"Hayotda kim tavakkal qilmasa, u yutmaydi" - ispaniyalik murabbiy "Metallurg"ning xaloskoriga aylanmoqchi yoxud Superliga darajasiga qanday baho berdi?

  • 11 noyabr, 2021, 16:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada jon saqlab qolish uchun yo‘lida kurashayotgan Bekobodning “Metallurg” klubi uchun ham hozirgi vaziyat qaltis bo‘lib turibdi. Aslida jamoaning xavfli hududga tushib qolishini ko‘pchilik kutmagandi. Ammo ko‘plab o‘yinlardagi mag‘lubiyatli seriyalar tufayli “Metallurg” hozirgi ahvolga tushib qoldi.

Tecno

Bosh murabbiy Jasur Abduraimov qoniqarsiz natijalardan keyin klubdan ketganini bilasiz. Uning o‘rnini egallagan ispaniyalik Luisma Ernandesning oldiga jamoani elitada saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan.

Yodingizda bo‘lsa, u aslida hamkorlikda tashkil etilgan “El Golazo” akademiyasida ish boshlagandi. Keyinchalik rahbariyat Ernandesni Abduraimovning o‘rniga taklif qildi. Afsuski, bekobodliklar hali mag‘lubiyatlar girdobidan qutulgani yo‘q. Klub oxirgi marta 15 sentyabr kuni safarda “Andijon” ustidan erishgan g‘alabasi haligacha yagona bo‘lib turibdi va qizig‘i bu ikkinchi davradagi birinchi va oxirgi muvaffiqiyatli o‘yini bo‘lib qolmoqda. "Metallurg"ning ispaniyalik bosh murabbiyi Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Janob Ernandes, sizni yurtimizga akademiyada ishlash uchun taklif qilishgandi. Keyinchalik "Metallurg" klubi bosh murabbiyiga aylandingiz. Bu taklif siz uchun kutilmaganda bo‘ldimi?

- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, rahbariyat mening akademiyada amalga oshirgan professional ishlarimni ko‘rib, menga asosiy jamoani ishonib topshirganidan o‘zimni baxtli his qilyapman. Qolaversa, bunday imkoniyatning menga taqdim etilgani biroz syurpriz ham bo‘ldi. Sababi, kutilmaganda asosiy jamoani menga ishonib topshirishlarini aytishdi. Katta jamoalarda ishlash tajribamga keladigan bo‘lsak, 2018 yildan 2020 yilgacha Janubiy Koreyaning “Tegu” futbol klubida o‘rinbosarlar jamoasida bosh murabbiy, keyin asosiy jamoada tahlilchi murabbiy sifatida faoliyat olib borganman. “Tegu” Janubiy Koreya kubogi g‘olibi va hozirgi kunda Osiyo Chempionlar ligasida ikki yildan beri o‘ynab kelyapti. Qolaversa, 2014 va 2016 yillarda ikki mavsum davomida Kuvayt premer-ligasidagi “Al-Yarmuk” klubining bosh murabbiyi sifatida ham ishlaganman.

luis5

- "Metallurg" hozir qiyin vaziyatda. Bu jamoani boshqarishingiz siz uchun katta tavakkalchilikmi?

- Darhaqiqat, klubning hozirgi holati yaxshi emas, qiyin ahvolda. Lekin hayotda inson qiyin qarorlarni qabul qilishi va shu bilan birga jasur bo‘lishi talab etiladi. Biz kuchni bir joyga yig‘ib, qattiq mehnat qilishimiz kerak. Hozirgi holatni o‘zgartirish uchun albatta kurashishimiz shart. Hayotda kim tavakkal qilmasa, u yutmaydi. Klub, Bekobod shahri va uning muxlislari - jamoa uchun kurashishga arziydi. Albatta, “Metallurg” Superligada qolishga loyiq jamoa.

luis4

- Klubni Superligada olib qolish asosiy vazifa. Yana ikkita tur qoldi. Imkoniyat qanday?

- Xuddi shunday bizni oldinda ikkita juda muhim tur o‘yinlari kutib turibdi. Hozircha chempionatda o‘zimizga bog‘liq holda yo‘limizda davom etyapmiz. Bu esa eng muhimidir. Xotirjamlik, to‘g‘ri ishlash orqali o‘yinlarni yutishimiz mumkin. Qolgan raqobatchilarimizga kelsak, ular ikki tur davomida o‘zaro to‘qnash keladi. Shu bois, har doim yaxshisiga umid qilishimiz kerak. Shu bilan birga o‘z o‘yinimizga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim.

- "Metallurg"dagi ichki muhit qanday? Futbolchilarning salohiyati qanaqa?

- Kundan-kunga ruhiy holatimiz yaxshilanib bormoqda. Jismoniy va taktik jihatdan qattiq mehnat qilishda davom etyapmiz. Ba’zi jamoalarda bo‘lgani kabi klubimizda ham jarohatlangan o‘yinchilar bor. Yoshi katta tajribali futbolchilar yordam bermoqda. Yoshlar esa o‘zining xohishi bilan mehnat qilyaptilar. Birgalikda yagona maqsadimiz sari kurashyapmiz. Yagona maqsad esa “Metallurg”ni Superligada olib qolish.

luis6

- Klub rahbariyati bilan kelishuv qanday bo‘lgan? Hammasi natijaga bog‘liqmi yoki nima bo‘lishidan qat’i nazar, kelasi yili ham "Metallurg"ni boshqarasizmi?

- “Metallurg”da uzoq vaqt qolish niyatidaman. Tomonlar bu hamkorlikdan manfaatdor. Hozirgi e’tiborimizni qolgan ikkita turdagi biz uchun finalga teng bo‘lgan o‘yinlarga qaratishimiz kerak. Mening barcha fikru-zikrim oldimizda turgan o‘yinlar bilan bog‘liq. Bundan tashqari, klub rahbariyati ham kelasi mavsum uchun tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Odatda bunday holatlarda ikki tomon ham rozi bo‘lsa, uzoq muddatli hamkorlik kelib chiqadi.

- O‘zbekiston chempionatining saviyasi sizga qanday ko‘rinyapti?

- To‘g‘risini aytsam, O‘zbekistonda futbol darajasi yomon emas. Bu erda futbolga qiziqish katta. Boshida akademiyaga kelgan paytimda asosan bolalar o‘rtasidagi o‘yinlarni kuzatdim. Bolalar futbolida iqtidorlilari ko‘p ekanligiga amin bo‘ldim. Bolalar futbolida yaxshi ishlab, u erdagi iqtidorlarni katta futbolga etkazib berish kerak. Chunki professional futbolchilarga ega bo‘lish uchun albatta bolalar futboliga jiddiy e’tibor qaratish darkor. Qolaversa, bir nechta Superliga va pro liga uchrashuvlarini stadiondan kuzatdim. Darajasi yomon emas. To‘g‘ri, ba’zi jihatlar bo‘yicha yaxshilash kerak. Bu erda har xil uslubda o‘yin ko‘rsatadigan jamoalarni ko‘rdim. Hamma o‘zining imkoniyatidan kelib chiqib o‘ynaydi. Superligada “Paxtakor”ni hisobga olmaganda, boshqa barcha jamoalar o‘rtasidagi darajaning tengligini ko‘rish mumkin. Superligada qolish uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasida keskinlik mavjudligi yaxshi belgini anglatadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!