
Futbol endi avvalgidek emas!
Hozirgi transfer olamidagi voqealarni kapitalizmga yo‘yib bo‘lmaydi. Aslida, aktivlar sotib olgan tomonga o‘tgach, keyingi manziliga ham sotilishi shart. Biz so‘nggi yillarda bir nechta erkin agent maqomidagi ko‘chib o‘tishlarga guvoh bo‘ldik. Robert Levandovski "Borussiya" bilan shartnoma imzolashdan bosh tortib, "Bavariya"ga erkin agent maqomida o‘tgani yodingizdami? Bundan bir necha yil avvalgi voqeani butun futbol olami muhokama qilgan, polyakni o‘z hohish va istaklarining "quli" deb atagan edi. Bugunga kelib, erkin agent sifatida boshqa klub safini to‘ldirish trend darajasiga ko‘tarildi. Voqealar rivoji bunday davom etsa, oxiri yaxshilikka olib kelmasligi aniq.
So‘nggi voqealarga e’tibor berar ekanmiz, chuqur xo‘rsinib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Ramos, Aguero, David Alaba, Messi, Donnarumma singari taniqli futbolchilar erkin agent maqomida boshqa jamoa safiga borib qo‘shildi. To‘g‘ri, ayrim muxlislar Leoni bu ro‘yxatga qo‘shganimiz uchun xafa bo‘lishi aniq, biroq tan oling! Messi qarzga botgan klubi hisob raqamiga 100 million evro tushirib berish o‘rniga, romantik press-konferensiya tashkil etdi xolos.
So‘zimiz isboti uchun yorqin misol sifatida Agueroni ko‘rsatishimiz mumkin. Argentinlik shartnomasi yakunlanishidan bir yil avval "Barselona" bilan kelishib bo‘lgan edi. Vaholanki, "Siti" uni sotib yuborishga urindi, ammo Kun ketishni istamadi. Yakunda, u Kataloniyaga bepul ketdi, ammo bonus sifatida yaxshigina pul ishlab oldi. "Shaharliklar" esa, klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarni shunchaki qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishdan boshqa chora topa olmadi. To‘g‘ri, transfer bozoridagi balansning yo‘qolishida agentlar tutgan o‘rin ham beqiyos. Birgina Mino Rayola Donnarumani Milandan Parijga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirgani katta voqea. O‘z vaqtida Tottini "Real" qanchalar qo‘lga kiritish uchun Rimdagi maoshidan 8 barobar ko‘proq taklif qilishi ham naf bermagan bo‘lsa, hozir jamoa sardorlari kattaroq maosh evaziga jamoasi byudjetiga pul tushirib bermay ham ketib qolmoqda.
Futbolchilaring nafsi "hakalak" otgani sari, klublar kompramisga borishga majbur bo‘lmoqda. Kilian Mbappening "Real"ga o‘tish uchun amalga oshirgan kombinatsiyasiga e’tibor qarating:
Taklif etilgan shartnomadan bosh tortish+Agentlari orqali yangi takliflarga ochiq ekanligini e’lon qilish+erkin agent maqomida boshqa klubga tekinga o‘tib ketish bilan qo‘rqitish= natija cho‘ntakda!
Bu formula yaqin 5 yil ichida barcha taniqli futbolchilar tomonidan o‘zlashtirib olinishi aniq. Endi transfer summasi 60-80 million evro atrofida bo‘lganlarni kontrakti bor payti qo‘lga kiritish uchun kamida 100 million evro to‘lash yoki jamoasi bilan shartnomasi yakunlanishini kutish. "Manchester Siti" "Aston Villa" a’zosi - Jek Grilish uchun 100 million evroni bejiz bergani yo‘q. Achinarlisi shundaki, bu tendensiya grand klublarning yulduzlarni o‘z jamoasiga qo‘shib olishi uchun ayni muddao. O‘rtacha jamoalar esa, o‘z etakchilarini shunchaki qo‘yib yuborgancha, mum tishlab qolaveradi. Demak, tez orada futboldagi tabaqalanish o‘zining pik darajasiga ko‘tariladi.
Vaziyatni to‘liq qo‘lga olish maqsadida UEFA transfer borasida yangi siyosat o‘ylab topsa, ajablanmang. Har doim birinchi o‘rinda klub manfa’tlari bo‘lishi shart! Bu balans yo‘qolsa, futbol olamida chinakam "xaos" boshlanib ketishi xavfi mavjud!
Fikrlar