
Hamyurtimiz Zuhra Abdullaeva Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasida mas’ul vazifaga saylandi
Albaniyaning Tirana shahrida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining (IWF) navbatdagi Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotning yangi rahbariyati hamda tarkibiy qismlari shakllantirib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Saylov yakunlariga ko‘ra, shu paytgacha IWF Bosh kotibi lavozimida faoliyat olib borgan iroqlik Muhammad Jalud tashkilotning yangi prezidenti etib saylandi. Qayd etish joiz, ushbu mutaxassis IWF administratsiyasida 26 yillik, Bosh kotib lavozimida esa 5 yillik tajribaga ega.
Yana bir ahamiyatli tomoni, tarixda ilk bor Osiyo vakili Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi rahbari etib saylandi.
IWF rahbariyatining umumiy tarkibi quyidagicha ko‘rinish oldi:
Prezident: Muhammad Hasan Jalud Al Shammari (Iroq);
Birinchi vitse-prezident: Ursula Papandrea (AQSh);
Bosh kotib: Xose Karlos Keniones (Peru);
Vitse-prezidentlar: Pirros Dimas (Gretsiya), Pyotr Krol (Chexiya), Attila Adamfi (Vengriya), Doris Marrero (Venesuela).
Kongressda O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, Shahrullo Sharipovich Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti ham sanaladi.
Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu Kongressda hamyurtimiz Zuhra Abdullaeva IWF rivojlanish va ta’lim komissiyasi tarkibidan joy oldi. Ma’lumot uchun, ushbu tarkib Parij-2024 Olimpiadasi yakunigacha bo‘lgan muddatga saylandi.
Fikrlar