Gvardiola "Nyukasl"ga qarshi oʻyindan soʻng jamoa bilan faxrlanishini aytdi
"Manchester Siti" Angliya Liga kubogi yarim finalida "Nyukasl"ni ikki oʻyin natijasiga koʻra magʻlub etib, finalga yoʻl oldi. Bahsdan soʻng "shaharliklar" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola oʻz fikrlarini bilan oʻrtoqlashdi.
"Juda mamnunman. Buni oddiy hol deb qabul qilib boʻlmaydi — bu naqadar qiyin ekanini yaxshi bilaman. Nechta yarim finalda oʻynaganimizni ham aniq bilmayman, shuning uchun finalga chiqish juda yaxshi natija. 10 yil ichida besh marta Karabao kubogi finaliga chiqqanmiz — bu ajoyib. Juda, juda yuqori daraja. Oʻtgan mavsumdan tashqari, bu musobaqada biz doimiy ravishda ajoyib mexanizm sifatida ishladik.
Shaxsan men uchun ham, shuningdek, bu klub bilan ilk bor Karabao kubogi finaliga chiqqan koʻplab futbolchilar uchun ham bu katta tajriba.
Biz hozir Yevropa yoki dunyodagi eng kuchli jamoalardan biriga qarshi oʻynaymiz. Ularning oʻyin uslubi va statistkasi bunga yaqqol misol. Umid qilaman, mart oyigacha barcha futbolchilar sogʻlom boʻladi va biz finalda yaxshi oʻyin koʻrsata olamiz.
Finalga chiqish uchun ikki oʻyin davomida — 180 daqiqa barqaror oʻynash kerak. Biz buni juda yaxshi uddaladik. 5:1 hisobida gʻalaba qozonish — katta natija".
Shuningdek, murabbiy jamoaning oʻyinga jadal kirishini alohida taʼkidladi:
"Eng yoqqani — biz oʻyinni gʻoy 0:0 hisobidagidek boshladik. Ilk oʻyinda 2:0 yutib qoʻygan edik, ammo natijani ushlab qolishga emas, aksincha, hujumkor oʻyin koʻrsatdik.
Bizda tezlik, zarbalar va tajovuzkorlik bor edi. “Nyukasl” esa 90 daqiqa davomida bosim oʻtkaza oladigan jamoa, shuning uchun juda diqqatli boʻlish kerak. Ikkinchi boʻlimda Marmush va Niko O’Rayli biroz charchadi, shu bois baʼzi pozitsiyalarda agressivlik kamaydi.
Lekin baribir, bu juda qiyin vazifa edi. Ular — amaldagi kubog sohibi. Ikki oʻyin davomida ularni magʻlub etdik", — dedi Gvardiola.
Maʼlumot uchun, finalda "Manchester Siti" va "Arsenal" jamoalari oʻzaro bahs olib boradi.
Fikrlar