Fayzullaev va Shomurodov gol urdi, ammo...
Turkiya chempionatining 14-turida “Istanbul Bashakshehir” safarda “Kasimpasha” jamoasi mehmoni bo‘lib, o‘ta qiyin o‘tgan uchrashuvda uch ochkoni qo‘lga kiritishni uddaladi.
Eng e’tiborli jihati, ushbu bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki etakchisi – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi.
22 yoshli Fayzullaevning o‘yinda ishtirok etgani muxlislarni ayniqsa xursand qildi. Chunki Abbos oktyabr oyidagi xalqaro tanaffusda O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘ini doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda jarohat olgan edi.
“Kasimpasha”ga qarshi ilk daqiqalardan o‘ynagan Fayzullaev uchrashuv qahramoni bo‘ldi. Legionerimiz birinchi bo‘lim o‘rtalarida jarima maydonchasi tashqarisidan belgilangan jarima to‘pini superzarba bilan raqib darvozasiga joylab hisobni ochdi.
Bahsning birinchi yarmida katta ustunlikka erishgan “Istanbul Bashakshehir” tanaffusga chiqish oldidan Amin Aritning goli evaziga ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib oldi.
O‘yinning kulminatsion nuqtasi mehmonlarning germaniyalik legioneri Davi Zelkening ikkinchi sariq kartochka olib, maydondan haydalgan pallaga to‘g‘ri keldi. Bir kishi ko‘p bo‘lib harakat qilgan “Kasimpasha” hisobdagi farqni qisqartirishga erishdi.
Uchrashuv oxiri mezbonlar ustunligida o‘tdi. “Bashakshehir” bor e’tiborini hisobni ushlab qolish uchun himoyaga qaratdi. Shunday bo‘lsa-da, uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida Eldor Shomurodov raqib darvozasini ishg‘ol qildi va o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi. "Istanbul Bashakshehir" o‘zbek futbolchilarining gollari evaziga 3:1 hisobida zafar quchdi.
Shu tariqa, Eldor gollar seriyasini beshta o‘yinga, umumiy gollari sonini 10 taga etkazdi.
Bu turga qadar Superliga to‘purarlari poygasida “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turgan Eldor Shomurodov endi “taxt”ni raqobatchisiga topshirishga majbur bo‘ldi. Chunki nigeriyalik hujumchi bu turda “Konyaspor” darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilib, chempionatdagi umumiy gollari sonini 11 taga etkazdi.
Shomurodov 10 ta gol bilan ikkinchi o‘rinda qolgan bo‘lsa, raqiblar darvozasini etti martadan ishg‘ol qilgan “Galatasaroy” yulduzi Mauro Ikardi va “Fenerbahche” etakchisi Yussuf En-Nesiri uchinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Bu futbolchilar 14-tur uchrashuvini 1 dekabr kuni o‘zaro to‘qnashuvda o‘tkazadi.
“Istanbul Bashakshehir” esa, navbatdagi turda chempionatning eng kuchli klublaridan hisoblangan “Fenerbahche”ni qabul qiladi. Bu uchrashuv 7 dekabrga belgilangan.
Yapon futbolchisi Qozog‘istonni emas, O‘zbekistonni tanladi
Husanov muxlislariga yaxshi yangilik bor!
Husanov masalasida sabr qiling!
Alamli mag‘lubiyatdan keyin Husanovning o‘yini qanday baholandi?
Fikrlar