
Hamidjon Aktamov To‘xtaxo‘jaevni qanday ko‘ndirgani, nega ilk turda "Andijon" bilan duch kelishni istamagani va "razvedka" haqida
“Qizilqum” bu yil kattaroq marrani ko‘zlayotganga o‘xshaydi. Axir amalga oshirgan selektsiyalarini ko‘ring. To‘g‘ri, tarkibda katta o‘zgarishlar bo‘lmadi, ammo sifatli futbolchilarni oldi deb bemalol aytishimiz mumkin.
O‘tgan yilgi tarkib etakchilari saqlanb qolindi. Kecha esa O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Islom To‘xtaxo‘jaevning “Qizilqum” bilan shartnoma tuzgani ham yaxshigina “yurish” bo‘ldi.
Jamoa ustozi Hamidjon Aktamov sports.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu xarid, jamoasining tayyorgarligi va boshlanayotgan mavsum haqidagi savollarga javob berdi.
- “Qizilqum” ikki oy davomida qizg‘in mashg‘ulotlar olib bordi. Turkiyada ham yig‘in o‘tkazib qaytdi. Ayting-chi, ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha ko‘nglingiz to‘qmi?
- Turkiya yig‘inimiz rostdan juda boshqacha o‘tdi. Biz zo‘r tayyorlandik. Nasib qilsa, buning mevasini ko‘ramiz. Qisqa qilib aytsam, mavsumga tayyorgarligimizdan to‘liq qoniqdim. Amalga oshirgan yangi transferimiz esa undan ham yaxshi bo‘ldi. Islom To‘xtaxo‘jaevni qo‘lga kiritdik.
- Uni qanday ko‘ndira oldingiz?
- Meni bilasiz-ku, ko‘ndiraman-da (kuladi). Unga jamoamiz yoqdi. Bizga o‘zining shartlarini aytdi, bizga ma’qul keldi. Qarasak, qo‘limizdan keladigan narsa. Shundan keyin shartnoma tuzdik.
- Islom To‘xtaxo‘jaevni taklif qilishni oldindan rejalashtirganmidingiz yoki barchasi to‘satdan yuz berdimi?
- Chetda o‘ynayotgan legionerlarimizga o‘zimizning jamoa uchun taklif bilan chiqmayman. Nimaga deganda, ular legioner sifatida to‘p surib, yurtimizga pul olib kelsa, bu davlatimizga foyda. Islomga, agar birinchi turdan keyinoq xorijdan yaxshi taklif tushsa, o‘zim seni jo‘natib yuboraman, deb aytdim. Shu bois xorijda o‘ynayotgan legionerlarimizni O‘zbekistonga qayt, shu erda o‘yna, deb aytmayman. Ularning xorijda o‘ynab tajriba to‘plashi futbolimiz va terma jamoamiz uchun ham foydali. To‘xtaxo‘jaevni ko‘p yillardan beri kuzataman, yaxshi futbolchi. Xitoyga ketganidan xursand edim. Bu kabilar terma jamoamiz uchun muhim o‘yinchilar. Islomga taklif bilan chiqmay turgandim, oxiri uning Xitoyga bormasligi aniq bo‘lganidan keyin aloqaga chiqdim.
- Ancha sifatli futbolchilar taklif etildi. Shunday ekan, selektsiyadan qoniqdingizmi?
- Selektsiya bilan har doim o‘zim shug‘ullanganman. Faqat o‘tgan yili bu borada ozgina qiynalgandim. Bu yil o‘zim xohlagan o‘yinchilarni tarkibga jalb eta oldik deb o‘ylayman.
- “Qizilqum”dan ketgan o‘yinchilar orasida kimni qolishini istadingiz?
- To‘g‘risi, Alisher Sanoev qolsa yaxshi bo‘lardi. U jamoamizga yordam berardi. Boshqalarning ham ketish xohishi bo‘ldi. O‘tgan yili juda qiynaldik. Shu boisdan ikkinchi davra uchun qanday transferlarni qilganimizni bilasiz. Shuning evaziga jamoani saqlab qoldik. Rostini aytaymi, men uchun xuddi 2020 yil bo‘lmagandek, go‘yoki 2019 dan 2021 ga o‘tgandek tuyulyapti. O‘tgan yili pandemiya sababli hamma rejalar o‘zgarib ketdi. Futbolchilar ham tuzur-quruq shug‘ullana olmadilar. Har xil qiyinchiliklar bilan mavsumni boshladik va bir amallab tugatib oldik. Lekin bu yil umidimiz katta. Xudo xohlasa, medallar uchun kurashamiz.
