FR: Haydarov Umidni Toshkentda qoldirdi...
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionati startiga oz qolyapti. Bugun O‘FA matbuot xizmati kichik mundialda qatnashadigan tarkibimizni e’lon qildi. Ravshan Haydarov Argentinaga quyidagi nomlar bilan yo‘l olarkan:
Darvozabonlar — Otabek Boymurodov ("Paxtakor"), Asrorbek Kenjaev ("Neftchi"), Eden Nemanov ("Chig‘atoy");
Himoyachilar — Abduqodir Husanov ("Energetik-BGU"), Mahmud Mahamadjonov ("Bunyodkor"), Saidafzalxon Axrorov ("Turon"), Jahongir O‘rozov ("Bunyodkor"), Abubakir Ashurov ("Paxtakor"), Diyor Ortiqboev ("Paxtakor"), Izzatillo Po‘latov ("Metallurg"), Zafarmurod Abdirahmatov ("Nasaf");
Yarim himoyachilar — Behruz Asqarov ("Paxtakor"), Sherzod Esanov ("Andijon"), Shahzod Rahmatullaev ("Paxtakor"), Shahzod Akramov ("Nasaf"), Nodir Abdurazzoqov (OKMK), Abbosbek Fayzullaev ("Paxtakor"), Umarali Rahmonaliev ("Rubin", Rossiya);
Hujumchilar — Shahzod Ne’matjonov ("Metallurg"), Po‘latxo‘ja Xoldorxonov ("Paxtakor"), Rustam Turdimurodov ("Paxtakor").
E’tibor qilsangiz, mart oyida yurtimizda o‘tkazilgan Osiyo kubogida qatnashib, chempion bo‘lgan yigitlardan 3 nafari — Javohir O‘tamurodov ("Nasaf"), Shahriyor Jabborov ("Paxtakor") va Asadbek Jo‘raboev ("Navbahor") Lotin Amerikasiga olib ketilmadi. Tarkibga bitta yangi nom qo‘shilgan: "Paxtakor"dan Rustam Turdirmurodov.
Biz esa diqqatingizni butunlay boshqa o‘yinchiga qaratmoqchimiz.
Suratda ko‘rganingiz Umid Sultonov (Xorazm futboli ishqibozlariga yaxshi tanish bo‘lgan Vali Sultonovning farzandi). "Bunyodkor" sharafini himoyachi qilayotgan futbolchi universal hujumchi hisoblanadi. Ya’ni, oldingi chiziqning istalgan nuqtasida o‘ynay oladi.
Uning eng katta ustunligi to‘g‘ri joy tanlash va "portlovchi" tezlik (vaziyatlarni bir lahzada keskinlashtirib yuboradi). Shuning hisobiga zaxiradan maydonga chiqib, "Bunyodkor" o‘yinini yaxshi tomonga o‘zgartira olyapti (gol+assistlar bilan). Hujumchilarga xos ayyorligi bilan Superliganing bir qancha o‘yinlarida penalti ishlashga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, "Navbahor"ni oldingi mavsum chempionligidan mahrum qilgan o‘yinda ham aynan Umid namanganlik himoyachilarni jarima maydoni ichida xato qildirgan edi.
Ochig‘i, uning Argentinaga olib ketilmayotgani bizni ajablantirdi. Ammo bu uchun murabbiyni ayblamoqchi emasmiz. Chunki Haydarov Osiyo kubogida Umidsiz ham eng yaxshi natijani qayd eta oldi. G‘oliblar esa hech qaysi zamonda sud qilinmaydi.
Shu joyida bittagina "lekin"i bor. O‘sha biz chempion bo‘lgan Osiyo kubogi yutuqlar bilan bir qatorda jamoamizning kamchiliklarini ham ko‘rsatib berdi. Turnir davomida hammadan ko‘proq vaziyat yaratgan yigitlarimiz ularni golga aylantirish borasida juda oqsashgani yodingizda bo‘lsa kerak. 6 o‘yinda 4ta to‘p kiritildi. Ularning 3tasi standart vaziyatlar natijasida hosil bo‘lganini inobatga olsak, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi musobaqa davomida kombinatsion hujumlardan bittagina gol urgan.
Bu raqamlar realizatsiya bo‘yicha kattagina muammomiz borligini ko‘rsatyapti. Shunday bo‘lsa-da Milan Mitrovichga gol urib, OKMK va "Navbahor" himoyachilarini qiynab yurgan hujumchidan voz kechdik. Yuqorida aytilganidek, hozir hech kimga nisbatan e’tiroz yo‘q. Lekin hujumni yakunlash borasidagi muammolar mundialda ham davom etsa, Ravshan Haydarovga avtomatik savollar paydo bo‘la boshlaydi: nega Umid emas, uning katta futbolda hech qachon gol urmagan 3 nafar raqobatchisi tanlandi?..
So‘zimiz oxirida yurtimiz sharafini jahon chempionatida himoya qiladigan barchaga omad tilaymiz. Bu material kimnidir ranjitish yoki tanqid qilish emas, final emotsiyalaridan chiqib ketolmayotganlar (bo‘lsa) tezroq erga tushishi va elkasida turgan yukni yaxshiroq his qilishi uchun yozildi. Siz kamida 2015 yilgi natijani (chorak final) takrorlashingiz shart. Bu yo‘lning har qadamida Yaratgan yordamchingiz bo‘lsin!
Fikrlar