Faoliyatini qachon tugatishi, ilk golini kimga bag‘ishlagani yoxud Marat Bikmaev Sekeyraning boshqalardan farqi haqida nima deydi?
“Lokomotiv” klubining tajribali hujumchilaridan biri Marat Bikmaev nihoyat, joriy yilgi Superligada dastlabki golini kiritdi.
U “Andijon”ga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib jamoasi uchun juda muhim gol muallifiga aylandi. O‘yindan keyin u sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- Marat, qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Zaxiradan maydonga tushib o‘yinni o‘zgartirgan holda g‘alaba golini urdingiz. Qanday taassurot qoldi?
- “Andijon” bilan Kubok musobaqasida o‘ynaganimizda ham qiyin bo‘lgandi. “Andijon” o‘z muxlislari qarshisida 100 foiz borini berib o‘ynashga harakat qiladi. Bugungi uchrashuvga to‘xtalsam, boshida, aniqrog‘i 10-15 daqiqa o‘yinimiz chiqmadi. Balki maydonga moslashgunimizcha shunday bo‘lgandir. Tushunmay qoldik va bu orada gol o‘tkazdik. Keyin o‘zimizga keldik va o‘yinni nazorat qilishni boshladik. Biz bir oilamiz. Hammamiz maydonda bitta ishni bajaramiz. Zaxiradan maydonga tushib men gol uramanmi yoki boshqasimi, muhimi jamoaga foyda keltirsak bo‘ldi. Hamma harakat qilyapti. Kiritgan golim birgina o‘zimniki emas, buning uchun butun jamoa mehnat qildi. Qo‘shimcha qilaman: bugun dadamning tug‘ilgan kuni. Bu golimni dadamga bag‘ishlayman.

- Chempionatdagi ilk golingizni urdingiz. Negadir Sekeyraning asosiy tarkibidan joy olish qiyin kechyapti. Bu nima bilan bog‘liq yoki 35 yoshda ekaningiz o‘z ta’sirini o‘tkazyaptimi?
- Gap bunda emas. Hammasi o‘zimga bog‘liq. Shu oyda biroz kasal bo‘lib qoldim. Tarkibga qaytish uchun o‘zimni isbotlashim kerak edi. Nima desam ekan, menda muammolar bo‘ldi. Ammo mana shunday tarzda jamoaga foyda keltirsam murabbiyga farqi yo‘q, maydonga tushiraveradi. Shunday ekan, yuqorida aytganimdek, barchasi o‘zimga bog‘liq.
- O‘zbek murabbiylarida ko‘rmagan qaysi jihatni portugaliyalik mutaxassisda ko‘ryapsiz?
- Ha, u yaxshi murabbiy. To‘g‘risini aytsam, o‘zbek futboliga moslashyapti. Vaziyatni ko‘ryapti va o‘rganyapti. Hozir aytdim-ku, barchamiz bitta oilamiz. Uni boshqalardan ajralib turgan jihati nima? U evropalik, talabchan.

- Sekeyra “Lokomotiv”ning maqsadi chempionlik ekani haqida gapirdi. Vaziyatga real qaraganda, bunga qanchalik ishonasiz?
- Ha, maqsad chempionlik. Oxirigacha harakat qilamiz. Hech nimaga qaramasdan biz faqat kurashamiz. Jamoamiz yaxshi. Yoshlar va yoshi katta futbolchilar yaxshi til topishgan. Maqsad sari harakat qilsa bo‘ladi.
- Yoshingiz 35 daligini hisobga olganda, faoliyatingizni yana qancha vaqt davom ettirmoqchisiz?
- Bu haqida o‘ylaganim yo‘q. Bunday savol bermang! Ko‘ramiz.
- Umuman olganda, bu mavsumdan nima kutyapsiz?
- Nimani kutyapman? Eng muhimi jarohatlarsiz o‘tkazishni. Jarohat – bu yomon narsa.

- Chempionatimizda yaxshi hujumchilar kamayib ketyapti, degan fikrlarga qo‘shilasizmi?
- Bizda hujumchilar bor, kam emas. Misol uchun Temurxo‘ja Abduholiqov. Uni terma jamoamizda asosiy futbolchilardan biri sifatida ko‘ryapman. Eldor Shomurodov bilan yaxshi tandem bo‘la oladi. Yana nima deyishim mumkin? O‘zini ko‘rsatayotganlardan Shoxruz Norxonov ham bor. Xullas, bizda hujumchilar bor, qidirish kerak.
- Yaqinda milliy terma jamoamizni Saudiya Arabistonida jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichining so‘nggi hal qiluvchi o‘yinlari kutib turibdi. Termamizda to‘p surgan futbolchi sifatida imkoniyatimizni qanday baholayapsiz?
- Imkoniyat bor, har doim bo‘lgan. Saudiyani nimasidan qo‘rqamiz? Ular ham oddiy insonlar. Faqat jon dilidan, yurakdan chiqarib o‘ynash kerak.
Fikrlar