Evrokuboklar uchun o‘zbek hujumchisini oling!

  • 25 iyun, 21:01
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolaridan hisoblangan mashhur hujumchi Bobur Abduxoliqov faoliyatida yana o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda.

Tecno

28 yoshli qashqadaryolik forvard mavsumni Ozarbayjon chempionati vakili “Sumgayit” jamoasida yakunladi.

Bu klub ikki nafar o‘zbekistonlik legioner – Bobur Abduxoliqov va Jasur Jaloliddinovning jamoani tark etganini rasman e’lon qildi.

Rossiyalik jurnalist Aleksandr Troitskiy o‘zbek futbolchilarining Ozarbayjon chempionatini tark etganiga munosabat bildirdi.

-  “Sumgayit” Jasur Jaloliddinov hamda Bobur Abduxoliqov bilan xayrlashdi. Har ikki futbolchining klub bilan shartnomasi yakunlandi.

Jasurning masalasi borasida hammasi tushunarli edi. Bu jamoada uning o‘yini qovushmadi va u “So‘g‘diyona” mashg‘ulotlarida ko‘rinish bergan edi.

Biroq Bobur Abduxoliqovga klub yangi bitim taklif qilishi kutilgandi. O‘zbekistonlik forvard har holda 13 ta uchrashuvda to‘rtta gol va uchta assist qayd etdi. Bu klubdagi ikkinchi ko‘rsatkich. Isroillik Roy Kexat jami 34 ta o‘yinda oltita to‘p kiritib, ikkita golli pas uzatgan.

Abduxoliqov Qozog‘iston chempionatida paydo bo‘lib qolsa, umuman hayron bo‘lmayman. Masalan, Evrokuboklar oldidan “Ordabasi”ga qaytishi mumkin, - deb yozdi   Aleksandr Troitskiy.

Ta’kidlash joizki, Bobur “Ordabasi” uchun begona emas. Legionerimiz 2023 yili bu chimkentliklar safida o‘ynab, 36 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini sakkiz bor ishg‘ol qilgan.

Bundan tashqari, Aduxoliqov O‘zbekiston Superligasida “Nasaf” hamda Belarus oliy ligasida “Energetik-BGU” jamoalari sharafini ham himoya qilgan. Ayniqsa, Belarusdagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqib, 26 ta gol bilan chempionatning eng zo‘r to‘purari bo‘lgan. Gol+pas tizimida 32 ball (26 ta gol + 6 ta assist) ko‘rsatkich bilan liganing eng samarador o‘yinchisi bo‘lgan.

Bobur Abduxoliqov Belarus chempionatida ikkita rekordni yangilab, uchta yangi rekord qayd etishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayni paytda tajribali hujumchi o‘ziga yangi jamoa topishi talab etiladi. Qozog‘iston chempionatida o‘ynagan davrda o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan Bobur yana qo‘shni chempionatga qaytishi mumkin. Chunki “Ordabasi” UEFAning uchinchi musobaqasi – Konfrentsiyalar ligasida ishtirok etishi kerak. Bu jamoaga Evropa futbolidan xabardor to‘purar hujumchi ortiqchalik qilmaydi, albatta.

Bobur Abduxoliqov uchun oldindagi mavsum juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki u 2026 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma olgan milliy terma jamoaga nomzod futbolchi hisoblanadi. Mundialga boradigan tarkibga kirishi uchun Abduxoliqov yangi mavsumda muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi va o‘yinlarda to‘purarlik qobiliyatini namoyish qilishi shart.

Abduxoliqov hozirgacha O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro miqyosda 18 ta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.

Tezkor: Evropa klubi Fayzullaev transferiga oid rasmiy ma’lumot chiqardi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!