
Evropa, Abbosbekni kutib ol! Ekspertlar Fayzullaevga mos jamoa tanladi...
Rossiya Premer-ligasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri Abbosbek Fayzullaevning TsSKAdan Evropaning kuchli ligalariga transfer qilinishi bo‘lib turibdi.
Abbosbekning O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatarda bo‘ladigan Osiyo chempionati uning kelajakdagi faoliyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Rossiya futboli ekspertlari o‘zbek futbolchisi yaqin kelajakda Evropaning qaysi klubiga o‘tishi kerakligini muhokama qildi. Ular O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi, Rossiya Premer-ligasi kashfiyoti va TsSKAning eng kuchli o‘yinchisi sifatida e’tirof etilayotgan Fayzullaevga beshta jamoani tavsiya qilmoqda.
Rossiya futbolini yoritib kelayotgan football24.ru sayti quyidagi materialni muxlislar e’tiboriga havola etdi.
“TOTTENXEM”
“Tottenxem” Angliya Pemer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoaga aylanib bormoqda. Jamoa hujumchisi Son Xyon Min va Jeyms Meddisonga suyanib qolgan. Risharlison mavsumni barqaror yuqori saviyada o‘tkaza olmaydi.
Bosh murabbiy Ange Pestekogluga oldingi chiziqda faqatgina ikki futbolchining barqarorligigi sovrinlar uchun kurashishga kamlik qiladi. Abbosbek Fayzullaevdek o‘yinchi esa, hujum chizig‘ida har qanday pozitsiyani yopa oladi.
Fayzullaevning asosiy ampluasi – hujumkor futbolchi. Biroq TsSKAda vaziyatdan kelib chiqib, ko‘proq qanotda o‘ynadi. “Tottenxem”da qanot hujumchilari doim tanqis va muammo bo‘lgan. Son Xyon Minni ham klassik vinger, deb bo‘lmaydi. U asosan erkin ijodkor sifatida o‘zini ko‘rsatib kelmoqda.
Fayzullaev “Tottenxem”ga o‘tadigan bo‘lsa, har ikki qanotdagi muammoni hal qila oladi. Misol tariqasida olganda, Abbos o‘sha jamoada o‘ynayotgan Brennan Jonsondan hech ham qolishmaydi.
“MANChESTER YuNAYTED”
Mavsum davomida “Manchester Yunayted” qanot futbolchilari etishmasligidan qiynalmoqda. Sentyabr oyidan beri davom etayotgan jarohat va mojarolar tarkibni to‘liq shakllantirish imkonini bermayapti.
Bu pozitsiyada o‘ynay oladigan Jeydon Sancho jamoadan chetlatilgan, Antoni endi safga qaytdi, biroq jamoaga kelganidan beri hali ishonchni oqlagani yo‘q.
Meyson Maunt sakkizta uchrashuvda birorta samarali harakatni amalga oshira olmadi va eng omadsiz transferlardan bo‘ldi.
Erik ten Xag hozircha yosh o‘yinchilar – Pelistri va Garnachodan foydalanishga majbur bo‘lyapti.
Bu holatda Fayzullaev “Manchester Yunayted” asosiy tarkibiga yorib kira oladi. Hatto statistika jamoaning Maunt, Antoni, Sancho, Marsyal va Pelistri kabi vingerlarining umumiy ko‘rsatkichlari birgina Abbosbek qayd etayotgan natijalarga teng kelmasligini ko‘rsatmoqda.
“ROMA”
“Roma” bosh murabbiy Joze Mourino Rim kelganidan beri tarkib muammosini hal eta olmadi. Oxirgi paytda hujum Romelu Lukaku atrofida qurilyapti. Hozircha, belgiyalik hujumchi muntazam gol uryapti, lekin bir xil uslubdagi o‘yin katta jamoalarga qarshi ish bermasligi aniq.
Qanotda o‘ynaydigan Pellegrini, Bove, El-Shaaravi joriy mavsumda ikkitadan samarali harakatni amalga oshira oldi xolos. Fayzullaev statistik ko‘rsatkichlari ustunligidan tashqari Joze Mourino qo‘llayotgan futbolga uslub jihatidan juda mos tushadigan o‘yinchi ekani ham uning foydasiga ishlaydi.
Fayzullaev himoyadan qarshi hujumga tez o‘tishda juda foydali o‘yinchi. Abbos birgina pas bilan raqib himya chizig‘ini cheklab qo‘yib, jamoadoshini raqib darvozasi oldida qulay pozitsiyaga olib chiqishga usta.
“BOLONЬYa”
“Bolonya” hech kim kutmagan pallada yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda. Tyago Motti shogirdlari chempionatda eng kam mag‘lubiyatga uchragan jamoalardan. Ular Evrokuboklarga yo‘llanma beradigan o‘rinlarga da’vogarlik qilyapti.
O‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan jangovar o‘rtamiyona jamoa Evropada faoliyat boshlash uchun optimal variant.
Qolaversa, “Bolonya”da samaradorlik bo‘yicha muammolar bor. Jamoa A Seriyadagi dastlabki 17 ta uchrashuvda atigi 21 ta gol urli. Bu kuchli oltilikda turgan jamoalar orasida eng past ko‘rsatkich. Bunday jamoada Fayzullaev nafaqat asosiy tarkibga kira olishi, balki jamoa hujum chizig‘ining etakchisiga aylanish imkoniga ega.
Fayzullaev top-klublarga o‘tish yo‘lida “Bolonya”dan tramplin o‘rnida foydalansa bo‘ladi.
“RB LEYPTsIG”
“Leyptsig” har doimgidek Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beradigan o‘rinlar uchun kurashmoqda. Bu jamoa ba’zan huujm chizig‘ida ajoyib o‘yin namoyish qiladi. Biroq bu holat muntazam kuzatilmaydi.
Bunga ikki sabab bor. Birinchidan, “Leyptsig”ning hujumkor o‘yini jamoaviy harakatlardan ko‘ra o‘yinchilarning individual mahoratiga bog‘liq. Masalan, Xavi Simons va Loi Openda to‘pni maydon markazidan olib, gol urib kelishi mumkin.
Ikkinchi sabab esa, “Leyptsig”da zaxira o‘rindig‘i qisqa. Asosiy tarkib vakillaridan birortasi safdan chiqsa, darrov muammo tug‘iladi.
Fayzullaevning ajoyib texnikasi, yaxshi shakllangan driblingi, maydonning har qanday nuqtasida raqibni aldab o‘tish mahorati unga tashabbusni qo‘rqmay o‘z zimmasiga olish imkonini beradi. Ayniqsa, Abbos maydonni yaxshi ko‘ra oladi va vaziyatlarni juda zo‘r his qiladi. Bu qobiliyatlar esa, unga tayanch hudud va hujum chizig‘ini bog‘lashda katta ustunlik beradi.
Fikrlar
Халк маколи бежиз эмас!
Бу йилни ЦСКА да тугатиш керак!