"Hammasi 50x50 bo‘lib turibdi" - legionerimiz klubidagi taqdiri haqida
Bir qator yurtlarda va shu jumladan Tojikiston chempionatida ham o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surib kelishmoqda.
Ulardan biri iste’dodli yarim himoyachi Sanjar Rixsiboev bo‘lib, u “Esxata” jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgandi.
Biroq oxirgi paytlarda futbolchi klubida ko‘rinish bermay qo‘ydi va uni klubdan ketgani haqida ham gap-so‘zlar chiqdi. Shunga oydinlik kiritish uchun Rixsiboev bilan bog‘landik.
- Sanjar, sizni “Esxata”dan ketdi deb eshitdik. Aslida vaziyat qanday?
- To‘g‘risini aytsam, hali u erdan ketganim yo‘q. Klubdagilar bilan gaplashyapman. Balki qolishim ham mumkin. Hammasi 50x50 bo‘lib turibdi. “Esxata” bilan amaldagi shartnomam bor. Faqat oilaviy muammoim borligi uchun ketmoqchi edim. Hozir hammasi yaxshi.

- Bilishimcha, oxirgi yillarda Tojikiston chempionatida ishtirok etyapsiz. Xo‘sh, “Esxata”da barchasi sizni qoniqtirayotganmidi?
- O‘tgan yildan beri “Esxata”daman. Xudoga shukr, hamma narsa yaxshi. Meni barchasi qoniqtiryapti. Nolimayman. Murabbiy bilan munosabatim yaxshi. Kollektiv va rahbariyat ham ajoyib insonlar. Shuning uchun noliydigan narsa yo‘q. Faqat futbol o‘ynasak bo‘ldi. Mablag‘ masalasida qarzdorlik ham yo‘q. Yaxshi jamoa. To‘g‘ri, O‘zbekistondagi klublardagidek emas, lekin yomon emas.

- Qachondan beri jamoa bilan birga emassiz?
- 1 iyul kuni ketgandim. Shundan beri uydaman. Xudo xohlasa, shanba kuni boraman. O‘shanda hammasi hal bo‘ladi. Balki 3-4 kunlarda to‘liq yakuniga etar.
- Mabodo, xizmatingizga boshqa jamoalardan takliflar bo‘lmadimi?
- O‘zimizdan variant bo‘lganida chempionatimizda qolardim. Hozir esa variant yo‘q. Tojikistondan variant bo‘lganida ham keta olmayman. Chunki u erda eng yaxshi klublar - “Istiqlol” bilan “Esxata”. Boshqa jamoalarini bilmadim.

- Bilamizki, “Istiqlol” yaqqol kuchli jamoa va doim chempionlikni yutib kelyapti. Tojik klublar uchun “Istiqlol”ni ortda qoldirish xuddi imkonsizdekmi yoki...
- Nimaga yo‘q? Hamma narsani iloji bor. Maydonga chiqib to‘g‘ri futbol o‘ynash kerak. Yutsa bo‘ladi, nimaga bo‘lmasin? Imkoni bor. Faqat aytganimdek, maydonda to‘g‘ri futbol o‘ynash kerak.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar