"Ha, alamli bo‘ldi, "Dinamo" tarixini yangilamoqchi edik" - Kojo Joel yarim finaldagi mag‘lubiyat va klubdagi taqdiri haqida
O‘zbekiston Kubogi yarim finalida “Nasaf” o‘z maydonida pro liga vakili Samarqandning “Dinamo”sini qabul qilib 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va ketma-ket uchinchi marta final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, Superligaga qaytgan “Dinamo” joriy mavsumda ilk mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi.
“Dinamo” tarkibida iqtidorli o‘yinchilar va legionerlar borligini bilasiz. Ayniqsa, ganalik hujumchi Kojo Joel “Dinamo”dagi debyut mavsumini muvaffaqtyatli o‘tkazdi, desak adashmagan bo‘lamiz. 25 yoshli hujumchi garchi ganalik bo‘lsa-da, u Qirg‘iziston milliy terma jamoasi uchun to‘p surishga qaror qildi.
Futbolchi “Dinamo” muxlislarining ham qalbidan joy egalladi. U jamoasining Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritishida ham va Kubok yarim finaliga etib kelishida ham katta hissasini qo‘shdi. Kojo “Nasaf”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bugun yaxshi o‘yin bo‘ldi, o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Maydonda barchasini qo‘ldan kelganicha bajardik. Uchrashuvni xakam yaxshi boshqarmadi, ko‘p vaziyatlarda bizning zararimizga qarorlar chiqardi. Lekin bu futbolda bo‘lib turadi. Nima bo‘lganda ham kelasi yilga Superligada yaxshi o‘ynashga harakat qilamiz.
Menda shunday odatim bor: har o‘yinga maksimal yutish uchun chiqaman. Ammo bugun o‘xshamadi, qiyin o‘yin bo‘ldi.
Hali mavsum tugamadi, yana bitta o‘yinimiz bor, tugatib olaylik. Jamoa muxlislari menga yoqadi, hammasini gaplashamiz. Yaxshi bo‘lsa, jamoada qolaman.
Futbolda shunday bo‘lib turadi, hamma gol urishga vaziyatlar yaratishni xohlaydi. Xudo xohlasa, keyingi mavsumda yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilaman
Ha, alamli bo‘ldi, yutishni xoxlagan edik va "Dinamo" tarixini yangilamoqchi edik, jamoa anchadan beri Kubokda sovrinlar yutmagan ekan. "Paxtakor", "Olimpik" va "Nasaf" singari chempionlar ligasida o‘ynaydigan jamoalar bilan yaxshi o‘ynadik. Bugun vaziyatlardan gol ura olmadik, keyingi yili agar o‘ynaydigan bo‘lsak, albatta sovrinlar yutishga harakat qilamiz”, - deydi ganalik legioner.
Fikrlar