
FR: "Nasaf"ning noxush seriyasi tugaydimi?
Superliga 9-turining markaziy o‘yini Qarshida o‘tkaziladi. "Markaziy" mezbonlik qiladigan uchrashuv startiga sanoqli soatlar qoldi. Ko‘plar bo‘lajak bahsda har ikki tomonning imkoniyatlarini teng baholamoqda. Biz esa o‘zaro uchrashuvlar tarixiga nazar solamiz.
Bugun "Navbahor" O‘zbekiston chempionati doirasida 53-bor "Nasaf" bilan to‘qnash keladi. Ortda qolgan o‘yinlarning aksari qashqadaryoliklar foydasiga hal bo‘lgan — 22:14.
16 bahsda g‘olib nomiga aniqlik kiritilmagan. To‘plar nisbatida ham "ajdarlar"ning ustunligi qayd etilmoqda — 79:67. Mazkur jamoalar to‘qnashuvidagi eng yirik hisob 6:0 hisoblanadi. "Navbahor" raqibini 2004, "Nasaf" esa 2016 yilda shunday hisob bilan taslim qilgan.
"Nasaf" O‘zbekiston kubogining oxirgi finalida "Navbahor"ni mag‘lub etgani yodingizda bo‘lsa kerak. Ammo Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari Superligada bu ishni anchadan beri amalga oshira olgani yo‘q. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, "ajdarlar" Namangan klubi ustidan so‘nggi bor 2017 yilgi mavsumning birinchi davrasida zafar quchgan. O‘sha kuni Dragan Cheran, Shahboz Erkinov va Akmal Shorahmedovning gollari "Nasaf"ga yirik g‘alaba taqdim qilgan edi.
Shundan keyin Superliga doirasida o‘tkazilgan 11 o‘yinning 4tasi "Navbahor" foydasiga hal bo‘ldi, qolganlari durang bilan yakunlandi.
Yanada yomon tarafi "Nasaf" futbolchilari 5 o‘yindan beri "Navbahor" darvozasiga yo‘l topa olishmayapti. Nima deb o‘ylaysiz, "ajdarlar"ning noxush an’anasi bugun tugaydimi?
Fikrlar
Кунинг бугун сенинг