Fayzullaev faoliyatida bunaqasi birinchi marta yuz berdi
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullaev avgustda TsSKAga ko‘chib o‘tganidan beri Rossiya Premer-ligasida o‘zini ko‘rsatib kelayotgan edi. Rossiyalik muxlisu mutaxassislar ham o‘zbek lenionerining uchrashuvning, jamoasining, oyning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilishiga ko‘nikib qoldi.
Futbol jamoatchiligining aksariyati 20 yoshli hamyurtimizni Premer-liganing birinchi davrasidagi eng asosiy kashfiyot sifatida tan oldi.
2023 yilning eng oxirigi katta to‘qnashuvlaridan biri – “Krasnodar” va TsSKA bahsida esa, Abbosbek Fayzullaev kutilgan o‘yinni namoyish qila olmadi.
18-tur doirasida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda mezbonlar so‘nggi daqiqalarda “armiyachilar” darvozasini ishg‘ol qilib, g‘alabani ilib ketdi. To‘p kiritilgan vaziyatda legionerimiz raqib futbolchisi Nikita Krivtsovni bo‘sh qoldirdi.
SofaScore tahlilchilari TsSKA tarkibida uchrashuvni eng bo‘sh o‘tkazgan va eng yaxshi o‘ynagan futbolchilarni aniqladi.
Unga ko‘ra, Abbosbek Fayzullaev bellashuvda eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgan futbolchi sifatida e’tirof etildi.
20 yoshli hujumkor futbolchining harakatlari past baholanishiga ko‘p jihatdan golli vaziyatni boy bergani sabab bo‘ldi. Qolaversa, Abbos bu gal driblinglarini qo‘llay olmadi. Raqibni aldab o‘tishga bir bor urinib ko‘rdi, biroq u ham ish bermadi. “Krasnodar” o‘yinchilari esa ikki marta Abbosning o‘zini driblingda aldab o‘tib ketdi.
Fayzullaevning 20 ta pasidan ettitasi jamoadoshlariga etib bormadi. Abbosbek avvalgi o‘yinlardan farqli ravishda yakkakurashlarda faol qatnashmadi. Olti marta kurashga kirishgan legionerimiz bir marta to‘pga ega chiqdi. Himoya chizig‘ida bir martagina to‘pni raqibdan olib qo‘ydi.
Abbosning jarima maydonchasi ichiga uzatgan beshta to‘pidan atigi bittasi aniq chiqdi xolos.
TsSKA etakchilaridan Ivan Oblyakovning ham o‘yini qovushmadi. Abbosbek Fayzullaev va Fyodor Chalov bilan birga hujum uchligini tashkil qilishi talab etilgan Oblyakov “Krasnodar” darvozasiboni Matvey Safonovga hech qanday tahdid tug‘dira olmadi. Uch marta dribling ishlatishga harakat qilgan bo‘lsa-da, raqibni aldab o‘tolmadi. O‘n marotaba to‘pni yo‘qotdi. Yakkakurashlarning aksariyatida mag‘lub bo‘ldi.
TsSKAning braziliyalik legioneri Moyzes ham eng past baholangan o‘yinchilardan bo‘ldi. Mutaxassislar bu holatni futbolchining jismoniy tayyorgarligi etarli darajada bo‘lmagani bilan izohlamoqda.
Statistikada Moyzes atigi ikki marta raqibdan to‘p olib qo‘ygani ijobiy ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan. Biroq himoyachilarga xos bo‘lgan raqib paslarini to‘xtatib qolish, zarbani to‘sish kabi himoya funktsiyalarini bajargani yo‘q.
TsSKAning eng yaxshi futbolchisi hujumchi Fyodor Chalova bo‘ldi. Bu forvard juda faol o‘ynadi, biroq asosiy vazifasi – gol urishni uddalay olmadi xolos. Chalov uch marta golga tortadigan zarba berdi. Jamoadoshlarini ikki marta qulay vaziyatga chiqardi. Yakkakurashlarda cho‘chimay kurashdi.
Pressing va to‘pni raqibdan olib qo‘yishda ham faollik ko‘rsatdi, jamoaning etakchisi sifatida harakat qildi.
TsSKA bu mag‘lubiyatdan keyin musobaqa jadvalida sakkizinchi o‘ringa tushib ketdi. Endi Rossiya Premer-ligasida 2024 yilning 1 martiga qadar tanaffus bo‘ladi.
Fikrlar