
"Hammasi faqat menga bog‘liq emas" - "Bunyodkor"ni qutqarib qolgan Ilyos Zeytullaev bilan katta suhbat
“Mavsum-2024”ni omadsiz boshlagan “Bunyodkor” klubi chempionat o‘rtalarida o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Bosh murabbiylikka Ilyos Zeytullaev taklif etilgach, “Qaldirg‘ochlar”ning natijalari o‘zgara boshladi.
Ayniqsa, ikkinchi davrada “Bunyodkor” o‘yinini ham, natijasini ham ijobiy tarafga o‘zgaritirshga muvaffaq bo‘ldi. Bunda albatta bosh murabbiy Zeytullaevning hissasi katta bo‘ldi.
Chempionat mobaynida ko‘p vaqtini ligada qolish uchun kurashadigan o‘rinlar orasida o‘tkazgan “Bunyodkor” yakunda 10-pog‘onani band qildi va Ilyos Zeytullaev jamoani ligada saqlab qoldi. Sports.uz jurnalisti ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib, bir qator savollarni o‘rtaga tashladi.
- Ilyos Bekirovich, “Bunyodkor” uchun mavsum oson bo‘lmadi. Hatto, kelgan paytingizda ham natijalar u qadar qoniqarli emasdi. Biroq ikkinchi davrada o‘yinning barcha jabhalarida yaxshi tomonga o‘zgarish kuzatildi. Bu ishni qanday uddaladingiz?
- Ha, dastlab vaziyat siz aytib o‘tganingizdek, ancha murakkab edi. Muammolar bir emas, balki bir nechta bo‘ldi. Tabiiyki, muammolarni o‘nglash uchun vaqt talab qilinardi. Ishni futbol uchun poydevor sanaladigan jamoani qayta qurish orqali boshladik. “Bunyodkor”ning o‘yiniga texnik va taktik jihatdan o‘zgarishlar olib kirdik. O‘z navbatida “Bunyodkor”dek shonli tarixga ega bo‘lgan klubda ish olib borayotganimizni bir soniya bo‘lsa ham yoddan chiqarmadik. Yigitlar buni his qilgan holda o‘ynay boshladilar va mavsumning ikkinchi yarmida natijalarimiz ancha yaxshi ko‘rinishga keldi. Birinchi davrada bizga etishmagan jihatlarni ham ishqibozlarimiz ko‘ra boshladilar. O‘yinchilardan tortib jamoa rahbarlari va xodimlariga qadar bir yoqadan bosh chiqarib, ishlashga tushdik. Ya’ni, klubni qutqarib qolish umumiy ish hisoblanishini hamma tushunib etdi. Aynan shuning evaziga biz ikkinchi davrada yaxshi natijalarni qayd etdik. Buning uchun hammaga minnatdorlik bildirishimiz kerak.
- Futbolchilik faoliyatingizning katta qismini Italiyada o‘tkazgansiz. Murabbiylik sohasida ish boshlash chog‘ida O‘zbekistonda faoliyat yuritish rejangizda bormidi?
- Futbolchilik faoliyatimni yakunlagan paytimda, adashmasam bu 2012 yo 2013 yilda bo‘lsa kerak, murabbiylik kursini o‘sha joyda boshladim. Avvaliga “B” toifaga o‘qidim va darhol o‘smirlar futbolida ish boshlashga kirishdim. So‘ngra UEFAning “A” litsenziyasi uchun o‘qishni boshladim. Shuning hisobiga katta futbolda debyutimni o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldim. Tabiiyki, kun kelib O‘zbekistonga qaytib, murabbiy sifatida ishlash haqidagi fikr xayolimda bo‘lgan. Ammo, rostini aytsam, O‘zbekistonga qaytishni ko‘p ham xohlamagandim. Sababi, ayolim italiyalik, farzandlarim ham o‘sha joyda tug‘ilishgan. Italiyada ancha vaqt yashaganim uchun u erni tashlab ketish qiyin bo‘lgani rost. Albatta, “Bunyodkor”dek klubdan taklif olganim mening bir qarorga kelishimga turtki bo‘ldi. Nega deganda, bu klub o‘ziga yarasha tarixga ega va har qanday murabbiy buni imtiyoz deb biladi. Yuborilgan taklifni qabul qildim va hammasi silliq kechdi.
