
Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi avjiga chiqmoqda! Pley-offda Osiyoning eng kuchli jamoasi bilan o‘ynaymizmi? (Barcha guruhlardagi holat)
Quvaytda bo‘lib o‘tayotgan futzal bo‘yicha qit’a birinchiligining guruh bosqichi avj pallasiga ko‘tarildi. Jamoalar ikkitadan o‘yin o‘ynab bo‘ldi. Bugun 3-tur o‘yinlariga start beriladi. Ko‘plab guruhlarda vaziyat ancha chigal bo‘lgani bois, hal qiluvchi tur pley-off yo‘llanmasi egalarini aniqlab beradi. Xo‘sh, guruhlardagi holat qanday?
Hal qiluvchi 3-turda quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi!
Endi barchani qiziqtirayotgan savolga javob berib o‘tamiz. Muddatidan avval keyingi bosqich masalasini hal qilgan Bahodir Ahmedov shogirdlari chorak finalda qaysi terma bilan to‘qnash keladi?
O‘zbekiston so‘nggi turda Bahraynga yutqazsa ham guruh g‘olibi sifatida qoladi. Boisi, turnir reglamentiga ko‘ra, ochkolar teng kelib qolganida o‘zaro o‘yindagi natijalar inobatga olinadi. Tojikiston 3-turda Turkmanistonni mag‘lub etib, 6 ochkoga ega bo‘lsa ham, O‘zbekistonda o‘tib keta olmaydi.
Bahrayn va Turkmaniston esa ochkolar bo‘yicha ham bizga eta olmaydi. Guruhda 2-yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun Tojikistonga imkoniyat yuqori. Bu jamoa turkmanlar bilan durang o‘ynasa ham chorak finalga chiqadi. Turkmaniston va Bahraynga esa faqat g‘alaba kerak.
O‘zbekiston "B" guruhi g‘olibi sifatida pley-offda "A" guruhida 2-o‘rinni egallagan jamoaga qarshi maydonga chiqadi. Bu guruhda hozircha Kuvayt va Tailand 4 ochkoga ega bo‘lib turishibdi. Iroq hisobida 3 ochko bor. Ummonda bu ko‘rsatgich 0 ga teng. Hal qiluvchi 3-tur bahsida Tailand Ummoni sinovdan o‘tkazsa, Iroq keyingi bosqichga chiqish uchun Quvvayt ustidan g‘alaba qozonishga majbur. Hozir to‘plar nisbatiga ko‘ra parket egalari guruhda birinchi o‘rinda bormoqda. Jamoamizga pley-offning ilk o‘yinida qulayroq bo‘lishi uchun Tailand terma jamoasi “A” guruhida 1-o‘rinni egallagani ma’qul. Har holda, Quvvayt/Iroq bilan kuch sinashish Osiyoning eng tezkor jamoasi sanalgan Tailandga qarshi o‘yindan ko‘ra osonroq o‘tishi ehtimoli yuqori.
O‘zbekiston chorak final bahsini 4 oktyabr kuni o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi. Ungacha esa bizni 1 oktyabr kuni (16:00) Bahraynga qarshi guruhning so‘nggi o‘yini kutib turibdi.
Fikrlar