Filiposyanning kichkina klubdagi ishlari qanday?
O‘zbekistonlik futbolchi Artyom Filiposyan ushbu mavsumni Tailand chempionatida o‘tkazayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Himoyachi mahalliy «Prachuap» jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Bungacha «Buxoro» tarkibida to‘p surib kelgan futbolchiga o‘zimizning bir qator klublardan ham takliflar bisyor edi. Lekin Artyom faoliyatini legioner sifatida davom ettirishga qaror qildi. Bu uning xorijdagi ilk jamoasi emas. Bundan bir necha yil oldin ham Filiposyan legioner sifatida to‘p surgan. Aniqrog‘i, faoliyatini Xitoy chempionatida ham davom ettirganini eslatib o‘tmoqchimiz. Xullas, ikkinchi bor legionerga aylangan futbolchimizning Tailandga qanday ko‘chib o‘tgani, u erdagi hayoti, «Buxoro»dagi faoliyati va yana boshqa masalalar yuzasidan fikrlarini bilishga qiziqdik.
«Menga o‘zim tanimaydigan agent qo‘ng‘iroq qildi»
- O‘tgan yilgi chempionat tugashiga bir oy vaqt qolganida menga serbiyalik bir agent aloqaga chiqqandi. Lekin uni tanimasdim, men uchun noma’lum agent edi. O‘shanda u menga Tailand klubida o‘ynashga ishtiyoqing bormi deb so‘ragandi. Agentga ha, u qanday jamoa va qanday liga deb so‘radim. Keyin agentdan qiziqib meni qanday topdingiz dedim. Aytishicha, Adnan Oraxovats meni tavsiya qilgan ekan. Oraxovats men haqimda ularga ma’lumot bergach, mening o‘yinlarimni kuzatishgan va jamoa murabbiylariga ham o‘yinim ma’qul kelibdi. Keyin agent sen nima deysan, rozi bo‘lsang, shartlaringni gaplashib olamiz dedi. Shundan so‘ng 3-4 kun o‘tgach, menga Adnan Oraxovatsning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi. «Paxtakor»da o‘ynab yurganida u bilan tanish edik. U ham bizni jamoada o‘ynashga ishtiyoqing bormi, murabbiylar seni ko‘rishni xohlashyapti, darhol shartnoma taklif qilishga tayyor turishibdi dedi. Shu tariqa ularga roziligimni berdim va shart-sharoitlarni gaplashib oldik. Bizda mavsum tugaganidan keyin tailandliklar menga chipta yuborishdi 16 dekabr kuni etib bordim va «Prachuap» jamoasi bilan shartnoma tuzdim.
«Adnan Oraxovats tufayli «Prachuap»ni tandim»
- Oraxovatsning ushbu klubda o‘ynayotgani uchun ham «Prachuap»ni tanladim. Chunki u rus va ingliz tillarini yaxshi bilardi. Bir tomondan qaraganda menga shu narsa ham qulay bo‘ldi. Adnan esa mengacha Tailandda bir yil davomida o‘ynab moslashib bo‘lgandi. Oldimda asosan o‘zimizning klublardan takliflar bor edi. Chetdan esa birgina Tailand jamoasidan qiziqish bo‘lgandi. «Prachuap»ga moslashishimda asosan Oraxovats ko‘proq yordam berdi. Bu erga kelganimda esa hech kimni tanimasdi va bilmasdim. Havo ham issiq edi. 16 dekabrda kelgan bo‘lsam, yangi yil bayramigacha 15 kun shug‘ullandik. Shundan so‘ng bayram uchun futbolchilarga javob berishdi. Men esa uyga ketmasdan, yangi yilda ham shu erda qoldim. Rostini aytsam, boshida bir oy davomida menga qiyin bo‘ldi. Keyinchalik ko‘nikib ketdim. Sharoitlari esa yaxshi. Klub tomonidan menga uy va mashina berilgan. Menga tarjimon ajratilmagan. Chunki boya aytganimdek, Adnan menga yordam beryapti. Ingliz tilini asta-sekin o‘rganyapman, ammo hali gaplashishga qiynalyapman.