- Avvaliga sizga ishonmaganlar ham ko‘p bo‘ldi. Lekin o‘z kuchingiz va mehnatsevarligingiz evaziga qo‘lingizdan jamoani boshqarish kela olishini namoyish etdingiz. Bunday murakkab vaziyatda sizga ko‘proq nima ilhom berdi?
- Ha, siz to‘g‘ri ilg‘absiz. Bu bizning kasbimiz. Chunki hammaga ham birdek yoqishning iloji yo‘q. Kimlargadir ma’qul kelasan, kimlardir esa seni yoqtirishmaydi. Biz murabbiylar esa bunga parvo qilmasdan tanlagan yo‘limizdan bormog‘imiz darkor. Ayniqsa, sha’ninga bildirilayotgan tanqidlar seni yanada katta kuch bilan ishlashga undaydi. Otam meni shug‘ullantirishni boshlagan paytda futbolda biror narsaga erishmoqchi bo‘lsang, avvalo, mehnat qilishing va sabr qilmog‘ing darkor, deb uqtirardi. Mehnat bilan sabr o‘zaro birlashsagina kishi nimagadir erisha olishi mumkin. Darhaqiqat, otamning o‘gitlariga amal qilganim tufayli bu hayotda nimagadir erisha oldim, deb o‘ylayman. O‘zbekistonda ish boshlagan dastlabki kunlarimda ham sabrli bo‘lish va eng asosiysi – Allohga bo‘lgan ishonch meni ruhlantirdi. Aynan Yaratganga bo‘lgan ishonch katta kuch bilan ishga kirishishimga meni ilhomlantiradi. Ayniqsa, hayotingdagi eng og‘ir damlarda Xudoga iltijo qilar ekansan, albatta u sening iltijolaringni eshitadi.
- Italiyalik taniqli murabbiylar bilan yaxshi munosabatdasiz. Misol uchun, Gasperini bilan. U bilan qachon oxirgi marta gaplashdingiz?
- Ha, faoliyatimdan qoniqish hosil qilaman. Chunki o‘yinchilik davrimda bir qator yaxshi mutaxassislar qo‘l ostida to‘p surdim. Agar sizga rostini aytadigan bo‘lsam, men ko‘proq Gasperini bilan emas, uning shtabida futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga mas’ul bo‘lgan murabbiy bilan ko‘p gaplashaman. O‘rtamizda do‘stona munosabat yuzaga kelgan. Albatta, Gasperini bilan ham uchrashishni juda xohlagan bo‘lardim. Negaki, u bilan ko‘rishmaganimga ancha bo‘ldi. “Bunyodkor”ga kelgan paytimda u bilan nimanidir maslahatlashishni xohladim. Nasib qilsa, Italiyada Gasperini bilan ko‘rishib, yuzma-yuz suhbatlashishni maqsad qilganman. Hozir bizda chempionat tugagan va ta’til davri. Ehtimol, shu vaqt oralig‘ida Italiyaga borib u bilan ko‘rishib qaytarman.
- “Bunyodkor” klubidagi rejalaringiz qanday? Yangi mavsumda ham jamoada qolish istagingiz bormi?
- Rejalarga to‘xtaladigan bo‘lsam, “Paxtakor” bilan oxirgi uchrashuvda yaxshi natija qayd etgan holda ligada o‘rnimizni saqlab qolishdan umid qilgandim. Muhimi, bu vazifa uddalandi va “Bunyodkor” Superligadagi o‘rnini saqlay oldi. Bundan keyin ham klubda qolamanmi yo yo‘qmi, hammasi faqat menga bog‘liq emas. Bu vaziyatda rahbariyatning bir qarorga kelishi, bundan tashqari, oilaviy holat ham vaziyatga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Agar “Bunyodkor”da qolib faoliyatimni davom ettiradigan bo‘lsam, bu ishni bajonidil bajarishga tayyorman. Buning uchun rahbariyatning keyinchalik ham hamkorlikni davom ettirishga moyilligi asosiy rolni o‘ynaydi. Jamoada qolib ishlash faqat mening istak-xohishimga bog‘liq narsa emas.
- Tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Masalan, legionerlar qolishadimi yoki ular bilan xayrlashasizlarmi?
