Final oldidan finallar yoxud O‘zbekiston Kubogi yarim finali ostonasidamiz

  • 24 sentabr, 15:32
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi yarim final uchrashuvlariga e’tibor yuqori. Ertaga soat 18:00 da “Buxoro” - “So‘g‘diyona” va “Paxtakor” - Dinamo” klublari final masalasini hal etish uchun maydonga tushadilar.

Tecno

18:00. “Buxoro” - “So‘g‘diyona”

“Buxoro” klubida bosh murabbiy o‘zgarganini bilasiz. Ulug‘bek Baqoevdan keyin vaqtincha Viktor Karpenko ushbu lavozimda ishlab turgandi. Yaqinda esa Aleksandr Xomyakov boshqaruv postini egalladi. Uning debyuti juda muvaffaqiyatli chiqdi hamda bunday debyutni har bir murabbiy orzu qilsa ham kerak. “Buxoro” Xomyakov boshchiligidagi ilk o‘yinini o‘z uyida “Navbahor”ga qarshi o‘tkazdi va namanganliklar darvozasiga javobsiz 5 ta gol urildi. Aleksandr Xomyakov “Andijon” ustozi sifatida ham “Navbahor”ga qarshi muvaffaqiyatli natijalar qayd etganini ko‘pchilik bilsa kerak va bu an’anasini Xomyakov “Buxoro” bilan ham davom ettirdi.

Qizig‘i, ushbu mutaxassis yana O‘zbekiston Kubogi musobaqasida, yarim finalda qatnashyapti. Finalga chiqish uchun bir qadam qoldi. O‘tgan yili “Andijon”ni o‘z tarixida ilk bor Kubokni yutganida Xomyakov bosh murabbiy bo‘lganini barcha biladi. Endi bu ishini “Buxoro” bilan takrorlash arafasida turibdi. Buning uchun avvalo yarim finalda “So‘g‘diyona” to‘sig‘idan o‘tishi lozim. Doriev kabi o‘ta xavfli futbolchisiga ega bo‘lgan jizzaxliklar Kubok finaliga chiqish uchun o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga tayyorlanishyapti va g‘alaba ularning asosiy maqsadi sanaladi.

“Buxoro” Xomyakov boshqaruvida yangicha shakllanib boryapti. Lekin har qanday yangi mutaxassis birdaniga olamshumul o‘zgarishlarga qo‘l ura olmaydi. Ammo Xomyakov bitta hal qiluvchi uchrashuvlarga jamoasini zo‘r tayyorlay olishini “Andijon”da ko‘rsatgan. Ko‘ramiz, u bu safar ham yana finalga chiqa olarmikin?

18:00. “Paxtakor” - “Dinamo”

Bu juftlikka ham qiziqish yuqori. Ikkalasining maqsadi Kubokni yutish. “Paxtakor”ning “Dinamo”ga qarshi o‘yini “Buxoro” - “So‘g‘diyona” qarama-qarshiligidan farqli o‘laroq katta ehtimol bilan hujumkor va ochiq futbol tarzida o‘tsa kerak. Vadim Abramov doimo hujumkor futbol o‘ynatadi. “Paxtakor”ning qonida esa faqat hujumkor o‘yin bor. Ularni himoyaga yotib olib o‘yin tashkil qilishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq o‘rtaga final chiptasi tikilgan bahsda ikkala tomon ham ehtiyotkorlikni unutmasligi tabiiy.  

Yarim final juftliklari orasida “Paxtakor” nisbatan Kubokni yutish uchun favorit sifatida qaralmoqda. Yarim finalda raqib “Dinamo”ligini inobatga olsak, “Sherlar” eng qiyin uchrashuvlaridan birini o‘tkazadi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Buxoro” - “So‘g‘diyona” hamda “Paxtakor” - “Dinamo” jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlar juda muhim va ahamiyati yuqori. Ertaga albatta finalchilarni aniqlab olamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!