
Fevzi Davletov: "U bizning talablarimizni bajarsa asosiy tarkibga qaytaramiz"
Superliganing 12-turida "Surxon" o‘z maydonida "Neftchi"ni qabul qildi. Shiddatli o‘tgan uchrashuvda hisob ochilgani yo‘q. O‘yindan keyin "Surxon" bosh murabbiyi Fevzi Davletov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
O‘yin haqida
- Uchrashuv keskinligi jihatidan ancha yaxshi bo‘ldi. Har ikki jamoa g‘alabaga intildi. Biz o‘yinni yaxshi boshlay olmadik — himoyada xatolar bo‘ldi, o‘zaro tushunishlar etishmadi. Raqib xavfli vaziyatlar yaratdi. Keyinchalik biz o‘yinni tenglashtirdik va yaxshi imkoniyatlar yaratdik. Bugun pozitsion futbol bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda bizda bir vaziyat bo‘ldi — hujumchimizning oyog‘i jarohat oldi. Bu holatda VAR hakamlari diqqat bilan qarashi kerak edi. Umuman olganda, futbolchilarning fidoyiligi va o‘yinga bo‘lgan yondashuviga e’tiroz yo‘q, bugun faqatgina imkoniyatlarni amalga oshirish etishmadi.
- So‘nggi o‘yinlarda siz tarkibda yaxshi rotatsiya qilyapsiz. Ammo nega "Surxon" ikki hujumchi bilan o‘ynamayapti?
- Mashg‘ulot jarayoniga ko‘ra, bizda hozirda yaxshi sport formasida bo‘lgan yagona aniq hujumchi bor. Bu – Muhammad-Ali Abdurahmonov. Abdug‘ofur Haydarovga esa sport formasini tiklab olish uchun vaqt kerak. Uning yoshlar terma jamoasidagi yig‘inlari va o‘yinlari Superligadagi ritmni ushlashiga to‘sqinlik qilmoqda.
Bizga xuddi Muhammad-Ali Abdurahmonov kabi holatda bo‘lgan, katta hajmda ishlay oladigan hujumchi kerak. Bu bilan biz Abdug‘ofurga ishonmaymiz degani emas. Agar u bizning talablarimizni bajarsa va sport formasini tiklasa, biz uni albatta asosiy tarkibga qaytaramiz va ikki hujumchi bilan o‘ynash rejimiga o‘tamiz.
- Sizningcha, Muhammad‑Ali Abdurahmonovning jarohati haqida nima deya olasiz? Uning holati qanday?
- Ertaga hammasi aniq bo‘ladi. Kun davomida shifokorlar tomonidan tashxis qo‘yiladi. Endi esa Haydarov uchun imkoniyat paydo bo‘ldi.
- So‘nggi o‘yinlarda jamoada o‘ng yarim himoyachi pozitsiyasida muammolar borligini ko‘ryapmiz. Bu borada qanday ishlar olib borilmoqda? Masalan, biz Sunatillo Poyonovni ko‘ryapmiz, lekin uning hujumga o‘tishda biroz qiyinchiliklari bor.
- Hozirda Abdusalomov sport formasini tiklayapti. Shuningdek, Doston Tursunov va Asilbek Jumaev ham bu pozitsiyada o‘ynay olishadi. Yaqin orada biz o‘ng qanotda faol harakat qiladigan darajaga etamiz.
Fikrlar