- Yuqorida aytganimdek, agar rahbariyat hamkorlikni davom ettirish yuzasidan taklif bilan chiqsa, birinchi navbatda murabbiylar shtabini shakllantiramiz va ish rejasini maslahatlashib olamiz. Tabiiyki, bunday jarayonda rahbariyat bilan klubda kimlarni olib qolish, kimlar bilan xayrlashish va tarkibga qaysi o‘yinchilarni jalb etishni maslahatlashamiz. Murabbiy uchun qo‘l ostidagi o‘yinchilardan ayrimlariga xayrlashish vaqti kelganini aytish juda og‘ir ishdir. Lekin kasbimiz taqozosi tufayli shunga ham majbur bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi. Agar o‘zimga qolsa, hozirgi tarkibdagi yigitlardan birortasi bilan xayrlashishni istamagan bo‘lardim. Lekin hozircha bu haqida gapirishga ancha erta. Hammasi oydinlashsa, ish rejasi ham o‘z-o‘zidan yuzaga chiqadi.
- Yangi mavsum uchun tayyorgarlik ishlari rejasi bilan o‘rtoqlasha olasizmi? Yig‘in qachon boshlanadi?
- Bunday og‘ir o‘tgan mavsumdan keyin klub o‘ziga kelib olishi darkor. Chunki nafaqat o‘yinchilarda, balki barchada ruhiy bosim yuqori darajada bo‘ldi. Og‘ir vazifani bajarish yo‘lida yigitlar jonlarini jabborga bergudek to‘p surdilar va ulardan minnatdor bo‘lmog‘imiz kerak. Amalga oshirgan ishlari bilan o‘yinchilarimiz har qanday maqtovga munosib. Ta’til chog‘ida ular ham endi yaxshilab dam olib, yangi mavsumga kuch yig‘ib olishsin.
- Siz uchun O‘zbekistondagi eng yaxshi murabbiylar uchligiga kimlar kiradi?
- Hamkasblarimning ishiga baho berish va o‘ziga xos uchlikni tanlash – bu men uchun ancha og‘ir. Agar shunday qilsam kimlarnidir ranjitib, kimlarnidir esa xursand etishim mumkin. Lekin men ko‘proq shogirdlarim haqida to‘xtalishni ma’qul ko‘raman. Boya aytganimdek, “Bunyodkor”ning ligada qolishi yo‘lida ular katta ko‘lamdagi ishni bajardilar. Menda katta taassurot qoldirgan o‘yinchilar – “So‘g‘diyona”dan Yovovich va Doriev, keyin bizning Asad Rahimjonov. Men Rahimjonovni klubimiz o‘yinchisi bo‘lgani uchungina tanlayotganim yo‘q. Unda katta potentsial mavjud. Shuningdek, “Dinamo”dagi Hojimirzaevni ham alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim. O‘zim sanab o‘tgan bu futbolchilar menga juda ham yoqishdi.
- Superliganing saviyasi haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Hayotimning katta qismini Italiyada o‘tkazganim bois Superliganing darajasi qanday ekanligi yuzasidan bir narsa deyishga qiynalaman. Superliganing darajasi ancha yuqoriligi men uchun syurpriz bo‘ldi, desam mubolag‘a qilmasam kerak. Ha, liganing darajasi ancha kuchli. Menga bu yoqdi. Chempionat yaxshi tashkil etilgan. Bu chempionat yaxshi shakllanishdan tashqari unda malakali mutaxassislar, qobiliyatli futbolchilar faoliyat yuritishyapti. Tizim ham yaxshi tomonga o‘zgarganligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Umuman aytganda, Superligadagi hamma narsa menga yoqdi. Ayniqsa, vodiydagi uchrashuvlar chog‘ida stadionlarga muxlislarning yog‘ilib kelishi juda ham yoqimli bo‘ldi. Namangan va Andijonda ishqibozlar o‘yinga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlay oladilar. Stadionlarga ko‘plab muxlislarning tashrifi esa klub ustozlari va futbolchilariga yoqadi, albatta. Bundan keyin ham Superliga doirasidagi o‘yinlarda ishtirokchi jamoalarning muxlislari stadionlarga ko‘pchilik bo‘lib tashrif buyurishlarida davom etishini istayman. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Superligasi menga yoqdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar