
Hasanboy Do‘smatovga menejeri qanday va’da bergandi?
Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov professional boksda ikkinchi jangini o‘tkazishi haqida xabar bergandik. Yurtdoshimiz 24 yanvar kuni Rossiyada mezbon bokschi Artyom Tkachenko (5-0, 3 KO) bilan to‘qnash keladi.
Biz ushbu jang oldidan Do‘smatovga tayyorgarlik jarayonlari borasida bir-ikki savol bilan murojaat qildik.
- Ma’lumki, professional boksdagi debyut jangingizdan so‘ng, anchagina tanaffus bo‘ldi. Qolaversa, koronavirus pandemiyasi tufayli, tayyorgarliklar ham ko‘ngildagidek bo‘lmagandir. Umuman olganda, jismoniy holatingiz qanday?
- To‘g‘ri, karantin tufayli barcha sportchilarda biroz to‘xtalish bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, biz mashg‘ulotlarni olib bordik. Barchasi joyida.
- Nega endi ikkinchi o‘ta engil vazn (52 kg) toifasida jang qilayapsiz? Bu vazn siz uchun qulaymi?
- Menga jang qilishim borasida 14 kun qolganda aytishdi. Shuning uchun sog‘liq nuqtai nazardan 5-6 kg vazn tashlashni xohlamadim. Chunki, tabiiy vaznim 55-56 kgda yuradi. Yakunda, 52 kg vazn toifasini tanladim.
- Bu raqibingiz Artyom Tkachenkoning vazn toifasi hisoblanadi. Shuning uchun sizga qiyinchilik tug‘ilishi mumkin?
- Tkachenkoning bir-ikkita jangini ko‘rdim. Professional ringda mendan tajribali hisoblanadi. U 5 ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qozongan. Shunday bo‘lsa ham, bu jangga tayyorman. Nasib qilsa, g‘alaba qozonib, barchani xursand qilamiz, degan umiddaman. Qisqa qilib aytganda o‘zimga ishonaman!
- Viza masalasida qanday yangiliklar bor?
- Yangi yildan keyin hal bo‘lib qolsa kerak. Menejerlarimiz ham yangi yildan AQShga borishimni va u erda mashg‘ulotlar olib borishimni aytdi.
- Menejeringiz Vadim Kornilov bilan shartnoma va umuman kelajagingiz borasida suhbatlashdingizmi?
- Albatta, bu borada ko‘p suhbatlashib turamiz. U 3 yoki 4-jangimda chempionlik tituli uchun ringga ko‘tarilishim borasida va’da bergan va bunga astoydil harakat qilishini aytgan.
- Bu jangingizda murabbiyingiz Ziyoyiddin Tayg‘onboev hamrohlik qiladimi?
- Albatta, ustoz yonimda bo‘ladi.
- Moslashish jarayoni ham muhim hisoblanadi. Demoqchimanki, Rossiyaga qachon yo‘l olmoqchisizlar?
- Hozircha chipta olingani yo‘q. Lekin 21 dekabrga mo‘ljallab turibmiz.
- Suhbat uchun rahmat va o‘z o‘rnida kutilayotgan jangingizda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
- Katta rahmat!
Hasanboy Do‘smatov navbatdagi jangini o‘tkazadi. Jang sanasi va raqib ham ma’lum
Davron Fayziev: "Sergey Kovalyov professional boksda "katta nom" hisoblanadi"
Xurshidbek Normatovning navbatdagi jang sanasi ma’lum bo‘ldi. Raqib jiddiy...
Fikrlar