Futbolda yangi qoidalar yoxud IFAB texnik direktorining Superliga klublari va hakamlari bilan seminari qanday o‘tdi?
Bugun, 26 yanvar Milliy futbol markazi anjumanlar zalida Liga vakillari, Superliga klublari mutasaddilari hamda Oʻzbekiston hakamlar markazi mutaxassislari ishtirokida seminar oʻtkazildi. Bu haqida UzPFL matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Xalqaro futbol assotsiatsiyalar kengashi (IFAB) texnik direktori — Devid Ellerey qatnashchilarga tashkilot yigʻilishlari va FIFA mutaxassislari bilan uchrashuvlarda muhokama qilib kelinayotgan yangi oʻzgarishlar, xususan, oʻyin vaqtini choʻzish orqali uning tempini buzishga boʻlgan harakatlarning oldini olish boʻyicha taklif qilinayotgan yangi choralar, hakamlarning futbolchilar bilan muloqotini qatʼiy ravishda faqat sardorlar vositasida amalga oshirilishini taʼminlash, VAR protokollaridagi oʻzgarishlar, oʻyindan tashqari holatlarni belgilash qoidasi da kuzatilishi rejalashtirilayotgan yangiliklar va boshqa qator masalalar boʻyicha tushuntirish berildi.
Liga avvalroq bu boradagi oʻz pozitsiyasini maʼlum qilib, oʻyin intensivligini oshirish borasidagi amaliyotlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirgandi. Shuningdek, 2025 yilning 20 oktabridagi klublar rahbarlari bilan yigʻilishda mazkur yangiliklar ular tomonidan ham maʼqullangandi. Shundan soʻng Liga vakillari Jahon ligalari assotsiatsiyasining Afina shahrida oʻtkazilgan yillik anjumanida janob Ellerey bilan uchrashib, muhokama qilinayotgan oʻzgarishlarni musobaqalarimizda qoʻllash istagida ekanligini maʼlum qilgan edilar. IFAB Texnik direktorining Toshkentga tashrifi ham mazkur tashabbusning bir qismi hisoblanib, yangi qoidalar yuzasidan futbol jamoatchiligiga batafsilroq maʼlumot berish maqsadida amalga oshirildi.
Liga Assotsiatsiya bilan hamkorlikda Superliga va boshqa musobaqalarimizda oʻyin intensivligini oshirishga qaratilgan loyihalarni tatbiq etishda davom etadi va futbol uchrashuvining tomoshaboplik darajasini oshirishni oʻzining eng ustuvor maqsadlaridan biri deb hisoblaydi.
Fikrlar