- “Qizilqum” dastlabki turni o‘z maydonida “Andijon” bilan o‘tkazadi. Ko‘pchilik qulay raqib duch kelgani haqida aytmoqda...
- Ko‘pchilik qur’aga tayanib ishlaydi. Men bu narsani yoqtirmayman. Qaytanga, dastlabki turlarda “Paxtakor” va “Lokomotiv” bilan kuch sinashishimizni xohlagandim. Bu gap bilan “Andijon”ni kuchsiz, demoqchi emasman. Bo‘lajak raqibimiz yosh, shijoatli jamoa. To‘g‘risi, “Andijon” biz uchun noqulayroq raqib va o‘yin ham shunga yarasha bo‘ladi. Buni yaxshi tushunib turibman. Qaysi raqib tushishidan qat’i nazar baribir barcha o‘yinlarda ishtirok etamiz.
Kimdir startni yaxshi boshlaydi. Masalan, “Dinamo”ni olaylik, 2019 yili Superligaga chiqdi va o‘sha mavsumning birinchi davrasida 18 ochko to‘pladi. Keyin nima bo‘ldi? Taqvim yaxshi edi, deyishdi. Ikkinchi davrada esa hammasi aksincha bo‘ldi va quyi ligaga tushib ketdi. Bu – futbol. Ko‘proq omadga ham bog‘liq. Shuning uchun qur’aga qarab ish qilmayman. Baribir hamma raqib bilan o‘ynaymiz. Faqat bitta narsani istagandim: birinchi turni uyda emas, safarda o‘tkazishni orzu qilgandim. Nimaga deganda, bizda havo ozgina noqulay bo‘lgani uchun maydonimiz unchalik tayyor emasdi. Shuning uchun hech bo‘lmaganda, dastlabki turni mehmonda o‘tkazsak va ungacha maydonimiz yaxshilanib qolishini o‘ylagandik.
- Hozir maydonning holati qanday?
- 80 foizga yaxshi. Chempionat startigacha yana biroz vaqt bor ekan, ungacha yanada yaxshilanib qoladi.
- Qizilqum”dagi futbolchilaringiz orasida narxi qimmati kim?
- Ularning narxiga biror nima deya olmayman. Narxlari natijalardan keyin aniq bo‘ladi (kuladi). Agar u ishonchni oqlay olmasa, men o‘sha o‘yinchi uchun kuygan hisoblanaman. Hech qaysi futbolchini arzon yoki qimmat, deya olmayman. Toifaga ham ajratmayman. To‘g‘ri, tanlab-tanlab yaxshilarini oldik. Masalan, ayrim o‘yinchilarimizning narxlari balandroq. Bozorga borsangiz ham yaxshilarini saralab olasiz-ku. Hozircha hamma futbolchilar bir xil. Boya aytdim, natijaga qarab baho beriladi. Biz hali barcha o‘yinchilar bilan ishlaymiz. Ilohim, o‘tgan yildagi qiyinchiliklar bo‘lmasin. Ana shunda futbolimizda yana o‘sish bo‘ladi.
- Yangi mavsumda qaysi jamoadan syurpriz kutyapsiz?
- Men faqat o‘zimning jamoamdan kutyapman. Biz albatta syurpriz qilishimiz kerak. Chempionat boshlanishini sabrsizlik bilan kutyapmiz. Ammo birinchi turdagi eng oxirgi o‘yin bizniki ekan (kuladi).
- Shuningdek, murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beryapti?
- Tachmurod Agamurodov, Rafael Balasanyan, Alisher Xoliqov va Dmitriy Kraev yordam berishyapti.
- Bu yil ham “Paxtakor” boshqalardan yaqqol ajralib turadi, deb o‘ylaysizmi?
- Beshta turgacha hamma jamoa bir xil bo‘ladi: pro-ligadan chiqqan “Turon” ham, chempion “Paxtakor” ham. Beshinchi turdan keyin kim qaysi o‘ringa loyiqligi ko‘rina boshlaydi. Hozir esa hech nima deb bo‘lmaydi, hammada imkoniyat bir xil.
- Boshqa klublarni ham kuzatib borasizmi? Masalan, qaysi transferlar sizni hayron qoldirdi?
- Bitta gap aytaymi? Men hech qachon birovning cho‘ntagini, o‘yinchisini va imkoniyatlari haqida gapirmayman. “Razvedka” ham qilmaganman. O‘zimizning jamoani shakllantirishga mehnat qildik, yordamchilarimiz bilan birga. Mana, endi navbati bilan qaysi jamoaga qarshi o‘ynasak, o‘sha haqida ma’lumot to‘playmiz.
Fikrlar