Grandlarni “er tishlatayotgan” klub ustozi ularga chempionlik kerak emasligini aytdi
Angliya Premer-ligasining joriy mavsumida Unai Emeri boshqarayotgan “Aston Villa” o‘yin uslubi va natijalari bilan muxlisu mutaxassislarni hayratga solmoqda.
Chempionatning 17-turida “villaliklar” o‘z maydonida “Manchester Siti”ni 2:1 hisobida engib, qatorasiga ettinchi g‘alabasini nishonlandi va ochkolari sonini 36 taga etkazib, uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.
“Aston Villa” peshqadam “Arsenal”dan uch, ikkinchi o‘rindagi “Manchester Siti”dan bir ochkoga ortda qolmoqda. Lekin Unai Emeri shogirdlari chempionat davomida har ikki jamoani ham tiz cho‘ktirishni uddalagan.
Shunga qaramay, Unai Emeri jamoasi chempionlik uchun da’vogar emasligini ta’kidlagani ko‘pchilikni hayron qoldirdi.
- Agar realist bo‘lsak, bizda qobiliyat va salohiyat bor, biz “Arsenal” va “Manchester Siti” kabi jamoalarga qarshi ko‘p o‘ynaganmiz. Albatta, biz ularni mag‘lub etganmiz, ammo ular bunchalik ko‘p yuqori saviyali o‘yinchilar bilan ulkan taktik ustunlikka ega. Bizda ham yaxshi o‘yinchilar bor, lekin bunday jamoalardan oldinda bo‘lish, noreal holat.
Biz bosh sovringa da’vogar emasmiz. Jadvalning yuqori qismidamiz, chunki ajoyib kurashyapmiz. O‘yinchilar har bir o‘yinga chin dildan diqqat qaratyapti, barqarormiz va ko‘rsatmalarga amal qilyapmiz. Lekin biz ligada g‘alaba qozonish uchun da’vogar emasmiz.
Albatta, biz ushbu uch yil davomida ozmi-ko‘pmi barqarorlikka erishdik va Evrokuboklar zonasidan joy oldik, lekin biz kamtar bo‘lishimiz va keyinchalik ham shu tarzda qanday ochko to‘plash mumkinligini tushunishimiz kerak. Biz aqlli, kurashuvchan, barqaror va o‘zimizga nisbatan talabchan bo‘lgan holda ushbu darajani saqlab qolmoqchimiz. Shu tufayli biz yuqorida bo‘lamiz, - dedi Unai Emeri Sky Sports nashriga.
Fikrlar