildirib qo‘ydi. Xorvatlar esa 2 ta golli vaziyatdan umuman foydalana olmadi. Qo‘shimchasiga Petkovich penaltini golga aylantira olgani yo‘q. Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Italiya Albaniyani qabul qilib, biroz qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. Eng qizig‘i uchrashuvdagi barcha gollar 15 daqiqa ichida urildi.

"C" guruhi
Bu guruhdagi o‘yinlarda kam gollar urildi. Angliya Bellingemning yagona goli evaziga zafar quchgan bo‘lsa, Sloveniya Daniya bilan durang o‘ynadi. Eriksen hisobni ochgandi, 77-daqiqada Janza javob qaytara oldi.

"D" guruhi
Niderlandiya ham chempionatni g‘alaba bilan boshladi. Kuman shogirdlari Polshani Vegxorstning so‘nggi daqiqalarda urgan goli orqali taslim qilib, 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Frantsiya bo‘lsa xotirjamlik ila Avstriya ustidan g‘alaba qozondi. Uchrashuvning birinchi taym so‘nggida Vyober o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.
"E" guruhi
Germaniyadagi sensatsiyalar aynan shu guruhda bo‘ldi. Dastlab, Ruminiya Ukraina darvozasiga javobsiz 3 ta gol urdi. Stanchu, Marinlar bizga shedevlarni taqdim qilishgan bo‘lsa, Dragush farqni 3 taga etkazib qo‘ydi. Oradan bir soat o‘tib, boshlangan bellashuvda Belgiya "qoqildi". Slovakiya Tedesko shogirdlarini mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi.
"F" guruhi
Bu hozircha ajoyib emotsiyalarni ulashgan guruh sifatida esda qoldi. Turkiya debyutant - Gruziyaga qarshi maydonga tushib, 3 ochko bilan keyingi turga yo‘l olmoqda. Turklarning ikkita goli juda chiroyli chiqdi. Ayniqsa, Gyuler jamoasini fantastik gol bilan oldinga olib chiqqani katta voqelikdir. Portugaliya biroz qiynaldi. Chexiya himoyaviy futbol namoyish qilib, bir ochkoni qo‘lga kiritishga harakat qildi, lekin qo‘shib berilgan daqiqalarda Konseysao jamoasini qutqarib qoldi.

Fikrlar