«Hozircha ishlarim yaxshi»
- Tailand chempionatining saviyasi asta-sekin oshib boryapti. Bu erga yaxshi saviyadagi legionerlarni olib kelishyapti. Faqat Tailandning havosi issiq va namlik darajasi yuqori. Endi o‘yinlar kechki soat 20:00 da boshlanadi. Chempionat bahslarini ham boshlab oldik va uchta turni o‘tkazib, barcha o‘yinlarda ishtirok etdim. Hammasi yaxshi ketyapti. Klub tomonidan menga berilgan uyda ham sharoitlar zo‘r, Adnan bilan esa qo‘shnimiz.
«PFL qarzdorliklarimizni undirib berdi»
- «Buxoro» jamoasida uch yil to‘p surdim. Yaxshi va yomon kunlar ham bo‘ldi. Lekin nolimayman, muxlislar bizni ajoyib ravishda qo‘llab-quvvatlashardi. Ammo klubning futbolchilardan bo‘lgan qarzdorliklari ko‘payib ketdi. Natijada futbolchilar bilan gaplashib, bu masala bo‘yicha PFLga murojaat qildik. Ushbu tashkilot esa bizning barcha pullarimizni undirib berdi. Buning uchun PFLga katta rahmat. Har bir futbolchi o‘zining halol pullarini olishga haqli.
«Aslida «Buxoro»dan ketishni reja qilmagandim»
- «Buxoro»dan ketishni oldindan rejalashtirmagandim. Lekin oldindan nima bo‘lishini hech kim bilmasdi. Faqatgina menda xorijdan yaxshi taklif bo‘lganidan keyingina «Buxoro»dan ketishga qaror qildim. O‘tgan yili oxirlarida esa «Buxoro»ning qarzdorliklari ko‘payib ketgandi va jamoaga kim bosh murabbiy bo‘lishi ham noma’lum edi. Xullas, savollar ko‘payib ketgandi. Lekin u erda uch yil ichida yomon taassurot qoldirmadik, yuqori o‘rinlarni egalladik.
«Bizning klub kichkina»
- «Prachuap» kichkina klub. Tailandning yuqori divizionida endi ikkinchi yilini o‘tkazyapti. Hali klubning tarixini yaxshi bilmayman. Bu erga kelganimda jamoaning asosiy maqsadi oliy ligada jon saqlab qolish ekan. Chunki bu yil Tailand chempionatidan uchta jamoa quyi divizionga tushib ketadi. Stadion o‘z bag‘riga 5000 ming muxlislarni sig‘diradi. Klub singari o‘yingohimiz ham ixcham joylashgan. Buning ustiga shahar ham kichkinagina. Shu bois oldimizga qandaydir katta maqsadlar qo‘yilmagan. Ammo u erda futbolni juda sevishadi. Muhimi, jamoani yuksaltirish yo‘lida harakat qilamiz. Buning uchun esa avvalo klubni saqlab qolishimiz lozim. Biz futbolchilar bilan shuni kelishib olganmizki, har bir uchrashuvda g‘alaba uchun kurashamiz.
«O‘yindan keyin muxlislar klub madhiyasini kuylashadi»
- Meni bu erda bir narsa hayron qoldirdi, o‘yin tugaganidan keyin ikkala jamoa bir-biriga tashakkur bildirishadi. Shundan keyin raqib jamoaning muxlislari oldiga borib qo‘l ko‘tarib, minnatdorchilik bildiramiz va shundan so‘ng o‘zimizning ishqibozlar oldiga boramiz. Raqib jamoa a’zolari ham xuddi shunday qilishadi. O‘z uyimizdagi o‘yinlarda esa yutsak ham, yutqazsak ham uchrashuvdan keyin muxlislar biz uchun klub madhiyasini kuylashadi. Muxlislar o‘sha gimnni kulashayotganda futbolchilar maydonda tik turgan holda uni eshitishadi. Ana shundan keyingina biz echinish xonasiga kirib ketamiz.
«Qancha maosh olishimni aytmayman, ammo yaxshi»
- Bu erda qancha maosh olishimni ayta olmayman. Ammo shuni aniq ayta olamanki, sharoitlar juda yaxshi. Har bir o‘yinda uchtadan futbolkani berishadi. Jamoaning o‘yin formalari esa to‘rtta. U erda hamma narsa yaxshi. Klub o‘z o‘yinchilari uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib qo‘ygan. Safar uchrashuviga avtobusda boradigan bo‘lsak, u erda ham biz uchun barchasi bor. Avtobus ichida vay-fay tizimi va yana boshqa sharoitlarni yaratib qo‘yishgan.
Fikrlar